Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:13

Mirziyoev murojaatlarga befarq rahbarlarni javobgarlikka tortadi


Ozodlikka chiqqan aktyor Matyoqub Matchonov o‘ziga ochilgan jinoiy ishga ilk bor izoh berdi. Andijon–Toshkent poezdini toshbo‘ron qilgan o‘quvchilar qo‘lga olindi. Qiziqchi Mirzabek Xolmedovning o‘limi haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Shavkat Mirziyoev: Fuqarolar murojaatiga befarq rahbarlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Mirziyoev mulozimlarni ogohlantirdi
Mirziyoev mulozimlarni ogohlantirdi

Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi lozim (“Xalq so‘zi”, 8 dekabr). Bu haqda O‘zbekistonning joriy yil 4 dekabr kuni saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoev Konstitutsiya bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ta’kidlagan. Qayd etilishicha, joriy yil 25 sentabr kuni tashkil etilgan Bosh vazir virtual qabulxonasiga shu paytga qadar fuqarolardan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 59 foizi echimini topgan bo‘lsa, 41 foizi ko‘rib chiqilmoqda. Davlat rahbariga ko‘ra, aslida murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolar joylardagi hokimlik va idoralarda o‘z vaqtida hal etilishi kerak edi. Shu bois u fuqarolar murojaatiga befarq rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish lozimligini uqtirgan.

Toshkent metrosi qurilishiga 295 million dollar ajratiladi

Toshkent metrosi qurilishi 2017-2020 yillarda davom ettirilib, buning uchun hukumat 295 million dollar mablag‘ ajratadi (“Oila davrasida”, 8 dekabr). Poytaxt yerosti transport tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida uzunligi 10 kilometr bo‘lgan 8 ta bekat qurish rejalashtirilgan. Jumladan, Sergeli tumaniga olib boruvchi yerusti metro 6 stansiyadan iborat bo‘ladi. Yunusobod yo‘nalishining ikkita bekatini qurish esa boshlab yuborilgan.

Farg‘onada nogiron ayoldan pora olgan hokimlik rasmiysi mahkamaga tortildi

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri hokimligi huquqshunosi poraxo‘rlikda ayblanib mahkamaga tortildi (“Huquq”, 8 dekabr). Ikki nabirasi bilan ijarada yashovchi shu tumanlik nogiron ayol hokimlik huquqshunosiga o‘zi istiqomat qilayotgan uyni nomiga rasmiylashtirib berishni so‘rab murojaat qilgan. Ismi oshkor etilmagan hokimlik rasmiysi uy orderini rasmiylashtirib berish evaziga nogiron ayoldan dastlab 500 ming so‘m olgan, so‘ng yana 1,5 million so‘m pora talab qilgan. Qayd etilishicha, u talab qilingan porani olayotgandan ushlangan. Sud hukmiga ko‘ra, poraxo‘r huquqshunosga jarima va axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Ozodlikka chiqqan aktyor Matyoqub Matchonov: “Men vaziyat qurboniga aylandim”

Matyoqub Matchonov
Matyoqub Matchonov

Yaqinda amnistiya aktiga muvofiq ozodlikka chiqqan aktyor Matyoqub Matchonov ilk bor matbuotga intervyu berdi (“Darakchi”, 8 dekabr). San’atdan bo‘sh vaqtida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan aktyor birovlarga ishonib, aldanib qolganini aytgan. “Ko‘ngilchan, ishonuvchanlik bilan pand yer ekanmiz. Men ham vaziyat qurboniga aylandim... To‘rt oy ichida o‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim, bu men uchun bir umrga tatigulik saboq bo‘ldi. Meni shu ko‘yga solganlarga esa aytar gapim yo‘q” degan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist M.Matchonov. Ayni paytda, u amnistiya bilan ozod etgani uchun mamlakat hukumatiga tashakkur bildirgan.

Yangidan ochilgan Andijon–Toshkent poezdiga tosh otgan bolalarning ota-onasi jazolandi

Poezdga tosh otma, bolakay!
Poezdga tosh otma, bolakay!

Joriy yil sentabrdan qatnay boshlagan Andijon–Toshkent poezdiga maktab o‘quvchilari tomonidan tosh otish holatlari qayd etilmoqda (“Postda”, 3 dekabr). Masalan, joriy yil 2 oktabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi 10 yoshli A.Tursunov va A.Qurbonov mazkur yo‘nalishdagi poezd oynasiga tosh otib sindirgan. Poezdni toshbo‘ron qilish holati O‘zbekiston, Qo‘shtepa, Oltiariq tumanlarida ham qayd etilgan. Mazkur holatlar yuzasidan bolalarning ota-onalariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra jarima solingan. Bundan tashqari, etkazilgan zararni ota-onalardan undirish bo‘yicha da’vo kiritilgan. Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi poezd vagonining bitta oynasi 5 million so‘mdan ortiq turadi. Xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyat xalq ta’lim boshqarmasi rahbari Z.Teshaboev o‘quvchilar tomonidan bunday salbiy harakatlar sodir etilmasligi uchun maktab dasturiga bu borada qo‘shimcha dars kiritish lozimligini aytgan.

Matbuot: O‘zgalar qo‘shig‘ini aytgandan ko‘ra ko‘lmakda baqa bo‘lib sayragan ma’qul

So‘nggi paytlarda ustoz hofizlar hamda mashhur xonandalarning qo‘shig‘ini yosh ijrochilar tomonidan o‘zbilarmonlik bilan kuylash holatlari ko‘paymoqda (“Hurriyat”, 7 dekabr). Qayd etilishicha, avvallari o‘zini hurmat qilgan professional xonandalar o‘zgalar qo‘shig‘ini ijro etishdan iymanar, ijro etganda ham qo‘shiq egasidan ijozat so‘rardi. Hozir esa unday emas. “Qo‘shiqlari buzib kuylanayotganidan zada bo‘lgan mashhur hofiz bir vaqtlar “O‘zgalar qo‘shig‘ini aytgandan ko‘ra ko‘lmakda baqa bo‘lib sayraganing ma’qul” degan edi. Shunday ekan, ustoz xonandalarimizning qo‘shiqlarini kuylashdan avval “maynandalar” bir o‘ylab ko‘rsalar foydadan xoli bo‘lmasdi” deb yozadi gazeta.

Qiziqchi Mirzabek Xolmedovning o‘limi haqidagi yolg‘on xabar ortidan janozaga odam yig‘ildi

"Hatto uyimgacha odamlar keldi"
"Hatto uyimgacha odamlar keldi"

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik taniqli qiziqchi Mirzabek Xolmedovning vafot etgani haqida mish-mish tarqaldi. Unda so‘z ustasi kutilmaganda yurak xurujidan kasalxonada hayotdan ko‘z yumgani aytiladi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, mazkur yolg‘on xabar ortidan qiziqchining uyiga janozaga deb odamlar kelgan. M.Xolmedovning o‘g‘li Ulug‘bek bu asossiz xabar ekanini ma’lum qilgan.Gazeta taxminiga ko‘ra, mazkur ovoza messenjerdagi foydalanuvchilarini ko‘paytirishni ko‘zlagan kimsalar tomonidan tarqatilgan.

XS
SM
MD
LG