Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:20

Jizzaxlik traktorchi: “Bolam sovuqdan qotsa ko‘zimga daraxt ko‘rinadimi?”


Jizzaxning Paxtakor tumanida hovlidagi so‘nggi daraxtlarni kesishmoqda
Jizzaxning Paxtakor tumanida hovlidagi so‘nggi daraxtlarni kesishmoqda

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l, Do‘stlik, Paxtakor singari cho‘l tumanlarida yashaydigan aholi gaz va elektr energiyasi yo‘qligi sabab, hovlilaridagi manzarali va mevali daraxtlarni kesishga majbur bo‘layotganini Ozodlikka aytdilar. Hovlisidagi daraxtlarni kesib tugatganlar esa Qizil kitobga kiritilgan cho‘ldagi yulg‘un daraxtlariga qiron keltiryapti.

Jizzax viloyati Paxtakor tumanining Navbahor QFYda yashaydigan Nurmat ismli haydovchining aytishicha, mahallalardagi daraxtlar yildan yilga siyraklashib boryapti:

“Bizning joylar yana yaydoq cho‘lga aylanib boryapti. Chunki odamlar o‘tin uchun yosh daraxtlarni ham kesib olishyapti. Men sizga rasm jo‘nataman. Ko‘ring. Bizning qishloqqa gaz berilmay qo‘ilganiga 5 yil bo‘ldi. Odamlar avval ko‘chalardagi, keyin hovlilaridagi daraxtlarni kesa boshladi. Chunki boshqa iloji yo‘q, ayniqsa ikki qavatli domlarda yashaydiganlar juda qiynalib ketdi. Bizning joylar sobiq ittifoq davrida guliston bo‘lgan edi, so‘nggi 25 yil ichida esa yana yaydoq cho‘lga aylanib qoldi”, dedi paxtakorlik Nurmat.

Jizzaxning Paxtakor tumanida hovlidagi so‘nggi daraxtlarni kesishmoqda
Jizzaxning Paxtakor tumanida hovlidagi so‘nggi daraxtlarni kesishmoqda

Mirzacho‘l tumanida yashaydigan traktorchi Haydar aka ham, tabiat xarob bo‘layotganidan kuyinishini aytadi:

- Sovxozlarning gaz trubalarini qirqib tashlaganiga ancha yillar bo‘ldi. Ko‘mir va’da qilgan hukumat va’dasini esidan chiqarib yuborgan. Xo‘sh, shunday holatda oddiy xalq nima qiladi? Bolangiz uyda qaqshab o‘tirsa, kasal bo‘lsa ko‘zingizga daraxt ko‘rinadimi? Odamlar dalalardagi tutlarni kesib tamom qildi, hisobi. Kechasi borib kesib kelishadi. Bizda jing‘il deydi, sizlar yulg‘un deysizlar. Hozir hamma shunga hujum qilgan. Qizil kitobga kirganini ham bilamiz, lekin boshqa chora yo‘q. Chunki g‘o‘zapoya olaylik desak, uning orasiga bug‘doy sepib tashlagan. Korchovka qilgani qo‘ymaydi. O‘rib olaylik desak, bug‘doyni bosib tashlaysizlar deb fermer ruxsat bermaydi, dedi Haydar aka.

Uning aytishicha, hukumat va’da qilgan suyultirilgan gaz ballonlari ham aholiga berilmay qo‘yilgan.

O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining ismi sir qolishini so‘ragan tuman bo‘limi rahbarlaridan biri bunday vaziyatdan yaxshi xabardor ekanligini aytar ekan, lekin amaliy chora ko‘rishga ularning qo‘li kaltaligini ta’kidladi:

“Biz ham nimalar bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Agar bizga biror daraxt ruxsatsiz kesilayotgani haqida xabar tushsa borib tekshiramiz. Agar jismoniy shaxs bo‘lsa ma’muriy jazoga tortamiz. Agar biror tashkilot shu ishni qilayotgan bo‘lsa hokimlikka xat yozib jo‘natamiz. Lekin, bilasiz, bizda hamma narsa hokimlarning qo‘lida, ular ekologlarning gapiga quloq ham solishmaydi. Bu yoqdan esa noyob daraxtlar, tuproq erroziyasini ushlab turadigan yulg‘inlar qirilib ketyapti. Aholining ham aybi bor, ham aybi yo‘q. Hech bo‘lmasa hukumat ko‘mir bilan ta’minlaganda ham bunchalik bo‘lmas edi. Bizning qo‘limiz kalta”, dedi ekologlardan biri.

“O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, miliy xolding shirkatining “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish “imkonini beradi”.

Lekin shunga qaramasdan, gaz taqchilligi muammosi o‘zbekistonliklar kundalik hayotining voqeligiga aylangan.

XS
SM
MD
LG