Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:40

O‘zbek olimi chorak asrdan buyon o‘z biologik farzandini qidirmoqda


Sobir To‘laganov
Sobir To‘laganov

O‘zbekistonlik fizika-matematika fanlari doktori Sobir To‘laganov chorak asrdan buyon o‘z biologik farzandini qidirmoqda. 73 yashar olim yaqinda amaliy yordam so‘rab bosh vazir qabulxonasiga ham murojaat qilgan. Biroq, hozirga qadar, o‘zbek olimining o‘z farzandini topish urinishlari hech qanday natija bergani yo‘q.

Toshkent Davlat universiteti Matematika fakulьteti sobiq o‘qituvchisi Sobir To‘laganovning Ozodlikka hikoya qilishicha, voqea 1987 yilning 20 martida Toshkent shahri sobiq Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumanidagi 3-tug‘ruqxonada boshlangan.

Sobir aka kenja farzandiga to‘lg‘og‘i tutgan ayoli Muqaddam To‘laganovani tug‘uruqxonaga olib boradi.

- Tug‘ilish jarayoni juda og‘ir kechgan. Farzand tug‘ilganda ayolim besh soat hushsiz yotgan. U ko‘zini ochganda yonidagi kushetkaga bir ayolni yotqizishadi. U ayol ko‘zi oson yoriydi. Ayolim, havasi kelib, u ayol bilan yotgan joyida suhbatlashadi. U ayolning ko‘rinishi bir umr xotirasida qoladi, - deydi Sobir To‘laganov.

Bir necha kun o‘tib er-xotin yangi tug‘ilgan qiz-chaqaloqni olib uyga qaytadi.

Yangi dunyoga kelgan kenja farzandga Malika deb nom qo‘yishadi.

Sobir To‘laganovning hikoya qilishicha, oradan "ikki-uch yil o‘tib", ayoli Malika ularga emas, balki u bilan ayni kunda farzand ko‘rgan palatadoshiga tobora o‘xshab borayotganini ishonch bilan gapira boshlaydi.

- Qizimiz ko‘zga ko‘rina boshlagan sari ayolim, qizimiz bizga o‘xshamayaptiyu, tug‘ruqxonada men bilan yonma-yon yotgan ayolga o‘xshab ketayapti, degan gapni takrorlay boshladi. Men uni yupatsam ham, o‘zimcha ichimda g‘ulg‘ula paydo bo‘lib, u ayolni qanday topishni o‘ylardim. Ko‘p harakatlar qildim. Ehtiyotsiz harakat qilsam, bir umrga uning izini yo‘qotishim mumkinligini his qilardim. Shuning uchun ochiq harakat qilmadim. Bu ancha davom etdi, - deb eslaydi Sobir To‘laganov.

Topish

Alaloqibat, oradan 13 yil o‘tib, 2000 yilda To‘laganov Olmazor tumanidagi 3-tug‘uruqxona arxiviga kirishga va u yerdan ayoli bilan bir kunda qiz farzand ko‘rgan ayol manzilini topishga muvaffaq bo‘ladi.

- U ayolni ko‘rganimda, uyiga borib ko‘rganimda, biz tarbiyalayotgan farzandimiz u ayolning biologik farzandi ekaniga mutlaqo ishonch hosil qildim. Chunki, hayotda juda o‘xshashlikni ifodalash uchun "ikki tomchiday bir-biriga o‘xshash" deyishadi, ana shunaqa holat edi, - deydi Sobir To‘laganov.

Ular bir kun so‘ngra uchrashishga kelishib oladilar.

- Ertasiga u ayol bilan uchrashishga ayolim bilan bordik. Uchrashishga borganimizdayoq u ayol: "-Farzandlarimiz almashib qolgan ekan-mi? - deb bizni qabul qildi. Ikkala oilamiz uchun ham yana bittadan farzand oshgan bo‘ladi, farzandlarga hozir aytmaymiz, kelgusida, kattaroq bo‘lganda, balog‘atga yetganda o‘ylab ko‘rarmiz, degan fikrni aytdik. Ma’qul bo‘ldi. Xursand bo‘ldi. "Biz qarindoshday bo‘lsak, yaxshi bo‘lardi," - degan gapni aytdi, - deb xotirlaydi Sobir To‘laganov.

Tonish

Ammo, keyingi uchrashuvda ayol va uning inisi Sobir To‘laganovning xotini va qizi Malikani "mutlaqo boshqacha" alfozda qarshi oladi.

- Ertasiga qizlarni olib, ayollarimiz uchrashishadigan bo‘lishdi. Mening ayolim qizim bilan bordi uchrashuvga. Lekin u ayol qizini olib kelmasdan ukasi bilan kelgan uchrashuvga. U eri va akasining bosimi ostida o‘z farzandidan tonishga qaror qilgan ekan. Ular o‘ylagan bo‘lsa kerak, gap so‘zga qolamiz.... Ularning to‘rtta qizi bor ekan... Ularni uzatishimiz kerak, gap-so‘zga qolamiz, degan fikrga borganmi, o‘z biologik farzandidan tonishga qaror qilgan, - deydi Sobir To‘laganov.

U "ayol farzandidan tonganidan keyin" prokuraturaga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytadi.

DNK

Sobir To‘laganovning iddao qilishicha, uning DNK tashxisini o‘tkazish talabiga Olmazor tuman prokurori "avval boshdan qarshilik" qilgan.

- Yangi prokuror tayinlangan ekan. U odam qabulida bo‘lganimda menga qattiq bosim o‘tkazdi, bu masalani ko‘tarmaslikni taklif qildi. Bu masalani ko‘tarsam, jazolashi mumkinligini ogohlantirdi, - deya hikoya qiladi Sobir To‘laganov.

Shunga qaramasdan, To‘laganov o‘z talabida qat’iy turib olgani va prokuratura DNK tashxisini o‘tkazishga majbur bo‘lganini aytadi.

DNK tashxisi so‘ngida "1987 yilda tug‘ilgan Malika To‘laganova Muqaddam To‘laganovadan dunyoga kelgani istisno etilmaydi", deya xulosa bildirilgan.

Biroq, Sobir To‘laganov Ozodlikka o‘z biologik farzandini topish urinishlarini "bir kun bo‘lsa ham, to‘xtatmadim," deydi.

Oqqon

Malika 18 yoshga to‘lganda oqqon kasaliga chalindi.

Shifokorlar uni Malikani saqlab qolishning yagona yo‘li uning suyak iligi almashtirish ekanini aytishadi.

2007 yilda To‘laganovlar oilasiga AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi "Grin Kard" yutug‘i chiqadi va oila uqyonus ortiga yo‘l oladi.

O‘zbek olimida yangi umid uchqunlari paydo bo‘lgandi.

2009 yilda yilda donor topiladi va ilik suyagi ko‘chirilib, Malikaga muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

AQShlik shifokorlar qizda saratonning qaytish ehtimoli yo‘qligini aytib, To‘laganovlar oilasini xotirjam qilishadi.

2014 yilda Malikani o‘zbek yigitiga turmushga berishadi.

Biroq, ko‘p o‘tmay kasallik qaytalaydi.

Malika 2015 yil may oyida vafot etadi.

Sobir To‘laganov Ozodlikka aziz farzandidan ajralganini o‘kinib so‘zlab berdi.

Umid

Yaqinda Sobir To‘laganov Qo‘shma Shtatlardan turib, biologik farzandini topishda yordam berishni so‘rab, O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga murojaat qildi.

Uning aytishicha, virtual qabulxonadan uning ishi O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga topshirilgani haqida javob kelgan.

Uzbekistan - document from Sobir Tulaganov
Uzbekistan - document from Sobir Tulaganov

73 yoshga to‘lgan o‘zbek olimi hamon o‘z biologik farzandini topish umidida yashayapti.

- Men har qanday inson o‘z biologik ota-onasini tanishi kerak, deb hisoblayman. Bunday imkoniyatni insonga bermaslik nohaqlik, deb bilaman. Qolaversa, ota-ona ham o‘z farzandini tanishi kerak. Men chorak asrdan beri shu masalani xayolimdan ketkazganim yo‘q. Men tarbiyalagan qiz bizning oilamiz uchun juda aziz edi. O‘z farzandlarimdan hech qanday farqi yo‘q edi, bir xil edi. Ammo, biologik farzandni tanish, biologik ota-onani tanish - bu farz, deb o‘ylayman. Qur’oni Karimda ham ikkita oyatida bu masala ko‘rilgan. Men o‘z biologik farzandimni topsam deyman. Harholda 73 yoshdaman oyoq-qo‘lni xotirjam uzatib ketsam deyman, deydi Sobir To‘laganov.

XS
SM
MD
LG