Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:48

Human Rights Watch Mirziyoevga islohtalab sohalarni eslatdi


Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyovni mamlakatdagi "inson huquqlari bilan bog‘liq abgor ahvolni yaxshilash yo‘lida aniq qadamlar qo‘yish"ga chaqirdi. Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan nufuzli tashkilot O‘zbekiston hukumati kelgusi besh yil ichida islohot o‘tkazishi zarur bo‘lgan muhim sohalarni birma-bir sanab o‘tdi.

Human Rights Watch sanab o‘tgan to‘qqizta sohaga siyosiy mahkumlarni ozod qilish va diniy erkinliklarga rioya qilishdan tortib BMT huquq sohalaridagi agentliklari bilan hamkorlik qilish kiradi.

Siyosiy mahkumlarni ozod etish: siyosiy vajlarga asoslangan ayblovlar bilan ushlab turilganlar, jumladan siyosiy faollar, huquqbonlar va jurnalistlarni "darhol va hech qanday shartlarsiz ozod etishni ta’minlash va ularga tinch faoliyatni davom ettirishga izn berish.​

BMT mas’ul idoralari bilan hamkorlik qilish: hukumatning xalqaro institutlar, xususan Birlashgan Millatlar inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorlik qilmaslikka qaratilgan siyosatini o‘zgartirish, BMTning inson huquqlari sohasidagi 14 nafar ekspertiga O‘zbekistonga safar qilishga izn berish.​

Qiynoqlarni tugatish: O‘zbekistonda keng tarqalgan qiynoqlar va tahqirlashlarni tugatishga qaratilgan chora-tadbirlarni olish va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga mamlakatda ishlashi va qamoqxona muassasalaridagi vaziyatni kuzatishga izn berish.​

Matbuotdagi cheklovlarni olib tashlash: haqiqiy matbuot erkinligini, jumladan qator veb saytlarga davomli cheklovlarni va jurnalistlarni ta’qib etishni to‘xtatish, mahalliy va xalqaro matbuot tashkilotlarga ro‘yxatdan o‘tishga izn berish va xorijiy jurnalistlarga akkreditatsiya berish.

Fuqaroviy jamiyatni erkinlashtirish: mustaqil guruhlar va faollarni ta’qib etishni to‘xtatish hamda mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga hukumat aralashuvisiz faoliyat yuritishga izn berish, jumladan, O‘zbekistonda faoliyati tugatilgan yoki faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tashkilotlarni qaytadan ro‘yxatga olish, xalqaro nodavlat tashkilotlari vakillariga viza va akreditatsiya berish.

Diniy erkinliklarni ta’minlash: O‘zbekistonning diniy erkinliklar sohasida olgan mas’uliyatlariga rioya qilish, jumladan "ekstremizm" ayblovlari bilan qamoqqa olingan dindorlarni ozod qilish hamda ibodat qilish va diniy ta’lim olishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish.

Jinsiy ozchiliklarga qarshi diskriminatsiya hollariga chek qo‘yish: o‘zaro kelishilgan jinsiy aloqalarga nisbatan jinoiy moddalarni olib tashlash va LGBT (jinsiy ozchiliklar) jamoatiga qarshi gomofobiya va tahqirlashlarni tugatish.

Majburiy mehnatni tugatish: paxta sektorida majburiy mehnatni tugatish, haqiqiy mustaqil monitoringga izn berish, mustaqil nohukumat tashkilotlarga paxta terimini baholashda ishtirok etishga izn berish, paxta sektorida hukumat siyosatini kuzatuvchi mustaqil faollarga bosimlarni to‘xtatish.​

Andijon qirg‘ini yuzasidan mustaqil tergovga izn berish: 2005 yil 13 mayda Andijondagi namoyishlar chog‘ida sodir etilgan o‘ldirishlar yuzasidan mustaqil, xalqaro tekshiruvlar o‘tkazish haqidagi ko‘plab hukumatlar tavsiyalarini tan olish, Andijon voqealari yuzasidan tanqidiy tekshiruv o‘tkazishga izn berish.

Shavkat Mirziyoev saylovoldi kampaniyasi chog‘ida hukumatning vatandoshlar o‘ngidagi mas’uliyatini oshirishga va’da bergan asosiy sohalar, jumladan iqtisodiyot va adliya tizimda islohot o‘tkazish zaruratini e’tirof etgandi.

Human Rights Watch o‘z maktubini Shavkat Mirziyoevga O‘zbekiston prezident saylovidan besh kun o‘tib yo‘lladi.

Unda "jiddiy cheklovlar va fundamental inson haqlarining ta’minlanmagani saylovlarni erkin va adolatli o‘tkazishga imkon bermagani" ta’kidlanadi.

Human Rights Watch maktub so‘ngida Shavkat Mirziyoevdan o‘z xodimlarini O‘zbekistonga safar qilishlariga izn berishni so‘radi.

(Ozodlik ushbu xabar tafsilotini o‘rganishda davom etmoqda)

XS
SM
MD
LG