Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:55

Mirziyoev hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash taklifini o‘rtaga tashladi


O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoev kelgusida hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasini ko‘tardi. Bu taklifni Mirziyoev 7 dekabr kuni O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlanib, Toshkentda o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida kiritdi.

“Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas’uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin”, dedi jumladan O‘zbekistonning saylangan prezidenti.

O‘zbekiston konstitutsiyasining 102-moddasida viloyat hokimlari va Toshkent shahri hokimi mamlakat prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinishi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Yana mazkur moddaga muvofiq, O‘zbekistondagi tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi, shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi, tumanlarga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Agar Shavkat Mirziyoevning hokimlarni bevosita xalq saylashiga oid taklifi jamoatchilik tomonidan dastaklangudek bo‘lsa, O‘zbekiston konstutitsiyasi moddalariga ayrim o‘zgartishlar kiritish lozim bo‘ladi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning saylangan prezidenti mamlakatda “davlat boshqaruvi tizimini bugungi va ertangi kun talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirish” zarurligini, “bu borada 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy boshqaruv sohasidagi islohotlar kontseptsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilayotgani”ni ta’kidladi.

“Ushbu konsepsiyaga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini, vazifa va vakolatlarini optimallashtirish, ularning o‘ziga xos bo‘lmagan, takrorlanadigan funksiyalarini hamda xodimlar umumiy sonini qisqartirish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi rolini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq tadbirlar amalga oshiriladi”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Saylangan prezidentga ko‘ra, davlat xizmati institutini isloh etish, davlat xizmatchilarining moddiy va ijtimoiy ta’minoti, ularning kasbiy tayyorgarligini tubdan takomillashtirish, bu sohaga yangicha fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar kadrlarni jalb etish bo‘yicha samarali tizim ham yaratiladi va bu masalalarning barchasi yaqinda ishlab chiqiladigan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topadi.

XS
SM
MD
LG