Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:51

Sayyohlik shirkatlari Mirziyoev farmonidan katta o‘zgarishlar kutmoqda


O‘zbekistondagi qator sayyohlik shirkatlari yangi saylangan prezidentning turizmni strategik sektorga aylantirgani, ayniqsa, 27 davlat vatandoshlariga vizaning bekor qilinishi hamda soliq imtiyozlari berilganidan mamnunligini bildirmoqda. Ayni paytda farmon ortidan bo‘ladigan tekshiruvlarga ham hozirlanayotgan shirkatlar yangi saylangan prezidentdan soha islohotini svet-gazni ta’minlash, konvertatsiyani ochish va yo‘l ta’miridan boshlashni taklif qilmoqda.

Turizm strategik sektorga aylanadi

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev 2 dekabr kuni imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda turizm sohasini mamlakat iqtisodining strategik sektoriga aylantirish nazarda tutilgan.

Farmonda 15 davlat fuqarolariga butunlay, 12 davlatning esa 55 va undan yuqori yoshdagi fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilish, bundan tashqari, 4 va 5 yulduzli mehmonxona, motel qurgan tadbirkorlarni 5 yilga soliqlardan ozod qilish, sohadagi sub’ektlarga valyuta tushumlarini davlat majburiy sotishni bekor qilish kabi yengilliklar ko‘zda tutilgan.

Ozodlik gaplashgan Toshkent, Samarqand va Buxorodagi qator sayyohlik shirkatlari katta daromad manbai bo‘lgani holda yillar davomida kichik kirim bilan ishlagani, va nihoyat, hozirga kelib hukumat e’tiboriga tushganidan mamnunligini bildirdi.

"O‘zbekturizm" - nazorat qiluvchi emas, boshqaruvchi bo‘ladi"

Prezidentning yangi farmoniga umid qilib turgan sayyohlik shirkatlari, ayni paytda, yuqori turuvchi organ - "O‘zbekturizm" milliy shirkatining davlat qo‘mitasiga aylantirilishidan ham umidi katta ekanini aytmoqdalar.​

Ushbu shirkatning hududiy bo‘limlaridan birida ishlaydigan mulozim muqaddam bu organning ko‘proq nazorat qiluvchi idora bo‘lganini urg‘uladi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimning aytishicha, shirkatning asosiy ishi - mamlakatga kelayotgan sayyohlarning vizasi, ularga xizmat ko‘rsatadigan shirkatlarning hujjatlari va faoliyatini nazorat qilishdan iborat bo‘lgan:

"Bundan bu yog‘iga qo‘mitaga aylansa, nazorat qiluvchi emas, shu sohani boshqaruvchi organga aylanadi, deb umid qilayapmiz. Uzoq kutilgan qaror. Hali 4 yulduzli va 5 yulduzli mehmonxonalar soliqlardan ozod qilindi. Xullas, sayyohlik sohasida o‘zgarishlar ko‘p", dedi "O‘zbekturizm" shirkati hududiy bo‘linmalaridan birining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.​

"O‘zbekturizm" milliy kampaniyasi rahbariyati a’zosi esa shu kunlarda shirkatni davlat qo‘mitasiga aylantirish jarayoniga hozirlik boshlanganini aytarkan, tez orada bu jarayonga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim qilishni va’da qildi.

Mulozim Ozodlik muxbiri bilan telefonsiz qisqa suhbatda shirkat qo‘mitaga aylantirilgach, davlat organiga aylanishini urg‘ulab o‘tdi.

"Vizaning bekor qilinishi sayyohlarni oshiradi"

Aksar shirkatlar dunyoning 27 davlati vatandoshlari uchun viza tartibining bekor qilinganiga oid xabarni eshitib xursand bo‘lgani, sekin-asta sayyohlar oqimini oshirishini kutayotganini aytmoqda.

Jumladan, Samarqanddagi sayyohlik shirkatlaridan birining rahbari hozir mamlakatga keladigan sayyohlar soni juda ozligini aytadi:

"Sayyohlik oqimi aslida katta emas bizda. Bizni agentlik, masalan, bir hafta-o‘n kun ichida ko‘pi bilan 10-12 kishigacha sayyoh olib keladi. Buning ustiga, yevropalik sayyohlar shusiz ham oson viza olishadi. Ularga turoperatorlarning o‘zi viza olib beradi. Vizasiz kelishi, albatta, yaxshi. Ammo, menimcha, birinchi bo‘lib infrastrukturani yaxshilash kerak", dedi Samarqanddagi sayyohlik shirkati rahbari.

"Infrastrukturani yaxshilash kerak"

Samarqandlik turagent bu borada o‘z takliflarini ilgari surdi:

"Birinchi bo‘lib, O‘zbekistonga aviachiptalarni arzon qilish kerak. Klientlarimiz "O‘zbekiston havo yo‘llari"da chipta qimmat, deb nolishadi. Ikkinchidan, mamlakatning ichidagi qatnovni yaxshilash kerak. Masalan, "Afrosiyob" poezdiga bilet etishmayapti turistlar uchun. Keyin Buxoro, Samarqand - qadimiy shaharlar-a? Lekin, bu shahardagi katta yo‘ldan qayrilishingiz bilan yo‘llar rasvo. Eng muhimi - svet bilan gaz yo‘q. Tushunyapsizmi, ahvolimizni?! Fransiyadan kelgan turist mehmonxonaga boradi, u erda svet yo‘q, masalan", deydi samarqandlik turagent.

Sohaga hukumat e’tiborini zoriqib kutgan turoperator aslida keyingi yillarda noyabr oyidan sayyohlik oqimi qariyb to‘xtashi, viloyatdagi o‘zi kabi kichik shirkatlar bir yilda qariyb 5 oy kirimsiz ishlashini qo‘shimcha qildi.

"Turoperatorlardan hujjat so‘ralmoqda"

6 dekabr kuni e’lon qilingan farmon ortidan boshlanadigan islohotlarning ilk bo‘g‘ini ham, aftidan, sayyohlik shirkatlari bo‘lmoqda.

Farmonda 2017 yilning 1 yanvaridan mamlakatda mavjud barcha sayyohlik shirkatlarini standartlashtirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu farmon ortidan Ozodlik gaplashgan Toshkent, Samarqand va Buxorodagi qator sayyohlik shirkatlari shu yilning 31 dekabriga qadar faoliyat ko‘rsatish uchun berilgan litsenziya va sertifikatga oid hujjatlarni hozirlab, tegishli tashkilotlarga topshirish so‘ralayotganini aytmoqda.

Jumladan, poytaxtdagi yirik sayyohlik shirkatlaridan birining ismini oshkor qilmayotganimiz rahbari:​ "31 dekabrgacha hamma hujjatlarni tayyorlab, "O‘zbekturizm"ga topshiringlar, degan ko‘rsatma bo‘ldi. Hozircha yangi farmondan keyin boshlangan asosiy o‘zgarish shu bizga", dedi.

O‘zbekistondagi turizm sektori yillar davomida iqtisodiyotning eng bo‘g‘ilgan sohalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu sohadan keladigan daromad yalpi ichki mahsulotning qancha qismini tashkil qilishi haqida aniq rasmiy ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG