Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:02

Qirg‘izistonning tashqi qarzi xavfli ko‘rsatkichga yaqinlashdi


Qirg‘izistonning tashqi qarzi 4 milliard dollarga yaqinlab, yalpi ichki mahsulotning 70 foizi darajasiga yetib qolgani xalqaro moliya tuzilmalarini tashvishga solmoqda. Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, tashqi qarz mamlakat yalpi ichki mahsulotining 70 foizi darajasiga yetishi ortidan milliy xavfsizlik tahdid ostida qoladi. Biroq Qirg‘iziston rasmiylari tashqi qarz miqdorining o‘sib borayotganidan havotirda emas.

Qirg‘iziston Moliya vazirligining bildirishicha, 2016 yil holatiga ko‘ra, mamlakatning tashqi qarzi 3 milliard 764 million dollarni tashkil qiladi. Bu qarzning 1 milliard dollari so‘nggi 6 yilda olingan.

Moliya vazirligi so‘nggi olti yilda olingan 1 milliard dollar qarzning asosiy qismi 2010 yildagi O‘sh voqealari paytida yondirib yuborilgan uylarni qayta tiklashga ketganini bildirmoqda. Qarzning qolgan qismi esa turli sohalarni rivojlantirishga sarflangan.

-Tashqi qarzning 24 foizi energetika tarmog‘iga, 24-28 foizi yo‘l qurilishi va infrastrukturani rivojlantirishga, 20 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflangan. Bundan tashqari byudjet kamomadini yopish uchun ham qarzlar olingan, -deb bildirdi Moliya vazirligining qarzlar boshqarmasi boshlig‘i Baqit Sidiqov.

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi Qirg‘iziston tashqi qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 70 foiziga yaqinlab qolganidan tashvish bildirib kelmoqda. Xalqaro me’yorlarga muvofiq, mamlakat tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan oshib ketsa, milliy xavfsizlikka tahdid paydo bo‘ladi.

Halqaro valyuta jamg‘armasining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi rahbari Eduard Jemayel shundan kelib chiqqan holda qirg‘iz hukumatini yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishga chaqirdi.

-Tashqi qarz so‘nggi 2-3 yil ichida ancha ko‘payib ketdi. Masalan, 2014 yilda tashqi qarz yalpi ichki mahsulotning 43-44 foiziga teng edi. Hozir esa 70 foiziga yaqinlab qoldi.Bu o‘ta havotirli ko‘rsatkichdir. Shuning uchun biz qirg‘iz hukumatini soliqlarni ozaytirishdan voz kechishga, byudjet kamomadini kamaytirishga va yalpi ichki mahsulot hajmini zudlikda oshirish bo‘yicha choralarni ishlab chiqishga chaqirmoqdamiz, -dedi Eduard Jemayel.

Biroq Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev jurnalistlarga bergan intervyusida tashqi qarzning ko‘payib ketishidan qo‘rmaslik kerakligini, aksincha, zarur bo‘lsa yana qarz olish lozimligini ta’kidladi:

-To‘g‘ri, Qirg‘izistonning tashqi qarzi 3 milliard 700 million dollar. Olti million aholisi bor Qirg‘izistonning qarzi shuncha. 16 million aholisi bor Qozog‘istonning tashqi qarzi 160 milliard dollarni tashkil qiladi. Menimcha, biz yana qarz olishdan qochmasligimiz kerak. Barcha olingan qarzlarni yo‘llarni qurishga va energetika sohasiga sarflayapmiz. Biz qarz olishdan qo‘rqmasligimiz lozim, -deb bildirdi Almazbek Atambaev.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘iziston Xitoydan 1 milliard 336 million, Rossiyadan 300 million, Yaponiyadan 243 million, Germaniyadan 100 million, Turkiyadan 97 million dollar qarzdor. Bundan tashqari Qirg‘iziston Jahon bankiga 1 milliard 11 million dollar, Osiyo taraqqiyot bankiga 969 million dollar, Xalqaro valyuta jamg‘armasiga 494 million dollar qarz to‘lashi lozim.

XS
SM
MD
LG