Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:27

Oshi-palov YuNESKO madaniy meroslar ro‘yxatiga tojik taomi sifatida kiritildi


Palov Markaziy Osiyoda dasturxon sultoni o‘laroq qadrlanadi
Palov Markaziy Osiyoda dasturxon sultoni o‘laroq qadrlanadi

Markaziy Osiyo xalqlarining aksariyati uchun an’anaviy taom hisoblangan oshi-palov BMT madaniyat idorasi - YuNESKO tomonidan “nomoddiy madaniy meroslar” tamsiliy ro‘yxatiga kiritildi.
Bu haqdagi qaror YuNESKOning “Nomoddiy madaniy merosni asrash” bo‘yicha 1 dekabr kuni Efiopiyada o‘tkazilgan yig‘ilishida qabul qilindi.

YuNESKO rasmiy sahifasida yozilishicha¸ tojik palovi “nomoddiy madaniy meros” tamsiliy ro‘yxatiga bu yil kiritilgan 12 qadriyatdan biri bo‘lgan.

Shu tariqa joriy haftada YuNESKO nomoddiy merosi 366 qadriyatdan tarkib topdi.

Bu ro‘yxatdagi tojik palovi (Oshi-palov) “Tojikiston ijtimoiy-madaniy kontekstidagi an’anaviy taom” sifatida qayd qilindi.

“Oshi-palov (palov) Tojikistonning an’anaviy taomidir. Bu yemak mamlakat madaniy merosining bir qismi. Uni Tojikistonda “taomlar qiroli” deb atashadi. Bu emak guruch¸ go‘sht va ziravorlardan tayyorlanadi. Tojikistonda oshi-palovning 200 xili bor¸” deyiladi YuNESKO qarorida.

Joriy yil aprel oyida Tojikiston hukumati YuNESKOga murojaat qilib¸ tojik palovini moddiy bo‘lmagan madaniy meros qadriyati sifatida e’tirof qilishni rasman so‘ragan edi.

Taniqli folklorshunos olim Dilshod Rahimiyga ko‘ra¸ palov jamiyatdagi barcha ijtimoiy tabaqalarni birlashtiradigan mushtarak yemakdir:

- Dasturxon shohi¸ deya madh qilinadigan bu taom boyning ham¸ kambag‘alning ham uyida birdek pishadi. Tojikistonda bu ovqatning 200 dan ortiq turi mavjud. "Oshi go'shti murg‘", "palavi toki", "oshi devzira" va "oshi yak ba yak” “oshi bedona”, “oshi kenja”, “oshi kabki” va qo‘y dumbasi solib damlanadigan “oshi dumba” palovi shular jumlasidandir. Shu bilan birga Tojikistonda “Oltin kapkir” degan osh tanlovi hukumat homiyligida muntazam o‘tkaziladi. Oshi–palov nafaqat tojiklar¸ balki umumbashar e’tirof qilsa arziydigan qadriyatdir¸ deydi olim Ozodlik bilan suhbatda.

Qaynatilgan guruch qanday qilib dasturxon sultoniga aylandi

Folklorshunos olim Dilshod Rahimiyga ko‘ra¸ palov kalimasi etimologiyasi forsiydagi “polov” yoki sanskrit tilidagi “pilaf” so‘zlariga borib taqaladi. "Pilaf so‘zining lug‘aviy ma’nosi – qaynatilgan guruch degan ma’noni anglatadi"¸ deydi olim.

Vikipediya ma’lumotiga ko‘ra¸ palov Yaqin Sharq va Hindistonda eramizdan oldingi 2-asrda paydo bo‘lgan qadimiy ovqatdir.

Zarchava va shafron solib pishirilgan palov haqida o‘zbek tiliga Abdulla Qahhor tarjima qilgan “Ming bir kecha” ertaklari kitobida yoziladi.

Bir dastuxon atrofida turli elatlar

Palov Markaziy Osiyodagi barcha xalqlar dasturxonidan o‘rin olgan emak sifatida ko‘riladi. Palov turlari esa¸ chorak asr oldin mustaqil bo‘lgan davlatlarga xoslik bilan emas¸ balki mintaqa va shaharlar tabiati va haët tarzi bilan farqlanadi.

Markaziy Osiyo roviylari repertuarida Amir Temurning xotini Bibi Xonim madrasa qurayotgan ustalardan birini palov bilan siylagani haqidagi afsona mavjud.

Shveytsariyalik yozuvchi ayol Ella Mailart (Ella Maillart)ning “Turkistonning yolg‘iz qo‘shig‘i” (“Turkestan Solo”) asarida 1930 yili Toshkent bozorlarida qozonni zambilg‘altakka yuklab palov sotayotganlar fotosi bor.

1930 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoroga qilgan safarnomasi o‘laroq yozilgan bu asarda Toshkent bozorlarida sotilaëtgan eng xaridorgir yegulik arpa uniga yopilgan non va palov ekani ta’kidlanadi.

1977 yili O‘zbekistonda antropolog olim Karim Mahmudovning “O‘zbek taomlari” kitobi chop qilindi.

Kitobda palov o‘zbek yemagi sifatida tasniflanadi va bu ovqatning o‘nlab turini pishirish yo‘l-yo‘riqlari keltiriladi.

Bu kitobda yozilishicha ¸1941 yilda o‘zbek palovi konserva qilinib ikkinchi jahon urushi jangohlaridagi sovet askarlariga yetkazilgan.

Shu kunlarda Rossiyaning Kaliningrad viloyatidagi xususiy shirkat “o‘zbek palovi” degan brend ostida konserva chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Rossiyada o‘tgan "Palovga sig‘inish" marafoni
Rossiyada o‘tgan "Palovga sig‘inish" marafoni

Shu kunlarda O‘zbekistonning katta shaharlaridan o‘ndan ortiq palov markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Toshkentda xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida “PilafFest" - milliy osh festivali poytaxt hayotidagi asosiy madaniy tadbirlardan biri sifatida ko‘riladi.

Ozodlikka O‘zbekiston oshpazlari assotsiatsiyasi prezidenti Akbar Umarovning ma’lum qilishicha¸ o‘zbek palovini "Ginnes rekordlar kitobi"ga kiritish tadbiri samarasiz yakun topgan.

2013 yilda birvarakayiga 4 tonnayu 700 kilolik osh damlab Ginnes kitobiga kirish g‘oyasi amalga oshmay qoldi¸ deydi Umarov Ozodlik bilan suhbatda.

Palov bilan bog‘liq o‘zbekcha madaniyat ham e’tirof qilindi

YuNESKOning “Nomoddiy madaniy merosni asrash” bo‘yicha 1 dekabr kuni Efiopiyada o‘tkazilgan yig‘ilishida¸ nomoddiy meros ro‘yxatining 366 - qadriyati sifatida palov bilan bog‘liq o‘zbek madaniyati ham e’tirof qilindi.

YuNESKO o‘zbek palovi bilan bog‘liq rituallarni qadriyat deya e’lon qilar ekan¸ “mehmon palov emasdan turib¸ mezbon uyini tark etmaslik” kabi odatga e’tibor qaratadi. Palovning dastuxonga qanday qo‘yilishi¸ taom yeyish tavozelari va oshpazlar o‘rtasidagi usta-shogird an’analari ham YuNESKO tarafidan qadriyat deya e’tirof qilinadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston xalq og‘zaki ijodidagi “askiya” janri ham YuNESKOning nomoddiy meros ro‘yxatiga kiritilgaan edi.

XS
SM
MD
LG