Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:03

Turkmanistonda hibsga olingan Ozodlik muxbiri qiynoqqa solinganidan xavotir bor


Asli o‘zbekistonlik Xudoyberdi Allashov o‘tgan asrning 90-yillarida Turkmanistonga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan
Asli o‘zbekistonlik Xudoyberdi Allashov o‘tgan asrning 90-yillarida Turkmanistonga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan

Turkmanistonda Ozodlik Radiosi muxbiri Xudoyberdi Allashov Dashog‘uz viloyati Koneurgench tumanida politsiya tomonidan hibsga olindi. Yaqinlariga ko‘ra, nosvoy saqlaganlikda ayblanayotgan juranalist politsiya tomonidan elektr toki bilan qiynoqqa solingan.

O‘tgan shanba kuni kechqurun politsiya 27 yoshli Xudoyberdi Allashov uyiga bostirib kirib, u bilan birgalikda onasi va turmush o‘rtog‘ini ham olib ketgan.

“3 dekabr kuni kechqurun bir guruh politsiya xodimlari Xudoyberdining uyiga bostirib kirib, uni nosvoy saqlaganlikda ayblashdi va musodara qilish jarayonini videoga olishdi. Shundan so‘ng uni politsiya bo‘limiga olib ketishdi”, deya so‘zlab berdi hodisa guvohlaridan biri.

Ozodlik turkman xizmatiga ma’lum bo‘lishicha, jurnalistning turmush o‘rtog‘i Ejesh Arazqilicheva yakshanba kuni kechasi qo‘yib yuborilgan, lekin oradan bir necha soat o‘tib qayta hibsga olingan. Dushanba kunning ikkinchi yarmida Arazqilicheva yana qo‘yib yuborlgan. Ozodlik turkman xizmati manbalariga ko‘ra, politsiya xodimlari undan hech kim bilan gaplashmaslikni talab qilishgan.

Hozirda jurnalist va uning onasi Qurbontoj Arazmetova hibsda qolishmoqda va huquq-tartibot idoralari ularning taqdiriga oid tafsilotlarni ochiqlamayotir.

Ozodlik turkman xizmati bilan gaplashgan ikki manbaga ko‘ra, jurnalist so‘roq davomida politsiya tomonidan qiynoqqa solingan. Manbalardan biriga ko‘ra, Allashovni 11 kilogramm nosvoy saqlaganlik aybini tan olishga majburlash maqsadida elektr toki bilan qiynashgan. Uni politsiya mahkamasida ko‘rgan ikkinchi manba esa, jurnalist kaltaklanganidan yuzlari yorilgan, hatto boshini ko‘tara olmaydigan holga kelib qolgangani gapirib berdi.

Asli o‘zbekistonlik, o‘tgan asrning 90-yillarida Turkmanistonga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan Xudoyberdi Allashov Ozodlik turkman xizmati bilan shu yilning oktabr boshidan beri hamkorlik qila boshladi. Mekan Tashliev tahallusi ostida ishlagan jurnalist, asosan, Dashog‘uz viloyatidagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolar, majburiy mehnat, ish haqlarining kechiktirilayotgani, oziq-ovqat taqchilligi haqidagi reportajlarni yuborgan.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi perizidenti Tomas Kent Ozodlik muxbirlarining bosim ostiga olinganini keskin qoralashi va buning uchun turkman hukumati mas’ul ekanini bayon qildi.

"Mazkur ayblovlar Turkman xizmatini jim bo‘lishga majbur qilish va turkman xalqini qo‘rqitishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi, deb hisoblaymiz. Keyingi 1,5 yil davomida Turkmanistondagi muxbirlarimizni hibsga olishdi, tashqi dunyodan izolyatsiya qilishdi, kaltaklashdi, so‘roqqa tutishdi, hech bir asossiz, o‘zboshimchalik bilan qamoqqa tashlashdi va hatto, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, qiynoqqa solishdi, deyishga asosimiz bor. Buning uchun Turkmaniston rasmiylari mas’ul, deb hisoblaymiz", dedi Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi prezidenti Tomas Kent.

Xudoyberdi Allashovning Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosidagi hamkasblari jurnalistning hibsga olinishi va unga qyo‘ilgan ayblovlar bevosita uning professional faoliyati bilan bog‘liqligiga shubha qilishmaydi.

Keyingi oylar davomida Turkmanistonda Ozodlik muxbirlari bosimga, jumladan jismoniy hujum va taxdidlarga uchramoqda.
Ozodlikning Ashxoboddagi muxbiri 67 yoshli Sulton Ochilova o‘tgan bir oy davomida, jurnalistik faoliyatini amalga oshirayotgan paytda, uch marta noma’lum shaxslar tarafidan kaltaklanib ketdi va fotoaparati tortib olindi.

Ozodlik turkman xizmatining Lebap viloyatidagi muxbiri Rovshen Yazmamedov bir necha marta xavfsizik idoralariga chaqirtirilib, so‘roqqa tutilda va undan Ozodlik bilan hamkorlikni to‘xtatish talab qilindi. Aks holda 2013 yilda chiqarilgan shartli qamoq jazosi real qamoq muddatiga aylantirilishidan ogohlantirildi.
2015 yilning iyulida Ozodlik muxbiri 37 yashar Saparmamad Nepesquliev hibsga olinib, taqiqlangan dori vositalarini saqlaganlik aybi bilan uch yilga qamoqqa hukm etildi. Uning hozirda qaerda saqlanayotgani va taqdiriga oid boshqa tafsilotlar noaniq qolmoqda.

2006 yilda hibsga olingan Ozodlik muxbiri tergov izolyatorida xalok bo‘lgan edi. Uning o‘limi sabablari hamon aniqlangani yo‘q.

XS
SM
MD
LG