Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:42

Mahalla oqsoqoli: “Ketmonovni hamqishloqlarimiz qo‘llashmadi”


O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Hotamjon Ketmonovning tug‘ilgan joyi – Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi saylovchilarning aksariyati o‘z ovozlarini hamshahariga emas, balki Shavkat Mirziyoevga berganini Ozodlik manbalari aytdilar. Mahalla oqsoqollari ham, aksariyat vatandoshlar o‘z hamyurtlarini saylovda qo‘llamaganini gapirmoqda.

Prezidentlikka nomzod Hotamjon Ketmonovning ona yurti Andijon viloyatining Baliqchi tumanida bu galgi prezidentlik saylovi juda ham ko‘tarinki ruhda o‘tganini Ozodlik tinglovchilari aytdilar.

Ozodlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, saylovchilarning asosiy qismi Baliqchi tumanida tug‘ilgan Hotamjon Ketmonovga emas, balki Bosh vazirga ovoz berishgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan baliqchilik davlat xizmatchilaridan biri ham o‘z ovozini Bosh vazirga berganini aytadi:

- Ertalab soat yettida bordim, Shavkat Mirziyoevni saylab keldim. Ketmonov ham kuchli odam, lekin Shavkat Mirziyoev marhum prezidentimizdan qolgan muammolarni zudlik bilan hal etishga kirishdi. Qanchadan-qancha nohaqliklar virtual qabulxonaga yozilgan arizadan keyin ochilyaptida. Shuning uchun men suhbatlashgan juda ko‘p odamlar Bosh vazirimizga ovoz berganini aytdilar, dedi davlat xizmatchisi.

Baliqchi tumanining Polvonko‘l mahallasida istiqomat qiladigan,saylov komissiyasi a’zosi bo‘lgan o‘qituvchilardan biri ham Ketmonovga ovoz bermaganini aytadi:

“Saylov yaxshi o‘tayapti. Men saylov uchastkasida ishlayapman. Aytarli xamma Mirziyoevga ovoz beryapti. Chunki Ketmonov o‘zimizdan chiqqan kadr bo‘lgan taqdirda ham Mirziyoev saylanishi barchaga ma’lum. Odamlar har qachongidan ko‘p. Mirziyoev O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar qilishiga umid bor. Ketmonovni esa qo‘g‘irchoq ekanligini hamma biladi. Bu avvalgi saylovlarda sinab ko‘rilgan polittexnologiya”, dedi saylov tashkilotchilaridan biri.

Baliqchi tumanining Xalfachek qishlog‘ida istiqomat qiladigan Azizbek ismli ustaning aytishicha, u oilasi bilan Mirziyoevga ovoz bergan:

- Ketmonov baliqchilik bo‘lsa ham, hamshahrimiz bo‘lsa ham negadir ovozimizni Mirziyoevga bergimiz keldi. Oilaviy shunday qaror qildik, dedi usta Azizbek.

Baliqchiliklarning aytishlaricha, Hotamjon Ketmonov Olimbek qishlog‘ida tug‘ilib, shu yerdagi maktabni o‘qib tugatgan.

Olimbek qishlog‘i mahallalaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan oqsoqoli ham ozodlik bilan suhbatda ko‘pchilik Shavkat Mirziyoevga ovoz berayotganini aytdi:

“Bizda saylov zo‘r bo‘lyapti. Hozircha Bosh vazir oldinda ketyapti”, dedi mahalla oqsoqollaridan biri.

XDPdan nomzod Hotamjon Ketmonovning xorijdagi mehnat muhojirlaridan ham tarafdorlari bor.

Qozog‘istondagi mehnat muhojirlaridan birining yozishicha, Ketmonov nomzodlar ichida eng ideali bo‘lgan:

“Biz hozir Qozog‘istondamiz. Shu sababli saylovda qatnasha olmadik. Lekin umid qilamizki, Hotamjon Ketmonov yutib chiqadi. U Andijonda ishlaganida xalqqa juda katta foydasi tekkan edi. Juda aqlli va qattiqqo‘l odam. Nomzodlar ichida eng ideali, menimcha. Lekin umidimiz oqlanmasligiga ishonchimiz komil. Chunki, baribir, Mirziyoev prezident bo‘ladi”, deb yozadi mehnat muhojirlaridan biri.

XS
SM
MD
LG