Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:57

Saylov arafasida O‘zbekiston qishloqlarida chiroq o‘chmayapti


Har kuni judayam cheklangan miqdorda elektr energiyasi olib turgan O‘zbekistonning aksariyat qishloqlarida ikki kundan buyon chiroq o‘chmayapti. Elektr idorasi mulozimlari yuqoridan kelgan buyruqqa ko‘ra chiroqni o‘chirmayotganliklarini aytmoqdalar.

O‘zbekiston prezidentligiga o‘tkaziladigan saylov arafasida Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonliklar ikki-uch kundan buyon kechalari chiroq o‘chmay, yayrab qolganliklarini aytmoqdalar.

Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiladigan pensioner Yo‘ldosh Sharipovning aytishicha, ularda uch kundan buyon elektr ta’minotida uzilish bo‘lgani yo‘q:

“Bir-ikki kun bo‘ldi, svet yaxshi bo‘lib qoldi. O‘chmayapti. Bu saylovning marhamati, zora saylovdan keyin ham shunday bo‘lib qolsa”, dedi Yo‘ldosh Sharipov.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida istiqomat qiluvchi pensioner Xolmurod hoji ham uch kundan buyon chiroq o‘chmayotganini aytadi:

“Mana bizda ham uch kundan buyon hamma yoq guliston. Svet o‘chmayapti. Berib tursa bo‘lar ekanku. Menimcha bu yerda muammo ana shu elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi yoqilg‘ining ozligida bo‘lsa kerak”, dedi Xolmurod hoji.

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida istiqomat qiluvchi o‘qituvchi Abdumalik fikricha, odamlar saylov tashviqotlarini tunda yaxshi o‘qib, saylovga tayyorlanishi uchun chiroq o‘chirilmayapti:

“Bizda ham saylovni tartib va qoidalarini yaxshi bilsin, nomzodlarni yaxshi tanib olsin deyaptimi, ishqilib ikki-uch kundan beri o‘chirmayapti. To‘g‘rida, svet bo‘lmasa, radio, televizor eshitmasak, ko‘rmasak, qaerdan bilamiz kimni saylash kerakligini? Lekin, saylov o‘tib bo‘lganidan so‘ng eski tos va eski hammomga qaytmasligimizga kafolat yo‘q”, dedi Abdumalik.

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida istiqomat qiluvchi 90 yashar Angor boboning so‘zlariga ko‘ra, ularda elektr energiyasi ta’minoti birmuncha yaxshi bo‘lgan:

“Bizda saylov arafasida ertalabgacha svet beryapti. Keyin yarim soat o‘chayapti. Har saylovda o‘zi shunday bo‘ladi. Ana ko‘rasiz, odamlarni saylovga chiqartirib, eshaklari loydan o‘tib olganidan so‘ng, yana eski holiga qaytadi. Yana o‘chirishni boshlashadi”, dedi Angor bobo.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlaridagi manbalar ham saylov arafasida elektr energiyasi ancha yaxshi bo‘lib qolganini aytdilar.

O‘zbekistonliklar nega saylov arafasida beriladigan elektr energiyasining boshqa kunlarda berilmayotganidan taajjubda ekanliklarini aytadilar.

Ismi sir qolishini so‘ragan tuman elektr ta’minoti idorasida ishlaydigan mutaxassislardan birining aytishicha, buning ikkita sababi bor:

“Birinchidan, mening taxmin qilishimcha, shu kunlari mamlakatdagi barcha issiqlik elektr stansiyalari butun quvvat bilan ishga solinadi va buning uchun yetarlicha ko‘mir va mazut ajratiladi. Albatta, bu elektr energiyasi har bir tumanga kirganidan keyin u hisoblagichda qayd etiladi va uning pulini to‘lash kerak. Ammo, shu paytgacha aholining va tashkilotlarning qarzi juda katta bo‘lib qolyapti. Svetni biz yuqorining buyrug‘i bilan o‘chiramiz. Bu, ikkinchi sababdir. Lekin, tan olish kerak, aholining to‘lash quvvati qolmagan. Men o‘zim qishloqlarda yuraman va odamlarning qanday yashayotganini bilaman. Fermerda ishlayotgan ishchilar maosh olmasa, qaerdan pul topib to‘lasin?”, deydi mutaxassis.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev saylovoldi dasturida qishloq joylarda elektr ta’minotini yaxshilashga va’da bergan.

Mirziyoevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat elektr tarmoqlarining 67 foizi eskirgan va yangilanishga muhtoj. Shundan kelib chiqqan holda 25 ming kilometrli kichik kuchlanishdagi elektr liniyalarini barpo etish va 5,5 mingta eskirgan transformatorli podstansiyalarni yangilash lozim bo‘ladi.

Bugungi kunda kuz- qish mavsumida O‘zbekistonda elektr energiyasi taqchilligi kuzatiladi. Ozodlik manbalarining aytishicha, qish mavsumida ko‘pgina tumanlarda elektr quvvati kuniga ikki-uch soat berilgan holatlar ham qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG