Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:32

O‘shda VIChga chalingan yoshlarga o‘zlariga mos qizlarga uylanish tavsiya qilinyapti


O‘shda VICh infeksiyasi bilan tug‘ilgan bolalarga 10 yil o‘tib kasalligi to‘g‘risida ma’lumot berila boshlandi. Biroq balog‘at yoshiga etgan bolalarning umr yo‘ldoshi tanlashi va bu turmushning oqibatlari mutaxassislarni tashvishlantirmoqda. Ayni paytda Qirg‘izistonda VIChga chalinganlar soni yil sayin o‘sayotgani kuzatilyapti.

O‘shlik ota-onalarning aytishlaricha, ular o‘n yillar davomida VICh infeksiyasi bilan tug‘ilgan bolalarining bemor ekanligi haqida ularga gapirish juda ham og‘ir bo‘lgan.

Shu sababli O‘shdagi OITSga qarshi kurash markazida VICh infeksiyasi bor bolalar bilan psixologlar ishlay boshladi. Shifokor Nurjan Jo‘ldoshova, shu paytgacha O‘sh viloyati bo‘yicha bu illatga chalingan bolalarning 60 foiziga kasalligi haqida aytilganini ma’lum qildi.

- Biz bolalarning yoshini, dunyoqarashini hisobga olgan holda VICh to‘g‘risida o‘zlariga ma’lumot berayapmiz. Masalan, "bu virus odam organizmida yuradi, suyuqlikda yashaydi, sen doimo dori ichasan” deb tushuntiryapmiz. Bolalarning ko‘pchiligi yosh bo‘lgani uchun ularga jinsiy munosabat to‘g‘risida ozroq ma’lumot berayapmiz. O‘sh shahri va viloyati bo‘yicha VIChga chalingan bolalarning 60 foiziga o‘z statusi aytildi, -deydi Jo‘ldoshova.

Eslatib o‘tamiz, 2007 yili Novqat tuman kasalxonasida shifokorlar aybi bilan VICh infeksiyasini ommaviy tarzda yuqtirish hodisasi sodir bo‘lgan edi. Natijada 9 bola va 2 nafar katta odam bu dardga chalingan. Ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 2008 yilda 9 nafar meditsina xodimi javobgarlikka tortilgan. Keyinchalik ular amnistiyaga tushgan va 3 yildan 5 yilgacha shartli ravishda qamoq jazosiga hukm qilingan.

VICh bilan tug‘ilgan bolalar kasalligi to‘g‘risidagi ma’lumotni qanday qabul qilgani, bundan keyin qanday ishlar qilishi hozircha noma’lum.

Hozirda balog‘at yoshiga yetgan bolalarning oila qurish masalasi ham paydo bo‘ldi. Shifokorlar kasallik yoyilishining oldini olish uchun VICh infeksiyali yoshlarni o‘zlari kabi odamlar bilan turmush qurishni tavsiya bermoqda:

- VICh bilan tug‘ilgan bolalarning eng oldi 18ga chiqib qoldi. Hozir oliygohlarda o‘qiyotganlari ham bor. Ularning ba’zilari turmush qurishni rejalamoqda. 18 yoshga to‘lgan, VICh illatli qizlar ham bor. Shu sababli bunday variantni taklif qilayapmiz. Biroq, buni ularning o‘zlari hal qiladi. Ularning barchasini birlashtiradigan tadbirlarni uyushtirmadik. Biroq telefon raqamlarini bir-birlariga berib, aloqa o‘rnatishlariga harakat qilayapmiz, deydi shifokorlardan biri.

Ayni paytda O‘sh viloyati va shahrida VIChga chalinganlar soni ortgani ham ma’lum bo‘ldi. O‘shdagi OITSga qarshi kurash markazi rasmiysi Sabir Tashbolotov hozir kasallik asosan jinsiy yo‘l orqali yuqayotganini aytadi.

- Migratsiya ko‘p bo‘layapti. Avvaliga giyoxvand modda qo‘llanuvchilar orasida kasallikni igna orqali yuqtirish ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, endi jinsiy yo‘l orqali yuqtirish hollari ko‘paydi. Masalan, so‘nggi ma’lumotlar bo‘yicha, kasallik 56 foiz jinsiy yo‘l orqali, 39 foiz igna orqali, 6 foiz onadan bolaga yuqqan, dedi Tashbolotov.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘sh viloyatida 1253 odam, O‘sh shahrida 1002 odam VIChga chalingani aniqlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilning o‘tgan 10 oyida O‘sh viloyatidan 86 odam, O‘sh shahridan 49 odam bu infektsiyani yuqtirgan.

XS
SM
MD
LG