Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:48

“Vaqtincha” Mirziyoevning saylovgacha 88 kuni


O‘zbekiston prezidentligiga saylov bo‘ladigan 4 dekabr kuni mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish vakolati Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga topshirilganiga 88 kun to‘ladi.

4 dekabrdan boshlab O‘zbekiston deb atalgan yurt¸ o‘zbekistonliklar deb ataluvchi 32 million odam hayotidagi keyingi muddati noma’lum davr Shavkat Mirziyoev davri sifatida o‘z muqaddimasini boshlaydi.

Maqolamizda Shavkat Mirziyoevning prezidentligiga daxliz bo‘lgan 2016 yilning 8 sentabridan to 4 dekabrgacha bo‘lgan vaqtincha prezidentlik muddatini taxlil qilib yangi prezidentning extimoliy ertasi uchun qanday poydevor qo‘yilganligini tushunishga harakat qilamiz.

88 kunni bir nechta jumlaga jo qilganimizda konstitutsiya tashqarisida prezidentlik vazifasini bajaruvchi lavozimini egallagan g‘ayratli rahbarning tadbirkorlarga qayishgan va aholi uchun "yuqoriga" shikoyat qilish imkoni berganini yozish mumkin.

Muddatini o‘tagan ikki siyosiy faolning qamoqdan ozod qilinishi¸ mintaqadagi qo‘shnilar o‘rtasidagi taranglikning susaygani ham muvaqqat prezidentlikning 88 kuni hosilasi sifatida ko‘riladi.

Mirziyoevning qamchi va popukqand siyosati

Muvaqqat prezident maqomiga o‘tirganidan uch-to‘rt kun o‘tib Shavkat Mirziyoev mulozimlarni ishdan olish va Karimov davrida ishdan ketkazilgan rahbarlarni o‘rniga qaytarishni boshladi.

18 sentabr kuni O‘zbekiston muvaqqat prezidenti va Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shomansur Ahmedov va ushbu tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Saidakbar Po‘latovni ishdan bo‘shatdi. Shuningdek, Mirziyoev mazkur tuman prokurori Timur Normuhammedov bilan tuman davlat soliq inspektsiyasi rahbari Abdurauf Karimovga jiddiy ogohlantirish berdi.

Umuman 88 kun mobaynida 22 ta vazir va idoralar rahbarlari, Toshkent viloyati, Jizzax, Qarshi va Termiz shaharlari hamda 21 ta tuman hokimi lavozimlaridan ozod etildi.

Ayni paytda Karimov davrida ishdan haydalgan mulozimlar yuqori lavozimlarga tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 13 sentabrda imzolagan farmon bilan Abdulla Nig‘matovich Aripov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tasdiqlandi.

Bosh vazirning yangi o‘rinbosari 2012 yili aynan shu lavozimdan, telekommunikatsiya sohasidagi koruptsiya janjali ortidan, ishdan olingan edi.

Buning barobarida “Karimov davrida istalmagan shaxs maqomiga tushirilgan” va so‘nggi 20 yilda rasmiy matbuotda nomi tilga olinmagan mamlakatning sobiq rahbarlari rasmiy telekanallarida paydo bo‘ldi.

"Yoshlar" telekanalining Bosh vazir va prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli filmida O‘zbekistonning sobiq vitse-prezidenti, marhum Shukrullo Mirsaidov, Oliy Kengashning sobiq raisi Shavkat Yo‘ldoshev, O‘zbekistonning birinchi Bosh vaziri Abduhoshim Mutalov va 1990-1994 yillarda faoliyat ko‘rsatgan nisbatan mustaqil parlament deputatlarini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistonning Moskvada yashayotgan Islom Karimovdan oldingi rahbari Rafiq Nishonov ham Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay, Toshkentdga kelib ketgani habar qilindi. Taniqli qo‘shiqchi Sherali Jo‘raevning so‘nggi 25 yil davomida ilk bor hukumat tadbiriga taklif qilinishi¸ Karimov davrida tazyiqqa uchragan haykaltarosh Ilxom Jabborovga ijodiy sharoit yaratilishi ham Mirziyoev tashabbusi sifatida ko‘riladi.

Tadbirkorlarga yengillik

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 5 oktabrda tadbirkorlik faoliyatining qo‘llashga qaratilgan Farmonni imzoladi.

5 oktabrda imzolangan 12 banddan iborat Farmonda tadbirkorlarlikni rivojlantirish va ularga erkinlik berishning uch yo‘nalishi qayd etilgan:

1.Kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga hukumat organlari aralashuvini bartaraf etish;

2.Tadbirkorlar huquqlarini mustahkamlash va himoyalashni kuchaytirish;

3.Samarasiz, eskirgan va bozor mehanizmalari o‘rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan zamonaviy talablarga javob bera oladigan normativ hujjatlarni ishlab chiqish.

Bu maqsadlarga erishish maqsadida Farmonda bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil dekabridagi "Ulgurji va chakana savdo to‘g‘risida"gi 407- qaroriga 2016 yilning 15 sentabrida o‘zgartirish kiritilib yoymachi savdogarlarga kassa apparatsiz savdo qilishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, Astanadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi olim Saparboy Jubaevning Ozodlikka aytishicha Shavkat Mirziyoev imzolagan mazkur Farmon tadbirkorlar “Uzoq kutgan yengillikni” bergan.

Ikki nafar siyosiy mahbus ozod qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 2016 yil 29 oktabr kuni AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha uchrashuvda siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasi ko‘tarilgan.

Bu uchrashuvdan uch hafta o‘tib 24 yildan beri tutqunlikda qolaëtgan Samandar Qo‘qonov 24 noyabr kuni ozodlikka chiqarildi.

Bundan oldin O‘zbekistonlik huquq faoli, 63 yashar Bobomurod Razzoqov uch yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqarilgan edi.

O‘zbekistonlik publitsist Sharof Ubaydullaev Ozodlik bilan suhbatda bu ikki siyosiy mahbus mamlakat muvaqqat rahbari Shavkat Mirziyovning marhamati bilan saylov arafasi ozod etilganiga ishonishini aytdi.

Ikki nafar siyosiy mahbusning ozod etilganligini AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi olqishlab bayonot chiqardi:

"Biz, shuningdek, 2016 yil oktabr oyida inson huquqlari faoli va “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati bo‘limi rahbari Bobomurod Razzoqovning ozodlikka chiqqanini olqishlaymiz. Biz janob Qo‘qonov hamda janob Razzoqovning ozod etilishiga ijobiy qadamlar deb qaraymiz va O‘zbekiston hukumatini mahbuslarni kelgusida ham ozod etish uchun davomiy ravishda amnistiya qo‘llashga chaqiramiz", deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston qamoqxonalarida siyosiy va kasbiy faoliyati uchun jazolangan qator muxolifat faollari va jurnalistlar qolmoqda.

Ular orasida Muhammad Bekjon¸ Yusuf Ro‘zimurodov¸ Solijon Abdurahmonov, A’zam Farmonov, Dilmurod Saidov, A’zam Turg‘unov kabi jurnalist va huquq himoyachilari shular jumlasidandir.

Mintaqadagi qo‘shnilar va Turkiya bilan munosabatlarda “muz erishi” boshlandi

Islom Karimov olamdan o‘tgach uning o‘rniga kelgan vaqtinchalik prezident Shavkat Mirziyoev tashqi siyosatda Karimov davrida deyarli muzlab qolgan aloqalarni jonlantirishga kirishdi

O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni Qirg‘iziston Bosh vaziri etib tayinlanishi munosabati bilan Bishkekka jo‘natgan tabrik maktubida ikki davlat chegarasini aniqlash jarayonini konstruktiv ruhda o‘tkazish muhim ekanini ta’kidladi. O‘tgan oy O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi shu paytgacha sovuq munosabatlar eriy boshlaganiga oid habarlar chiqdi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar 2017 yilning yanvar oyidan qayta tiklanadi. Bu boradagi kelishuvni 30 noyabr kuni O‘zbekiston va Tojikiston delegatsiyalari Dushanbe shahrida imzolashdi.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, yozuvchi va inson huquqlari faoli Kreyg Myurrey (Craig Murray) Amerika Ovozi muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston muvaqqat rahbarining qo‘shnilar bilan munosabatdagi taranglikni yumshatganini ijobiy baholadi:

-Men shaxsan bunga ishonmasamda. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni ijobiy deb qabul qilaman. Ayniqsa, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan. So‘nggi yillarda bu mamlakatlar bilan suv va chegara yuzasidan ko‘p tortishuvlar bo‘lib, muammo to‘planib borayotgan edi. Uning vafotidan so‘ng endi mintaqaviy aloqalarni yaxshilashga imkon tug‘ildi. Mirziyoev tashqi aloqalarni yaxshilab, o‘tmishda bo‘rttirilgan muammolarni ko‘ngliga yaqin olmayotgani ijobiy holatdir. Mintaqaviy hamkorlik kuchayishiga umid bormi dedi Kreyg Myurrey.

Qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi muzlar eriëtgani aytilaëttgan bir paytda¸ O‘zbekiston-Turkiya munosbatlarida jonlanish kuzatildi.

17 noyabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on O‘zbekiston muvaqqat prezidenti, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev bilan Samarqandda uchrashdi.

Bu Turkiya prezidentining o‘tgan 16 yil badalida O‘zbekistonga qilgan ilk safari bo‘ldi.

Bu ikki turkiyzabon davlat o‘rtasidagi munosabatlar 90-yillar boshlarigacha faol bo‘lgani eslanadi.

Ammo prezident Islom Karimov siyosiy muxoliflari Turkiyadan boshpana topib, rasmiy Anqara ularni ortga qaytarishdan voz kecharkan, bu aloqalar ham soviy boshladi.

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on O‘zbekistonda
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on O‘zbekistonda

23 noyabr kuni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev Toshkent shahar saylovchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida Turkiya bilan munosabatlarda yangi sahifa ochilaëtganligini ta’kidlagan.

Rossiyaga yaqinlashish ishoratlari

Islom Karimov vafotidan so‘ng O‘zbekistonning yangi muvaqqat rahbari tashqi siyosatda ko‘proq Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlashga intilayotgani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi 3-qo‘mitasida Qrimdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni qoralovchi hamda Rossiyani yarim orolga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergani¸ mamlakat tashqi siyosatida Rossiyaga og‘ish sifatida ko‘rildi.

O‘zbekiston iqtisodiy hayotida Rossiya tadbirkorlari ishtiroki faollashganiga oid habarlar chiqdi.

Vladimir Putin va Shavkat Mirziëev
Vladimir Putin va Shavkat Mirziëev

Rossiyaning “Lukoyl” shirkati Toshkentda o‘zining birinchi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasini qurishga kirishdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekistonda “Lukoyl” brendi ostidagi avtozapravkalar tarmog‘i vujudga kelishi mumkin.

Ozodlikning mamlakat boshqaruv idoralariga yaqin manbasining aytishicha o‘tgan oy O‘zbekiston hukumati mamlakatga zaruriy dori- darmonlarni yetkazib berishni so‘rab Rossiya hukumatiga murojaat qilgan.

Bundan oldinroq Rossiyaning Rostselьmash shirkati Chirchiq qishloq xo‘jalik texnikalari zavodi bilan kelishuv imzolagan edi.

Diniy ekstremizmga qarshi “kurash” va so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarishsiz qoldi

Muvaqqat prezident lavozimining 88 kunida O‘zbekiston hududiga turist sifatida kirgan ikki xorijiy jurnalist mamlakatdan badarg‘a qilindi.

O‘zbekistonda diniy motivlar bilan qamalganlar oilalari ustidan nazorat kuchaytirildi.

Shavkat Mirziyoevning oktabr oyida e’lon qilgan dasturida dinni rasmiy Toshkent nazaridan boshqacha talqin qilganlarga qarshi kurash davom etishi ta’kidlanadi.

“Biz muqaddas dinimizni noto‘g‘ri talqin etayotgan va uni niqob qilib, bizni orqaga, o‘rta asrlar hayotiga qaytarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi keskin kurashib keldik va bundan keyin ham qat’iy kurash olib boramiz” deya ta’kidlagan Mirziyoev “mamlakat suvereniteti va mustaqilligiga raxna solishga urinadigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga qarshi keskin zarba berishga qodir” ekanligini urg‘uladi.

Muvaqqatdan manguga aylanish rituali

2016 yilning 4 dekabr kungi saylovda liberal-demokratlar nomzodi Shavkat Mirziyoev saylovda qatnashgan uch siyosiy partiya nomzaodlaridan anchayin ko‘p ovoz olib O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi kutilmoqda.

Bu 88 kunlik siyosiy ma’rakaga so‘ng so‘z¸ kelajakdagi faoliyatga so‘z boshi bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG