Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:54

Samarqandda MXX hibsga olgan tadbirkor oilasi Mirziyoevdan umid qilmoqda


Samarqand markazidagi muhrlangan Almaz Plaza restorani
Samarqand markazidagi muhrlangan Almaz Plaza restorani

Samarqandlik 45 yashar tadbirkor Sherzod Burhonovning yaqinlari uning 3 oydan buyon viloyat Milliy xavfsizlik boshqarmasi hibsxonasida "soxta ayblov" bilan saqlanayotganidan shikoyat qildi. Yaqinlari Bosh vazirning virtual qabulxonasiga qilingan murojaatlar ham natija bermayotganini aytmoqda. Ozodlikning aniqlashicha, qora niqoblilar bosqinida hibsga olingan tadbirkorga firibgarlik, mansab soxtakorligi, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish aybi qo‘yilgan va ish sudga oshirilgan.

Samarqand shahri markazidagi ikki yirik restoran - Almaz va Almaz Plaza restoranlari egasi bo‘lgan mahalliy tadbirkor Sherzod Burhonovning yaqinlari uning 3 oy muqaddam "kuch bilan ish joyidan olib ketilgani" va shundan buyon u haqda hech bir ma’lumot berilmayotganini iddao qilmoqda.

Ozodlik manbasining xabar qilishicha, qora niqoblilar bosqinida hibsga olingan tadbirkor Samarqand viloyati Milliy xavfsizlik boshqarmasiga olib ketilgan.

2 dekabr kuni Ozodlikning Samarqand viloyat hokimligidagi manbasi aniqlashicha, MXX hibsxonasida saqlanayotgan Sherzod Burhonov ustidan tergov hozirda yakunlangan va ish sudga oshirilgan:

"3 ta modda qo‘yilgan. 167, 209, 243-moddalar bo‘yicha firibgarlik, mansabni suiste’mol qilish, noqonuniy daromadni qonuniylashtirish. Ishi sudga oshgan. Viloyat IIB va MXX shug‘ullandi bu ish bilan", dedi ismi sir saqlanayotgan Ozodlik manbasi.

Tadbirkorga qarashli restoranlar shu kunda muhrlangan, uning uyida esa bir necha bor tintuv o‘tkazilgan.

Ammo, yaqinlari va tadbirkorning do‘sti ekanini aytgan samarqandlik manba ayblovlarni buyurtma, deb da’vo qilmoqda. Bundan tashqari, qo‘lga olish chog‘ida ham Burhonovning huquqlari buzilgani, hibsga olinganidan buyon yaqinlariga ko‘rsatilmayotgani iddao qilindi:

"Yaqinlari rosa yugurdi, viloyatdagi tashkilotlarning hammasiga kirib chiqishdi. Natija bo‘lmadi. Mirziyoevning virtual qabulxonasiga ham yozishdi. Javob yo‘q. Shahardagi eng old restoranlar uniki edi. "Oltin qasr" deyishadi odamlar. Shuni undan olib qo‘yish maqsadida soxta ayblov qilishgan. Istagan kishi kelib, so‘rasin, odamlar aytadi, Sherzodning qanaqa tadbirkor ekanini!" deydi tadbirkor bilan bir mahallada o‘sganini aytgan, ammo ismini sir saqlagan samarqandlik.

Ozodlik tadbirkorning oilasi bilan ham bog‘landi. Tabdirkorning muxbir bilan mikrofonsiz gaplashgan onasi o‘g‘lini ko‘rsatishlarini so‘rab, poytaxtdagi kuch ishlatar tuzilmalari idoralariga borgani, ammo natija bo‘lmaganini aytdi.

Shu tariqa, 3 oydan buyon hibsda qolayotgan mahalliy tadbirkorga qo‘yilgan moddalar - 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-modda (mansab soxtakorligi), 243-modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalarda 3 yildan 10 yilga qadar qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Ozodlik bu shikoyat ortidan Samarqand shahar hokimligi va boshqa mutasaddi idoralarga murojaat qildi, ammo javob olishga muvaffaq bo‘lmadi.

O‘zbekiston hukumatining rasmiy portali - www.gov.uz da ochilgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasi sentabr oyi o‘rtalarida ishga tushgan. Portalda shu kungacha jami 233 mingdan ortiq shikoyat tushgani, ularning 154 mingga yaqini ko‘rib chiqilgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG