Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:06

Barcha partiyadan faollar Mirziyoev targ‘iboti bilan shug‘ullanmoqda


Xalq Demokratik partiyasi va Milliy tiklanish partiyasining Farg‘ona va Jizzax viloyat bo‘limi faollari o‘z partiyasi nomzodlari qolib Shavkat Mirziyoev nomzodi targ‘iboti bilan shug‘ullanayotgani kuzatildi. Bu haqda Toshkent va Farg‘onadagi Ozodlik manbalari ma’lum qildi. Ularga ko‘ra¸ XDP va Milliy Tiklanish faollari uyma-uy yurib prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning saylov oldi dasturi yozilgan buklet va kompakt disklarini tarqatmoqda. Ozodlik bunday xolatlar respublikaning boshqa tumanlarida ham mavjudligini aniqladi.

Toshkentning Qoratosh mahallasida yashovchi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Xalq Demokratik partiyasi Toshkent shahar bo‘limi faollari Shavkat Mirziyoevning saylov oldi dasturi yozilgan buklet va kompakt disklarini berib ketishgan:

- Men ularni XDP faoli sifatida tanirdim. Rassom bo‘lganim uchun o‘sha odam yordamida XDP ofisini bezab bergan edim. U kishi Shavkat Mirziyoev plakatlari¸brashyura va kompakt disklarni menga berib¸ shularni mahallaga tarqatishimni iltimos qildi. Men undan nega bir partiyada turib boshqa partiyani reklama qilayapsan desam¸ maqsadimiz birku axir dedi. Men baribir buni tushunmadim¸ deydi manba.

Ozodlik bu habar ortidan XDP ning Toshkent shahar saylov shtabi bilan bog‘landi. Saylov shtabidagi o‘zini tanishtirmagan mulozim o‘z faollarining ishxonasidan shunday topshiriq olganini aytdi:

- Bularni bizdan tashqari ishlaydigan ishxonalari bor. O‘sha joydagi rahbarlari tarqat deb iltimos qilgan bo‘lsa tarqatgan. Buni muammoli joyi yo‘q¸ deydi aslida Hatam Ketmonovni targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan mulozim.

Ozodlikning Farg‘ona viloyatidagi manbasi esa Milliy Tiklanish partiyasi faollarining tumanma-tuman yurib Shavkat Mirziyoevga ovoz berish targ‘ibotini olib borayotganligini aytadi:

- Milliy tiklanish partiyasi saylov shtabida ishlaydigan o‘qituvchi ayol bizni tumanga kelib Shavkat Mirziyoevga ovoz beringlar deb podarkalar tarqatdi. Oldin u ayol boshqa bir yig‘ilishda Sarvar Otamurodovga ovoz beringlar deb yurgan edi. Men u ayolni oldiga borib siz Milliy tiklanish a’zosimiz desam ha dedi. Unda nega boshqa nomzodni targ‘ib qilayapsiz desam tepadan shunday buyruq bo‘lganini aytdi¸ deya ta’kidlaydi manba.

Ozodlikning Farg‘ona viloyat hokimligidagi yana bir manbasi bu holatni tasdiqlab¸ maxsus saylov avtobuslari tumanlarda tushuntirish ishlariga jalb qilingani ta’kidladi:

- Tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Rahbarimiz Shavkat Miromonovichning siyosatini tushuntiryapmiz. Tushuntirish ishlariga o‘qituvchilar¸ vrach va ziyolilar jalb qilingan. Ularning orasida turli partiya vakillari bor. Ammo maqsadimiz bir¸ deydi manba.

Mirziyoev o‘sib ulg‘aygan Jizzaxning Zomin tumanida esa Adolat sotsial –demokratik partiyasi faollari Shavkat Mirziyoevga ovoz berish targ‘ibotiga safarbar qilingani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlining farg‘onadagi manbasining aytishicha¸ ko‘pchilik faollar ko‘p partiyaviylik tamoyilini tushunishmaydi:

- Ular zexnida siyosiy raqobat va o‘z partiyasi uchun kurashish degan narsa yo‘q. Ular nima qilayotganliklarini bilmasdan boshliqlar buyrug‘ini bajarishadi¸ deydi manba.

Ayni paytda boshqa partiya vakillarining samimiy istak bilan Mirziyoevga ovoz berishga chog‘langani haqida ham ma’lumot bor.

O‘zbekistonlik shoira¸ Milliy Tiklanish partiyasi a’zosi Salomat Vafo 18 sentabr kuni “Men o‘zbek ziyolilarining vakili va "Milliy tiklanish" partiyasining a’zosi sifatida partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod Sarvar Otamurodovga ovoz beraman” deya yozgan bo‘lsa 21 noyabr kuni fikri o‘zgarganini aytadi.

Salomat Vafo o‘zining 21 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan videomurojaatida Shavkat Mirziyoevga ovoz berishini aytadi.

Ozodlik bilan suhbatda Salomat Vafo nega “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi bo‘la turib o‘zga partiya nomzodi Shavkat Mirziyoevga ovoz berayotgani sababini tushuntirdi.

- Bu mening tanlovim. Shavkat Mirziyoev ulug‘ yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov nomini qayta tiklayman deganidan keyin men fikrimni o‘zgartirib Otamurotovga emas¸ Mirziyoevga ovoz berishga qaror qildim deydi Salomat Vafo.

O‘zbekistonning zamonaviy tarixida bir partiya vakillarining boshqa nomzodga ovoz berishi yangilik emas.

2000 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida O‘zbekiston prezidentligiga XDP dan nomzod bo‘lgan Abduhafiz Jalolov telekameralar oldida namoyishkorona chiqish qilib o‘z ovozini Islom Karimovga berishini bildirgan edi

XS
SM
MD
LG