Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:31

Toshkent - Dushanbe aviaqatnovi kelasi oydan qayta tiklanadi


O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar 2017 yilning yanvar oyidan qayta tiklanishi mumkin. Bu boradagi kelishuvni 30 noyabrь kuni O‘zbekiston va Tojikiston delegatsiyalari Dushanbe shahrida imzolashdi.

Tojikiston transport vaziri Sherali Ganjalzoda Ozodlik bilan suhbatda Toshkent-Dushanbe va Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni “Somon Eyr” hamda "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkatlari haftada ikki marta amalga oshirishini aytdi.

Bundan avval O‘zbekiston rasmiylari ham O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 1992 yilda to‘xtatib qo‘yilgan aviaqatnovlar 2017 yildan boshlab qayta tiklanishi mumkinligini aytishgandi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati bosh direktori Valeriy Tyan o‘zbek matbuotiga bergan intervyusida Toshkent - Dushanbe reysi yozgi yo‘nalishlar jadvaliga kiritilishini aytar ekan “mazkur reysning qatnovi bundan avvalroq boshlanishi ham ehtimoldan holi emas. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud”, deb bildirgandi.

Ozodlik radiosi manbasining bildirishicha, Toshkent va Dushanbe o‘rtasida parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tgan yilning boshlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatining tashabbusi bilan boshlangan.

O‘shanda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Dushanbe xalqaro aeroportidan xizmat ko‘rsatish narxlari va aeroportning o‘zbek uchoqlarini qabul qilish imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etishni iltimos qilgan.

2015 yil aprelida Tojikiston tomoni bu so‘rovga javob qaytargan.

Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnov 1992 yilda to‘xtatilgan edi. 2000 yildan esa O‘zbekiston Tojikiston vatandoshlariga viza rejimini joriy etgan.

Mutaxassislar shu yilning 29 sentabrida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dushanbeda o‘tkazgan uchrashuvni rasmiy Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar iliqlanishining birinchi qadami o‘laroq baholagan edilar.

O‘shanda Abdulaziz Komilov Toshkent Dushanbe bilan munosabatlarni qayta tiklashga tayyorligini izhor qilgandi.

25 oktabrda esa O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov O‘zbekiston va Tojikiston rahbariyati ikki mamlakat o‘rtasida viza rejimini yumshatish masalasini muhokama qilishga kelishib olganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG