Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:05

Facebook'dagi danak po‘choqlari Toshkentdan Rossiya jurnalistining deportatsiya qilinishiga sabab bo‘ldi


“Moskovskiy komsomolets” gazetasining muxbiri Yekaterina Sajneva.
“Moskovskiy komsomolets” gazetasining muxbiri Yekaterina Sajneva.

O‘zbekistonga shaxsiy safar bilan borgan “Moskovskiy komsomolets” gazetasining muxbiri Yekaterina Sajneva 29 noyabr kuni besh soatlik hibsdan so‘ng Toshkentdan Moskvaga ekstraditsiya qilindi. Jurnalistning Ozodlik radiosiga bildirishicha, saylov arafasida O‘zbekiston vatandoshlari bilan intervyular o‘tkazgani ortidan huquq-tartibot tuzilmalari uni mamlakatda bo‘lish qoidalarni buzganlikda ayblagan.

Yekaterina Sajneva Ozodlik radiosiga O‘zbekistonga shaxsiy safar bilan borganini aytdi. Biroq u o‘z kasbidan kelib chiqqan holda odamlar bilan, jumladan, muxolifat vakillari bilan ham gaplashgan. Mana shunday suhbatlardan biridan so‘ng u Toshkentda qo‘lga olinib, besh soatdan so‘ng deportatsiya qilindi.

-Kecha meni ko‘chada to‘xtatishdi va men pasport rejimini buzgan odam qatorida svodkaga tushganimni aytishdi. Shundan so‘ng meni mashinaga o‘tirishmni iltimos qilishib, 40 minut olib yurishdi. Meni qo‘lga olganlar militsiya kiyimida edi, biroq militsiya bo‘limiga olib kelishdimi, milliy xavfsizlik bo‘limigami, tushuntirishmadi. O‘zbek tilida qandaydir hujjatlarni to‘ldirishdi. Besh soatlardan keyin kelib: “Sud bo‘ldi, sizni deportatsiya qilamiz”, deyishdi. Meni xatto sudga ham olib borishmadi. Aeroportga 10 kishidan iborat guruh kuzatib bordi. Men bilan juda madaniyatli muomalada bo‘lishdi, -dedi Yekaterina Sajneva.

Jurnalistning aytishicha, undan hech qanday tushuntirishlarsiz sim kartani, fotosuratlarni va matbuotda e’lon qilish mumkin, deb hisoblanadigan qolgan barcha narsalarni tortib olishgan.

Yekaterina Sajneva Ozodlikka dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, urush ketayotgan Suriyada ham 4 marta bo‘lganini, ammo u yerda ham maxsus xizmatlar jurnalistlarga bu qadar dushmanona munosabatda bo‘lmaganini aytdi.

-O‘zbekiston o‘zini jahon hamjamiyatida demokratik davlat sifatida tamsil etishni istamoqda. Shundoq ekan O‘zbekiston hukumati jurnalistlarga ochiqroq va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishi zarur,- deb hisoblaydi jurnalist.

Yekaterina Sajnevaning aytishicha, uni qo‘lga olgan odamlar jurnalist Facebook sahifasida e’lon qilgan o‘rik danagi po‘choqlari fotosuratini tanqid qilishgan. “Siz bu suratni ijtimoiy tarmoqqa joylash orqali O‘zbekistonni sharmanda qilmoqchi bo‘lgansiz. Fotosuratda danak po‘choqlari aks etgan, bu bilan siz O‘zbekistonda mag‘zi to‘liq danaklar yo‘q demoqchi bo‘lgansiz”, kabi gaplarni aytishdi, deydi jurnalist.

Yekaterina Sajneva saylov arafasida o‘zi bilan suhbatdosh bo‘lgan qator o‘zbekistonliklar “bu kabi mantiqsiz tayziqlar yangi prezident saylanishi bilan yo‘q bo‘ladi”, degan umidda yashayotganlarini aytdi:

-Odamlar umid bilan yashamoqda. Ular O‘zbekiston ochiq va demokratik mamlakatga aylanadi, degan umid bilan yashayapti. Odamlar prezidentlikka nomzodlardan biriga juda ham ishonishayapti, -dedi jurnalist.

Yekaterina Sajneva O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan voqealar to‘g‘risida maqola yozishga qaror qilganini aytdi.

Unga ko‘ra, 27 noyabrda Toshkentga kelganidan so‘ng muntazam ravishda uning ortidan noma’lum shaxslar kuzatib yurganini his qilgan.

Bu voqeani sharhlar ekan, Moskvadagi Inson huquqlari uchun Rossiya advokatlar assotsiatsiyasi rahbari Mariya Bast “Toshkent hukumati inson huquqlariga amal qilmasligini yana bir bor isbot qildi”, deb fikr bildirdi:

-Bu ochiqdan-ochiq inson huquqlarining buzilishidir. Uning ortidan bir necha kun mobaynida kuzatib yurishgan. Jurnalistning matbuotga bergan suhbatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston inson huquqlarini buzishga asoslangan siyosatni davom ettirayotganiga ishonch hosil qilamiz. Bunday siyosat jamiyatning radikallashuviga, buning ortidan esa terrorchilikning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi bilan ham qo‘rqinchlidir, - dedi Mariya Bast.

“Moskovskiy komsomolets” gazetasi muxbiri Yekaterina Sajneva O‘zbekistondan deportatsiya qilingan yagona jurnalist emas. Shu yilning 11 noyabr kuni Toshkentdan 44 yoshdagi nemis jurnalisti Edda Shlager ham odamlar bilan suhbatlashib, intervyular olgani uchun deportatsiya qilingan edi.

Bundan avvalgi yillarda ham O‘zbekistondan o‘nga yaqin jurnalist deportatsiya qilingandi.

XS
SM
MD
LG