Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:34

Tadbirkor qurgan imorat hokimiyat tomonidan buzdirilmoqda


Hokimiyat talabi bilan buzilishi kerak bo‘lgan imorat
Hokimiyat talabi bilan buzilishi kerak bo‘lgan imorat

Andijonlik tadbirkorlar oilasi o‘zlari qurib bitkazgan ikki qavatli tikuv tsexi “noqonuniy qurilgani” vaji bilan mahalliy hokimiyat va prokuratura talabi bilan buzilayotganidan Ozodlikka arz qildi.

Andijon viloyati Poytug‘ shahrida joylashgan bu binoni auktsionda sotib olganini gapirgan izboskanliklar unda ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish va 30ga yaqin odamni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganidan gapirdi.

Prokuratura esa bu binoning buzib tashlanishi kerakligi, ammo “yer tadbirkorda qoldirilishi” to‘g‘risida sud qarori borligini bildirmoqda.

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi Markaz mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Abdurahmonovlar oilasi ularga tegishli yangi qurilgan ikki qavatli xususiy imorat hokimiyat talabi bilan buzilayotganidan shikoyat qildi.

Ozodlik bilan suhbatda izboskanlik oila rahbari Madaminjon avtomobil turar-joyi bo‘lgan tashlandiq yerni auksionda sotib olib, unda tikuv tsexini qurib bitkazganini aytdi.

Tadbirkor hokimiyat ruxsatisiz o‘z eriga qurgan bino
Tadbirkor hokimiyat ruxsatisiz o‘z eriga qurgan bino

U buzilish ustida shaxsan Izboskan tuman prokurori turganini aytadi:

- Ayolim ham tadbirkor. Fermer xo‘jaligimizda 75ta ishchi o‘rni bor. Xususiy shifoxonamiz ham bor, 15 ish o‘rni bilan. Yana ostanovka joyini sotib olib, o‘sha yerda bino qurgan edik. Endi bitgan binoni buzaman, deb urush bo‘layapti. Izboskan tuman prokurori shaxsan to‘xtatilgan holatlarni inkor etib, olishayapti. Yo‘lni boshqa odamlar to‘sgan, kimgandir aloqasi bordir. Bu bino buzilib ketsa ham yer o‘zimda qoladi – hech kimga manfaat yo‘q undan! Tadbirkorlarni sindirish bo‘layapti bu yerda, dedi Madaminjon.

Andijonlik tadbirkor buzilaikki qavatli imoratda 30 yaqin ish joyini yaratib, tender asosida maktab portfellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganini bildirdi.

Abdurahmonovlar tikuv sexi qurilishiga shaxsiy 300 million so‘m pul sarflaganini ham qo‘shimcha qildi.

- Yordam berish o‘rniga, katta pul sarflagan binomni buzdirayapti-da. Kecha xotinim saylov arafasida o‘zim ustimdan benzin quyib yoqaman degan gapidan qaytardim. Prokurorga qarshi qo‘limizdan hech narsa kelmayapti! “Sen noqonuniy sotib olgansan!”, deyapti. Qanaqasiga, agar men soliq to‘lab kelgan bo‘lsam?! Qo‘limda auksion, kadastr hujjatlari turibdi. Endi arxitektura bo‘limi ham prokurordan qo‘rqib, qochib yuribdi. Bosh vazir portaliga murojaat qilganimizni eshitib, prokuratura tezroq bo‘zdirishni kuchaytirayapti! Vaholanki, hokim buzishni vaqtinchalikto‘xtatish to‘g‘risida xat bergan edi. Kimga kerak uni buzish? Bezillab ketdik, dedi Madaminjon.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor oilasi sud qarori ustidan yuqori idoralarga shikoyat bergan, ammo hokimiyat xati va virtual qabulxonadan javob kelmasdan Izboskan tuman prokuraturasi uni tezroq buzdirish payida ekanini gapirdi.

Tadbirkor oilasi ularniki kabi boshqa bir qancha imoratlar ham borligi, lekin prokuratura aynan ularning imorati buzilishiga davo arizasi kiritganini iddao qildi.

Ozodlik Izboskan tuman hokimiyatiga Abdurahmonovlar masalasi yuzasidan murojaat qildi. Hokim muovini bu masalada xabari yo‘qligini bildirib,Arxitektura va qurilish bo‘limiga murojaat qilishni so‘radi. Ammo bu bo‘lim telefon raqamlari orqali ham aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Hokimiyatning ijroni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi xati
Hokimiyatning ijroni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi xati

Biroz to‘liqroq javob Izboskan tuman prokuraturasidan olindi.

Vaziyat bilan yaxshi tanish bo‘lgan va ismini oshkor qilmagan prokuratura mulozimi buzish tashabbusi tuman hokimligiga tegishli ekanini gapirdi.

- Hokim qarori asosida u yerga qurilish qilish uchun er berilgan. Ular qurilish qilingan, lekin ruxsat olinmagan yerga ham bino qurib qo‘ygan. Shunga tuman hokimi “U noqonuniy, uni buzib tashlash kerak!”, deb 2015 yilda prokurorga murojaat qilgan. Prokuror fuqaroviy sudga davo arizasi kiritgan, “noqonuniy o‘zboshimcha qurilgan”, deb. Sud davoni qanoatlantirib bergan. Abdurahmonova Oytoji viloyat fuqarolik sudiga murojaat qilgan, u esa tuman sudi qarorini kuchida qoldirgan. Lekin hali ijroning hujjati chiqqani yo‘q, dedi prokuraturadagi manba.

Suhbatdosh keltirgan 2016 yil 26 yanvardagi sud qaroriga ko‘ra, tadbirkor Abdurahmonova “16x12 metr maydonida noqonuniy qurilma qurishni boshlagan, chunki hokimlikning og‘zaki buyruqlarini inkor etgan”. Biroq, sud qarorida “yer egasida qoldirilsin, lekin noqonuniy qurilgan imorat buzilsin” deya qaror chiqarilgani aytildi.

Prokuratura vakilining aytishicha, Izboskan tuman hokimi prokuraturaga avvaliga “o‘zimiz kelishamiz” mazmunida xat yuborgan, keyinroq esa o‘z fikridan qaytib, “qarorni ijro qilib beringlar” talabi bilan chiqqan.

Izboskanlik Abdurahmonovlar esa tuman hokimiyatidan berilgan “hozirda qurilishga ruxsat berish uchun o‘rganish ishlari olib borilayotganini inobatga olib, ijroni vaqtinchalik qaytarish“ to‘g‘risida xat nusxasini tahririyatga taqdim etdi.

Ozodlik vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG