Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:36

IIV: O‘zbekiston bo‘ylab 11 dekabrgacha yangi pasport berilmaydi


Samarqanddagi ichki ishlar bo‘limi oldida kunlab hujjat topshirishga navbat kutayotganlar.
Samarqanddagi ichki ishlar bo‘limi oldida kunlab hujjat topshirishga navbat kutayotganlar.

O‘zbekistonning barcha viloyat va tumanlaridagi pasport bo‘limlari biometrik pasport berishni 11 dekabrgacha to‘xtatdi. Ozodlikka qator manbalardan kelgan bu xabarni Ichki ishlar vazirligi mulozimi tasdiqladi. Bundan avval vazirlik rasmiylari mahalliy matbuotga pasport berishdagi “bir oylik profilaktik tanaffus”ning faqat Toshkent shahridagi pasport stollarida joriy qilinganini bildirgan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda biometrik pasportga hujjat qabul qilish va tayyor bo‘lgan pasportlarni egalariga topshirishning 11 dekabrdan keyin qaytadan boshlanishini bildirdi:

- 11 dekabrgacha mamlakatning hech bir joyida pasport berilmaydi. Barcha pasport stollariga bu haqda ko‘rsatma berilgan, - dedi IIV mulozimi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mulozimiga ko‘ra, pasport berish “profilaktika” sabab vaqtincha to‘xtatilgan.

- Bir oy davomida biopasportlarni tayyorlovchi qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatiladi va profilaktikadan o‘tkaziladi. Profilaktika ishlari bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning barcha pasport bo‘limlarida olib boriladi va 11 dekabr kuni yakuniga yetadi, - dedi IIV mulozimi.

Bundan avval vazirlik faqat Toshkent shahridagi pasport stollarida pasport berish bir oyga to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.

Ozodlik muxbiri O‘zbekistonning Jizzax, Samarqand, Xorazm viloyatlarining IIB Xorijga chiqish kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga telefon qildi.

Har uchala viloyatda ham pasport stoli xodimlari pasport berilmayotganini tasdiqlashdi va bunday tanaffusning kutilayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liqligini aytishdi.

- Saylov bilan bog‘liq bu. Saylov o‘tganidan so‘ng yana pasportga rasmga tushirishni boshlaymiz. Pasport stollari oldida navbatlar ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun vaqtinchalik pasport berish to‘xtatildi. Hozir bizga ko‘chada odam ko‘p yig‘ilmasin, degan ko‘rsatma kelgan, - dedi Xorazm IIBsining ismi sir qolishini istagan xodimi.

Pasportsizlar saylovda qanday ishtirok etadi?

Samarqand IIBsining Xorijga chiqish kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi mulozimining Ozodlikka aytishicha, pasport olishga ulgurmaganlarga saylovda qatnashish uchun vaqtinchalik hujjat beriladi:

- Pasport olishga ulgurmaganlar xotirjam bo‘lishsin. Ularga saylovda qatnashish huquqini beradigan vaqtinchalik pasport qilib beriladi, - dedi Samarqand IIBsi xodimi.

Pasport berishning vaqtincha to‘xtatilgani o‘zbekistonliklar orasida e’tiroz uyg‘otmay qolmadi.

“Pasport olish konstitutsiyaviy huquqimizdir. Konsitutsiyani buzib, muvaqqat prezidentlik kursisiga o‘tirgan Shavkat Mirziyoevni prezidentga aylantirish saylovlari deb, bizni pasport olish huquqimiz bir oyga buzilmoqda”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda toshkentlik muhandis Tohir.

Rossiyada yashayotgan xorazmlik Azamat esa pasport berish to‘xtatilgani sabab O‘zbekistonga borib kelish rejasidan qaytganini aytadi:

- Pasportimni almashtirish uchun bormoqchi bo‘lib turuvdim. Endi bormayman. Chunki pasport ololmasam u erda ko‘proq muddatga qolib ketishimga to‘g‘ri keladi. Men bilan birga Moskvada ishlayotganlar ham saylov arafasida O‘zbekistonga borish ahdidan qaytishdi, - deydi Azamat.

O‘zbekistonda biometrik pasport berish birinchi marta to‘xtatilayotgani yo‘q.

2013 yilning fevral oyida ham Toshkentda pasport berish bir oyga to‘xtatilgan edi.

O‘shanda ham o‘zbek mulozimlari profilaktika sabab pasport berishda tanaffus e’lon qilinganini aytishgan edi.

XS
SM
MD
LG