Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:39

O‘zbekistonlik haydovchilar: Yana bir samarasiz ikki oylik e’lon qilindi


Qamchiq dovonidagi avtohalokat.
Qamchiq dovonidagi avtohalokat.

O‘zbekistonda 2016 yilning 10 oyi ichida 8104 yo‘l-transport hodisasi yuz bergani ro‘yxatga olindi. Bu esa o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan faqat 83taga ozdir. Ayni paytda O‘zbekistondagi mas’ul idoralar avariyalar va yo‘ldagi baxtsiz xodislar sonini yo‘l xavfsizligi ikki oyligini o‘tkazish bilan kamaytirishga harakat qilmoqda. Ammo ko‘rsatkichlar bu tadbirlardan samara bo‘lmayotganini anglatib turibdi.

Ўзбекистонлик ҳайдовчилар:Яна бир самарасиз икки ойлик эълон қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:08 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi mamlakatda 10 noyabrdan boshlab yo‘l xavfsizligi ikki oyligi o‘tkazila boshlanganini e’lon qildi. Gazetaning yozishicha,”yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, baxtsiz xodisalarning va haydovchilar o‘rtasida qoidabuzarlikning oldini olish, transport vositalari va yo‘llarning texnik holatini yaxshilash tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardir”.

O‘zbekistonda har yili o‘tkazilib turiladigan bunday tadbirlardan samara bo‘layotganini his qilayapsizmi? Mana shunday savol bilan O‘zbekistonning turli viloyatlarida yashovchi qator haydovchilarga murojaat qildik.

O‘zini Aziz deb tanishtirgan toshkentlik haydovchi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash oyliklari ortidan o‘zbek haydovchilarining yo‘llarda o‘zini tutish madaniyati yuqorilab borayotganini ta’kidladi:

-Besh-o‘n yil avvalgi holat bilan solishtiradigan bo‘lsak, bugungi kunda haydovchilarning madaniyati yuqorilab bormoqda. Mana shuning o‘zi bunday tadbirlar foyda berganini ko‘rsatib turibdi. Avvallari yo‘llarda haydovchilarning bir-birlariga munosabatlari uncha yaxshi emas edi. Albatta bunday yaxshi o‘zgarishlar odamni quvontiradi, - dedi Aziz.

Ijtimoiy tarmoq orqali Ozodlik muxbiri savoliga javob bergan Abdulatif esa yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalasida hukumat amalga oshirayotgan tadbirlar yetarli emas, deb hisoblaydi:

“Mana, Toshkentda qor yog‘ib, yo‘llarda harakatlanish nihoyatda og‘irlashdi. Bugun ertalab soat 9larda Chorsuda va Abdulla Qodiriy ko‘chasida ikkita avariyaga guvoh bo‘ldim. Avariyalar yo‘llar yaxshi tozalanmaganidan yuz bergani ko‘rinib turibdi. Toshkentda faqat markaziy ko‘chalar amallab yursa bo‘ladigan qilib tozalab qo‘yiladi. Ikkinchi darajali ko‘chalarga esa e’tibor berilmaydi. Bunday holatda yo‘l xavfsizligini kafolatlab bo‘lmaydiku”, - deydi Abdulatif.

Ijtimoiy tarmoq orqali Ozodlik muxbiri savoliga javob bergan Olimjon ismli haydovchi shaharlarda yo‘llarning kengaytirilishi va obodonlashtirilishi jarayonida yo‘l xavfsizligini ta’minlash muammosi nazardan chetda qolayabdi, deb hisoblaydi.

-Masalan, yo‘llar kengaytirilayapti. Ammo mana shu kengaytirilgan yo‘llarda yo‘lovchilar uchun trotuarlar yo‘q. Trotuar nega nazarda tutilmaganini hech kim bilmaydi. Buning oqibatida odamlar, maktab o‘quvchilari katta yo‘ldan hayotlarini xavf ostiga qo‘yib yurishga majbur bo‘lmoqda,- dedi Olimjon.

Buxorolik Otaboy aka 30 yillik haydovchilik tajribasiga ega. Uning fikricha, yo‘l xavfsizligini ta’minlash oyliklari o‘tkazilishidan real natijalarni kutib bo‘lmaydi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr taqchilligi mavjudligi, haydovchilarni tayyorlash sifatining yaxshi emasligi va haydovchilik guvohnomasini sotish amaliyoti mavjudligi bunga sabab bo‘lmoqda.

-Hech qanday natija bo‘lmaydi. Elektr energiyasi o‘chib qolganidan so‘ng svetoforlar ishlamay qoladi. Svetoforlar o‘zi buzuq emas, elektr bo‘lmasa ishlamay qoladi. Buning oqibatida avariyalar ko‘p bo‘layapti. Bu Buxorodagi bugungi vaziyat. Ikkinchidan, haydovchilarni tayyorlaydigan maktablarda o‘qitish sifatiga e’tibor qaratish kerak.Hozirgi yoshlarning ko‘pchiligi yo‘l qoidalarini bilmaydi. Bilsa ham e’tibor qilmaydi.

Ozodlik: Balki haydovchilik guvohnomasini sotib olishayotganlar ham bordir?

Otaboy: Ha, bor. Kamida 50 foizi sotib oladi. Hozir haydovchilik guvohnomasini 1,5 million so‘mga sotib olish mumkin.

Qarshilik yana bir suhbatdoshimiz Bahodir ham yo‘l harakati xavfsizligi oyligidan hech qanday amaliy natija bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

-Bu faqat GAIlarning hisobiga foydali. Haydovchilar uchun bunday tadbirlardan hech qanday natija yo‘q. Tadbir paytida ular haydovchilarni istagan joyida to‘xtatib, juda qo‘pol muomilada bo‘lishadi. Qoidani buzsang ham to‘xtatishadi, qoidani buzmasang ham to‘xtatishadi. Shuning uchun bu faqat GAIlarga foyda. Hukumat bunday tadbirlarni xalqqa nafi tegsin deb o‘tkizadi, albatta, ammo GAIlar bu tadbirlardan o‘zi uchun foydalanadi, -dedi Bahodir.

Shu o‘rinda aytish joyizki, O‘zbekistonda yo‘l-transport xodisalariga aloqador bo‘lgan statistika yarim sir tutiladi. Masalan, vaqti –vaqti bilan mamlakatda sodir etilgan yo‘l-transport xodisalari soni e’lon qilib boriladi. Lekin bu xodisalarda qancha odam jabrlangani va halok bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmaydi.

XS
SM
MD
LG