Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:37

O‘zbekiston-Tojikiston o‘rtasida yopilgan temir yo‘llar qayta ochilishi kutilmoqda


Tojikiston Transport vazirligi mulozimlariga ko‘ra, bir necha yillar oldin yopib qo‘yilgan “Amuzang-Xatlon” va “Konibodom-Beshariq-Asht” temir yo‘llarini qayta ishga tushirishga bag‘ishlangan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu yo‘llar Islom Karimov rahbarligi paytida O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan yopib qo‘yilgan edi.

Tojikiston Transport vazirligi mulozimining Ozodlik radiosiga aytishicha, bu masala o‘zbek tomoni bilan yaqin kunlarda muhokama qilinadi:

“Kelasi hafta Dushanbe shahrida bo‘ladigan Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi kun tartibiga bu masala kiritilgan”, dedi mulozim.

Tojikiston hukumatining aytishicha, “Amuzang-Xatlon” temir yo‘lining qayta tiklanishi ikki mamlakatning iqtisodiy manfaatlari uchun juda ham kerak.

“Amuzang-Xatlon” temir yo‘lining O‘zbekistondan Tojikistonga o‘tadigan qismida 2011 yilning 17 noyabrida portlash sodir bo‘lgan va shundan so‘ng bu yo‘l O‘zbekiston tomonidan tamoman yopib qo‘yilgan edi.

Rasmiy Dushanbe bu yo‘lni tiklash bo‘yicha bir necha bor Islom Karimov hukumatiga murojaat qilgan, lekin Rog‘un GESi mojarosi bois, bu murojaatlar ahamiyatsiz qolayotgan edi.

Tojik hukumatining aytishicha, O‘zbekistondan Tojikiston janubiga olib boradigan bu yo‘lning yopilishi mamlakat iqtisodiga juda katta zarar keltirgan.

Tojik hukumati yo‘l yopilish ortidan, poytaxtdan janubga olib boradigan boshqa bir yo‘l, Dushanbe-Qo‘rg‘ontepa-Ko‘lob yo‘lini qurishga kirishgan va joriy yilning yozida qurib bitirgan edi.

Uzmetronom internet gazetasining yozishicha, Tojikistonning So‘g‘d viloyatidan O‘zbekistonga o‘tadigan va “Konibodom-Beshariq-Asht” temir yo‘lining ochilishi ham hukumatlararo komissiyada muhokama qilinadi.

O‘zbek tomonining tashabbusi bilan yopilgan bu temir yo‘li Farg‘ona vodiysidan O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga yo‘lovchilar va xalq xo‘jaligi yuklarini tashishda sobiq ittifoq davridan buyon eng asosiy vosita edi.

Avvallari, masalan, Andijondan Buxoroga bormoqchi bo‘lgan poezd yo‘lovchilari Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga kirib o‘tishlari lozim bo‘lardi. Bu qatnov 2010 yil fevralidan to‘xtatilgan.

O‘zbekiston tomoni bu yo‘ldan voz kechish barobarida qariyb ikki milliard dollar miqdorida mablag‘ sarflab, Angren-Pop temir yo‘lini qurganligi aytiladi.

O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida iliqlik munosabatlari kuzatila boshlandi.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev saylovoldi dasturida amalga oshirishi lozim bo‘lgan olti ustivor yo‘nalishlardan biri qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash ekanligini aytgan edi.

Ikki davlat hukumatlararo kelishuvlarga ko‘ra, kelgusi yilning bahoridan aviaqatnovlar ham yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG