Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:02

Huquq faollari qamoqdagi jurnalist Solijon Abdurahmonov bilan uchrashdi


Shu yilning 12 noyabr kuni O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faollari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/61-sonli muassasada Inson huquqlari xalqaro qo‘mitasi faoli, jurnalist Solijon Abdurahmonov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ishtirok etib, bu haqda Ozodlikka xabar qilgan qilgan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, mahkum o‘z hamkasblarini ta’na va e’tirozlar bilan qarshilagan.

Solijon akaning sog‘lig‘i bizga yaxshidek ko‘rindi, ammo qanaqadir ruhan tushkun ahvolda ekanlar. U kishining aytishicha, shu paytgacha qilgan ko‘pgina shikoyatlari o‘z manziliga yetib bormapti. Shu boisdan 2014 yilning yanvarida ham uchrashgan hamkasbi Vasila Inoyatova va mendan biroz ginadorligini aytdi. U kishining iddaosicha, huquq himoyachilari risoladagidek shug‘ullanishsa, hozirgi sharoitda u kishi ozodlikka chiqishi mumkin ekan,” deydi Abdurahmon Tashanov.

Huquq faollarining ta’kidlashicha, 67 yashar Solijon Abdurahmonov muassasadagi sharoit va osh-ovqatdan shikoyat qilmagan.

Muassasa xodimlariga e’tirozi yo‘q, lekin tezroq ozodlikka chiqishni xohlaydi, dedi Abdurahmon Tashanov.

Solijon Abdurahmonov hamkasbi Tashanovning qiynoqlar borasidagi savoliga quyidagicha javob qaytargan:

"Abdurahmon, siz bilan mening tasavvur va qarashlarimda qiynoq juda keng tushuncha. Agar menga nisbatan jismoniy qiynoqlar xususida bilishni istasangiz, bunaqa narsa yo‘q, muassasa xodimlarining barchasi bolalarim tengi yigitlar. Bulardan noroziligim yo‘q, ovqatlari ham yomonmas. Uydagilar bilan uchrashib turibman. Biroq, mening tasavvurimda xatlarim shikoyat qilayotgan idoralarga yetib bormayapti. Siz “Ezgulik”chilarga e’tirozim ham shundan, shu masalada ko‘maklaringiz zarur," degan jurnalist.

Jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, 10 yillik qamoq jazosining 8,5 yilini o‘tab bo‘lgan hamkasbining ozodlikka chiqish va o‘zining jinoyat ishi yuzasidan huquqiy kurashga kirishdan o‘zga tilagi yo‘q.

Mahkum suhbat so‘ngida: “Xalqaro tashkilotlarning e’tiboridan xursandman, ammo ularning harakatlari samarasiz ekanligi yaxshi emas” deb aytgan.

Solijon Abdurahmonov 2008 yili Nukus shahrida yirik miqdorda giyohvand modda saqlaganlik va tarqatganlikda ayblanib, qo‘lga olingan va keyinchalik 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, Solijon Abdurahmonovga nisbatan ayblovlar uydirma va jurnalistlik faoliyati uchun jazo tariqasida soxtalashtirilgan.

Ikki yil muqaddam jurnalist Yohann-Filipp Palm mukofotiga sazovor deb topilgandi.

Yohan-Filip Palm mukofoti Solijon Abdurahmonovga "joriy rejimdan so‘z erkinligi uchun jabr ko‘rgan" jurnalist sifatida berilgandi.

XS
SM
MD
LG