Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:30

Edda Shlager: O‘zbekistonda ishonchsizlik va qo‘rquv muhitini ko‘rdim!


Edda Shlager.
Edda Shlager.

10 noyabr kuni Toshkentda qo‘lga olingan 44 yashar nemis jurnalisti Edda Shlager 11 noyabr kuni O‘zbekistondan deportatsiya qilindi.

Germaniya jamoatchilik radiosi muxbiri bo‘lgan Shlager Ozodlik bilan suhbatda Toshkentga 4 dekabrda o‘tadigan prezidentlik saylovini yoritish va Islom Karimovdan keyingi O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlar bilan nemis jamoatchiligini tanishtirish uchun borganligini bildirdi.

Edda Shlager O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiya olish mumkin bo‘lmagani tufayli Toshkentga 3 noyabr kuni sayyohlik vizasi bilan kelgani va jamoatchilik vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazganini bildirdi.

Suhbatdosh ta’kidicha¸ 10 noyabr kuni uni Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi "Bek" mehmonxonasida militsiya va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat 4 kishi hibsga olib, bir necha soat so‘roq qilgan va diktofonini musodara qilgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi aralashuvi ortidan ozod etilib, O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan Edda Shlager Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi bugungi kayfiyatni Shimoliy Koreyaga o‘xshatdi:

- MXX xodimlari meni diktofonimni olib qo‘yishdi. Lekin menda quloq bor¸ ko‘z bor¸ hidlash uchun burnim bor. "Mahalla stalinizmi" degan kalima O‘zbekistondagi bugungi vaziyatni to‘la ifodalaydi. Men o‘zim sobiq GDRdan bo‘lganim bois¸ qo‘rquv muhitini butun borlig‘im bilan sezaman. GDRdagi qo‘rquv va chaqimchilikka asoslangan muhitni yaxshi eslayman. O‘zbekiston ko‘chalarida¸ bozorda oddiy odamlar bilan gaplashdim. Ulardan oddiy narsalarni so‘rasam ham¸ cho‘chib tushishadi. Nega bunaqa g‘alati savollarni berayapsiz? Tinchligimizga rahna solmoqchimisiz¸ deyishadi. Odamlarga ishonmaslik¸ shubha va gumon O‘zbekistonni qamragan. Qo‘rquv va gumon urchigan. Vaziyat Shimoliy Koreyaga o‘xshaydi. Balki Shimoliy Koreya kabi dahshatli emasdir¸ balki u qadar mukammallik kasb qilmagandir. Lekin baribir Shimoliy Koreya tutumi bu. Yakshanba kuni go‘zal kuz havosida men Toshkentda bo‘m-bo‘sh maydonlarni ko‘rdim. Odamlar qaerda sayr qiladi¸ qaerda dam oladi¸ degan savolimni ham shubha bilan qabul qilishdi¸ deya ta’kidlagan Edda Shlager O‘zbekistonga kiradigan jurnalist yoki turistdan kutiladigan yagona his-hayajon haqida ham to‘xtaldi:

- Oddiy odamlar ham¸ mulozimlar ham kelgan odam faqat bitta ta’surot bilan ketishini istaydi - ular sayyohdan palovingiz qanday mazali¸ madrasalaringiz qanday go‘zal¸ degan gapni kutishadi. Agar shu yo‘nalishda gap boshlasangiz¸ tillari ravon bo‘lib "bizning osh eng zo‘r¸ binolarimiz eng go‘zal" deya ta’riflashadi. Buni yonida eng ko‘p eshitgan gapim –tinchlik haqida edi. O‘zbekistonda tinchlikku¸ butun dunyo urush ichida turgan paytda yagona O‘zbekistonda urush yo‘q¸ deb ta’kidlashadi¸ deydi O‘zbekistondan deportatsiya qilingan suhbatdosh.

Edda Shlagerning O‘zbekistonda tasvirga olgan suratlaridan biri

Edda Shlager O‘zbekistondan deportatsiya qilingan yagona jurnalist emas. 2003 yilda Toshkentdan rossiyalik huquq faoli Nikolay Mitroxin, 2005 yilda xalqaro jurnalist Igor Rotar, 2012 yilda BBC muxbiri Natalya Antelava va rossiyalik jurnalist Viktorya Ivleva, 2014 yilda esa moskvalik fotosuratchi Konstantin Salomatin O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmasdan ish qildi¸ degan asos chiqarib yuborilgan edi.

XS
SM
MD
LG