Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:43

O‘zbekistonda dollar narxi 7000 so‘mdan oshdi


O‘zbekistonda jiddiy iqtisodiy-moliyaviy islohotlar o‘tkazilmasa¸ so‘mning keskin qadrsizlanishda davom etib¸ mamlakat qora bozoridagi ahvolning Zimbabve darajasiga yaqinlashishi taxmin qilingan karikaturalar ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketdi.
O‘zbekistonda jiddiy iqtisodiy-moliyaviy islohotlar o‘tkazilmasa¸ so‘mning keskin qadrsizlanishda davom etib¸ mamlakat qora bozoridagi ahvolning Zimbabve darajasiga yaqinlashishi taxmin qilingan karikaturalar ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketdi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra¸ o‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston valyuta qora bozorida bir AQSh dollari narxi yangi psixologik baryerdan o‘tgan va mamlakat bo‘ylab 7000 so‘mdan qimmatga sotila boshlagan. Ozodlik suhbatlashgan moliyaviy tahlilchilar¸ bu ko‘tarilishning mavsumiy jarayonlar bilan bog‘liq ekani¸ ayni paytda¸ dollar narxining endi jiddiy ortga qaytmasligini aytishdi.

O‘zbekistondagi valyuta qora bozori narxlarini muntazam yoritib beruvchi dollaruz.com saytining ëzishicha¸ 14 noyabr kuni bir AQSh dollarining sotib olish narxi 6980¸ sotilish narxi esa¸ 7020 so‘m miqdorida bo‘lgan.

Ayni kuni O‘zbekiston Markaziy banki bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy qurbini 3120.51 so‘m qimmatida belgiladi.

Dollar narxining noyabr oyi o‘rtalariga kelib¸ 7000 so‘mlik to‘siqdan oshganini sharhlagan o‘zbekistonlik mutaxassislar¸ bu jarayonning mavsumiy xarakterda ekaniga e’tibor qaratdilar:

- Har yil oxirida xuddi shu holat kuzatiladi¸ ya’ni dollar qimmatlaydi. Bu eski kasal. Yangi yilgacha ko‘tarilishda davom etadi. Chunki yilning oxiri¸ savdogarlar yangi yilga tovar olishga harakat qiladi. Chetdan mol olib keladiganlar¸ xom-ashyo import qiladiganlarning hammasi hozir dollarga yopishadi¸ ya’ni ko‘proq sotib oladi. Talab kuchaygandan keyin¸ narx ham ko‘tariladi. Tadbirkor va shirkatlar yangi yil oldidan hisob-kitobini to‘g‘irlashga harakat qiladi¸ bu yana bir faktor. Bularning ustiga¸ O‘zbekistonda benzin narxi ko‘tarilgani¸ uning ortidan narx-navo ko‘tarilganini qo‘shish kerak bo‘ladi. Qolaversa¸ butun dunyoda dollar ko‘tarilayapti¸ joriy tendentsiya shunaqa hozir. Tramp prezident bo‘lishiga¸ hamma joyda¸ xususan¸ Rossiyada ham dollar narxi ko‘tarildi, deydi Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik bank xodimi Toshbek.

14 noyabr kuni O‘zbekistonda dollar narxining 7000 so‘mlik yangi ko‘rsatkichdan oshganini sharhlagan respublika banklaridan yana biri mutaxassisi ham bu ko‘tarilishning mavsumiy jaraënlar bilan bog‘liqligi haqidagi hamkasbi mulohazalarini quvvatladi:

- Bu mavsumiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq¸ har yil bo‘ladigan narsa. Asosiy sabab¸ tovar zahiralash bilan bog‘liq. Bundan jiddiy xavotirga tushish kerak emas¸ deydi bu mutaxassis.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ hozircha O‘zbekistonda valyuta almashinuvining to‘rtta alohida narxi saqlanib qolayotganiga qaramay¸ muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev “kurs belgilash bo‘yicha bozor mexanizmlarini qo‘llash tizimini yaratish bo‘yicha” topshiriq bergani va bu jaraënlar kuzatilayotganini bildirdi:

- 48/48 sonli qaror chiqdi oktabr oyida – Markaziy bank oldiga bozor mexanizmlari bo‘yicha vayulyuta almashinuv kursini shakllantirish qoidalarini taklif qilish bo‘yicha topshiriq qo‘yildi. Uch oy ichida bu boradagi takliflar ishlab chiqilishi kerak. Hozir shu ish ketayapti. Bu topshiriqni konvertatsiyani ochish rejasining alomatlari deb¸ talqin qilish mumkin. Lekin bunga(ochiq konvertatsiyaga – tahr.) hali bor¸ hali jiddiy takliflar ishlab chiqilgani yo‘q¸ dedi O‘zbekistondagi banklardan biri mutaxassisi.

Mutaxassislar¸ yangi prezident saylovlardan so‘ng O‘zbekistonda valyuta almashtirish kursini unifikatsiya qilish – ya’ni joriy to‘rtta narx o‘rniga¸ bitta bozor narxini belgilashga qaror qilgan taqdirda ham¸ dollar narxi ko‘tarilishda davom etajagini ta’kidladilar.

Ayni paytda¸ konvertatsiya ochilishidan jiddiy alomatlar kuzatilmayotgan hozirgi sharoitda ham¸ Ozodlik gaplashgan moliyaviy tahlilchilar fikricha¸ O‘zbekistonda dollar narxining ortga qaytishiga umid uyg‘otuvchi jiddiy sabablar yo‘q:

- Yangi yildan keyin bu tendensiya iste’mol bozorida talabning pasayishi¸ savdo uchun nisbatan o‘lik mavsumning boshlanishi bilan biroz ortga qaytishi mumkin. Lekin umumiy tendensiya 7000 so‘m atrofida bo‘laveradi¸ baribir. Keskin tushish¸ dolalr narxining orqaga qaytishini kutishga hech qanday asos yo‘q¸deydi Ozodlik suhbatlashgan moliyaviy tahlilchilardan yana biri.

O‘tgan yilning ayni shu yangi yil oldi mavsumida bir AQSh dollari 6000 so‘mlik to‘siqdan oshgan¸ ammo bir muddat so‘ngra¸ dollar narxi 5800-6000 atrofida muqimlashgan edi.

Joriy yilning 23 oktabrida O‘zbekistonda avtobenzin narxi qariyb 35 foizga qimmatlashi ortidan¸ bungacha 6650-6700 so‘mga sotib kelingan AQSh dollari narxi bir kunda 6850 so‘mga ko‘tarilgan edi.

O‘zbekiston iste’mol bozorlaridagi asosiy mahsulotlar xorijdan¸ xususan¸ Xitoy va Turkiyadan olib kelinishi bois¸ dollar narxining ko‘tarilishi avtomatik tarzda bozordagi narx-navo ko‘tarilishiga olib keladi.

XS
SM
MD
LG