Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

Qozog‘istonga borib qaytgan odamlardan tushuntirish xati olish o‘qituvchiga yuklatildi


Toshkent viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lgan Zangiota tumanining paxta terimidan qaytgan maktab o‘qituvchilariga yangi vazifa yuklatildi. Bu haqda xabar bergan zangiotalik o‘qituvchilarga ko‘ra, ular qo‘shni davlatga biror yumush bilan borib kelgan har bir kishining uyiga borib, undan nima maqsadda borib kelgani haqida tushuntirish xati olishi va buni tuman ichki ishlar bo‘limiga taqdim qilishi kerak. O‘qituvchilar o‘zlarining birlamchi vazifasi qolib, mahalliy hokimiyatning mutlaq mardikori bo‘lib qolganidan shikoyat qilmoqda.

Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanining Qozog‘istonga chegaradosh bo‘lgan qishloqlardagi maktablaridan birida ishlaydigan o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, ularga qo‘shni davlatga biror bir sabab bilan borib qaytgan mahalladoshlaridan tushuntirish xati olish vazifasi yuklatildi:

“Tumanimizdagi maktablar o‘qituvchilari yaqinginada paxta terimidan qaytgan edi. Naq 55 kun navbat bilan paxta terdik. Hali nafasimizni rostlab ulgurmay, bo‘ynimizga yangi jamoachilik topshirig‘i yuklatildi. Endi mahallamizdan Qozog‘istonga borib kelgan kamida to‘rtta odamdan tushuntirish xati yozdirib olishga majburlashyapti. Papkayu qog‘ozini ham o‘zimiz sotib olishimiz kerak ekan. Axir bu ish bizning vakolatimizga kirmaydiku", dedi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, Qozog‘istonga biror bir sabab bilan borib kelganlar haqida tuman ichki ishlar bo‘limiga mahalladagi “quloq”lar xabar etkazmoqda:

“Qozog‘iston bizga qo‘shni, ko‘pchilikning u tomonda qarindosh-urug‘i bor. Kimdir to‘yga boradi, kimdir azaga. Ana shu odamlar haqida mahalla posbonlari yoki boshqa “quloq”lar ichki ishlar bo‘limiga xabar yetkazadi. Ichki ishlar esa bizga ro‘yxat beryapti. Ana shu ro‘yxatdagi odamlardan “nega bording, nima sababdan, qancha turding” kabi savollarga javob beradigan tushuntirish xati yozdirib olishimiz shart ekan. Keyin bu tushuntirish xatlarini ROVDga beramiz. Keyin u odamlarni ROVDga chaqirib so‘roq qilishadi”, dedi o‘qituvchi.

Zangiota tumanining Masalboy qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir o‘qituvchining aytishicha, har kuni bu ish uchun o‘nga yaqin o‘qituvchilar darsdan ozod qilinmoqda:

“Har kuni bizning maktabdan 8 o‘qituvchi bu ish uchun ajratiladi. 48,53,50,26,76-maktablarda ham shu ahvol. Biz ro‘yxat bo‘yicha uyma-uy yurib, o‘sha odamlarni topamiz va mahalla idorasiga olib boramiz. O‘sha yerda tushuntirish xati yozdirib olamiz. Bunday o‘ylab qarasak, biz melisaning ishini qilyapmiz ekan. Odamlar ham bizga “yaqinda tergovchi bo‘lib ketasan”, deb kulyapti. O‘qituvchini hokimiyat eshshak qilib minib oldi. Agar haqqingni talab qiladigan bo‘lsang, maktabni tekshiruvchi bosadi. Hamma direktorlar bu yil qariyb infarkt bo‘ldi. O‘qituvchilarning qo‘li ishdan sovigan”, dedi o‘qituvchi.

Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning Qozog‘istonga borib kelganlardan tushuntirish xati yozdirib olayotgani faktini tasdiqladi:

“Ichki ishlardan Qozog‘istonga chiqib kelgan odamlardan tushuntirish xati olishda yordam beringlar deb topshiriq bergan. Shuning uchun biz maktab direktorlariga shunday ko‘rsatma berganmiz. To‘g‘ri, men ham o‘qituvchiman, mening ham ularga ichim kuyadi. Bechora o‘qituvchilarga topshiriqlarni yuklayverib, ularni ezib yubordik. Lekin boshqa choramiz yo‘q. Hokimiyat va ichki ishlar buyrug‘ini bajarishga majburmiz. Agar bajarmasak bizni ham ishdan bo‘shatishadi”, dedi boshqarma mulozimlaridan biri.

O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlari, jumladan o‘qituvchilarning jamoat, obodonchilik va dala ishlariga majburiy safarbar etilishi har yili kuzatiladi.

Joriy yilning avgust oyida Jizzax viloyati hokimi buyrug‘iga ko‘ra, viloyatdagi byudjet tashkilotlari ishchilari g‘o‘zani “shamollatish” tadbiriga jalb etilgan edi. Har bir ishchi-hasharchi zimmasiga bir gektar g‘o‘za maydonidagi egatda birma-bir yurib chiqish vazifasi yuklatilgandi.

May oyida esa Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi barcha maktab, bog‘cha o‘qituvchi va tarbiyachilari qo‘shni tumanga g‘o‘za chopig‘iga safarbar etilgan edi.

Joriy yil may oyining boshida Toshkent viloyati Angren shahridagi tashkilot va korxonalarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘iga haydalgan edi.

O‘tgan yili ham davlat korxonalari ishchi-xizmatchilaridan tortib talabalargacha g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga jalb etilgan va talabalardan chopiq uchun pul yig‘ish holatlari ham kuzatilgan edi.

XS
SM
MD
LG