Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:10

Moskva politsiyasi 3 mingdan ortiq migrant patentini bekor qildi


Moskva politsiyasi migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi ishlash ruxsatnomasi (patent) pulini o‘z vaqtida to‘lamagan 3 mingdan ortiq muhojir patenti bekor qilinganini bildirdi. Ushbu shaxslar politsiya idorasiga ko‘ra Rossiya hududini tark etishlari lozim.

“To shu paytgacha Moskvada patent to‘lovini bermagan 1600 dan ortiq chet ellik huquq-tartibot organlari tomonidan qidirilmoqda”- deb yozilgan Moskva politsiya idorasi rasmiy saytida.

Moskva migratsiya boshqarmasi hisob-kitobi bo‘yicha shu kunlarda ishlash ruxsatnomasi pulini to‘lamagan 3 mingdan ortiq muhojir aniqlangan.

Boshqarma patent pulini o‘z vaqtida to‘lamagan muhojirlar telefonlariga SMS xabar yuborish bilan ogohlantirgan.

Moskva viloyatida ishlayotgan quruvchi Toshtemir, o‘tkan yil yoziga qadar patent olib ishlagan. Biroq ishsiz qolgandan keyin ishlash ruxsatnomasi olmasdan ishlashga majbur bo‘lganini aytadi.

"Meni telefonimga qariyb 3 oy davomida “patent to‘lovini topshiring” degan SMS migratsiya idorasidan kelib turdi. Ishsiz qolganimdan keyin patent pulini berolmadim. Rossiya chegara hududidan chiqib, qayta kirishga to‘g‘ri keldi. Agar tayin ish bo‘lsa, patent olib ishlash mumkin. Hozir ish kam, ish bo‘lsa ham maosh yetarli emas. Hamma narsa qimmat, bu erdagi xarajatlarni ko‘tarmaydi. Men bilgan oldin patent olib ishlagan ko‘pchilik markaziy osiyoliklar, hozir patent olmay qo‘yishdi. Chunki patent narxi baland", dedi Toshtemir.

Moskvada ishlash ruxsatnomasi narxi oyiga 4200 rublni tashkil etadi. Oldinroq Moskva hukumati 2017 yilda migrantlar uchun patent narxi o‘zgarmasligini bildirdi.

Bundan ikki hafta oldin Rossiyadagi “Migrant Mehnatkashlar Kasaba Uyushmasi” O‘zbekiston va Tojikiston muhojirlari murojaati asosida Rossiya poytaxtida patent narxini kamaytirish taklifi bilan Moskva hukumatiga maktub topshirdi. Ushbu tashkilot rahbari Rinat Karimovning Ozodlikka aytishicha, kasaba uyushmasi murojaatiga Moskva hukumati hozircha javob qaytargani yo‘q.

Rinat Karimovning fikricha, ish haqqi kam to‘lanadigan, xususan O‘zbekiston va Tojikiston vatandoshlar uchun hozirgi patent narxi adolatsizlikdir.

“Patent olgan xorijiy vatandosh ishga yollanganda, ish beruvchi qonun yuzasidan uning maoshidan qo‘shimcha 13 foiz soliq to‘loviga o‘tkazadi. Bu degani patent asosida ishlayotgan muhojir davlatga ikki marotiba soliq to‘laydi. Ish beruvchi tashkilotlar tomonidan muhojirning patent uchun oyiga 4200 rubl to‘lagani nazarga olinmaydi. Bunday vaziyat Rossiya mehnat qoidalariga mos kelmaydi", dedi Rinat Karimov.

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo - Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston, Armaniston mamlakatlari vatandoshlari Rossiyada ishlashi uchun patent rasmiylashtirish talab etilmaydi. Shu qatorda ular uchun yashash joylarida ro‘yxatdan o‘tish ham kerak bo‘lmaydi.

Patent to‘lovini bermay, yashab yurgan muhojir Rossiya qonuniga muvofiq 5 mingdan 7 ming rublgacha jarimaga tortiladi va deportatsiya qilinadi.

Agar chet ellik 180 kundan 270 kungacha Rossiya hududida noqonuniy yurgan bo‘lsa, uning 5 yil davomida Rossiyagaga kirishi taqiqlanadi.

XS
SM
MD
LG