Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:44

Sherobod hokimiga arz qilib borgan 20 bozorchini muovini quvib haydadi


Sherobod bozoridagi yoymachilar.
Sherobod bozoridagi yoymachilar.

Sherobod tumani dehqon bozorida savdo qiluvchi yoymachilardan qariyb yigirma nafari 3 noyabr kuni ertalab soliq inspektsiyasi xodimlari tomonidan bozordan haydalganidan so‘ng, tuman hokimligiga arz qilib bordi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlardan birining aytishicha, savdogarlar shikoyatini eshitgan tuman hokimining o‘rinbosari ularning muammosi hal etilmasligini, xohlagan joyiga borib arz qilishi mumkinligini aytgan.

Sherobod tumani dehqon bozrida savdo qiladigan qariyb 20 nafar yoymachilarning hokimiyatga arz qilib borgani haqida ismi sir qolishini so‘ragan, ana shu arzchilar qatorida bo‘lgan savdogarlardan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Biz hokimdan non ber deb, so‘rab bormadik. Biz hokimga soliqchilar bizni tinch qo‘ysin, biz ham u bu narsa sotib tirikchiligimizni qilaylik, demoqchi edik. Lekin hokim o‘zini ko‘rsatmadi. Aksincha, o‘rinbosari chiqib, hammamizni quvib haydadi. Soliqchilar bizga “ana Sherbaraka bozoriga borib savdo qil” deydi. Bizning u yerdagi 300 ming so‘mlik ijarani to‘laydigan pulimiz yo‘q”, deydi savdogar.

Uning aytishicha, bu odamlar dehqon bozorining ichida va tashqarisida, muqim bir joysiz, ko‘chaga mollarini yoygan holda savdo qilishadi.

Savdogar, bu savdosidan davlatga soliq to‘lamayotganini inkor qilmaydi, ammo hokimiyat ularning erkin savdo qilishi uchun boshqa qonuniy yo‘llarni yaratib berishi mumkinligini aytadi:

"Bizlar katta savdogar emasmiz. Biz kichik narsalar bilan savdo qilamiz. Masalan, men rezinka, g‘altak, shunga o‘xshagan narsalar sotaman. Oborotim katta emas. Kunlik tushumimiz ham kam. Shuning ortidan ro‘zg‘orimizni arang tebratib kelyapmiz. Mayli, bizga patent sotib olinglar desin, mayli biz har kunlik joy uchun chek olaylik, lekin tirikchigimizni bizdan tortib olmasin. Axir hamma ham katta savdogar bo‘la olmaydiku. Agar menga boshqa ruxsat berishmasa, uch bolam och qoladi. Yolg‘iz onaman va menga o‘xshaganlar o‘nlab. Ishsizlik sabab hozir ko‘pchilik ana shunday kichik savdogarlik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lyapti. Prezidentimiz tadbirkorlar uchun ochiq yo‘l deyapti. Lekin qani o‘sha ochiq yo‘l. Bizni o‘lmaylik deb topib turgan bir burda nonimizni ham tortib olishmasin”, dedi hokimiyatga arz qilib borgan savdogarlardan biri.

Sherbaraka bozorida savdo qiluvchi tadbirkor Zulfiya Tavasharovaning aytishicha, yoymachilarning sharoiti haqiqatan ham og‘ir:

“Bu yoymachilarning ahvoli juda og‘ir bo‘lib qoldi. Ular bizga o‘xshab oyiga 300-400 ming so‘m ijara haqi to‘lolmaydi. Bugun yigirma kishi bo‘lib hokimga arz qilib borishgan ekan, hokim o‘rinbosari agar ketmasalaring, melisa chaqirib qamataman, debdi”, deydi Zulfiya Tavasharova.

Ozodlik savdogarlarning bu arzlariga munosabat olish uchun Sherobod tumani hokimligi bilan bog‘landi. O‘zini Sherobod tumani hokimi yordamchisi Baxtiyor deb tanishtirgan mulozim hech narsadan xabari yo‘qligini aytdi.

O‘zbekiston bozorlaridagi joylarning ijara narxlari va tadbirkorlikka qo‘yilgan soliqlar yuqori bo‘lgani sabab, hamma tadbirkorlar ham bozorlardan o‘ziga ijaraga joy olib, savdo qilish imkoniga ega emas.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekistondagi bozorlar va savdo komplekslarining yig‘imlar, ijara to‘lovi me’yorlari tasdiqlangan edi.

Norma.uz Internet saytining ma’lum qilishicha, yangi tartibga ko‘ra, Toshkent bozorlarida savdo qiluvchi shaxs har kuni pattachiga 2200 so‘m, viloyat markazlarida 1600 so‘m va tuman markazlarida kamida 900 so‘m to‘lashlari shart

Hujjatda har bir savdo joyining hajmi uzunasiga 1-1,2 metrni tashkil etishi kerakligi aytiladi. Agar savdo joyi bundan oshsa, qo‘shimcha to‘lov undiriladi.

O‘zbekistonda bozorlardan tashqarida va yo‘llarda savdo qiladigan kichik savdogarlarni esa soliq inspektsiyasi xodimlari muntazam ta’qib qilib keladi.

19 oktabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar -O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi qurultoyida chiqish qilgan Mirziyoev "xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan vaqt kelgani"ni aytgan edi.

Mirziyoevning aytishicha, O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga doir raqamlar odamlar turmushida aks etmayapti.

"O‘sish sur’atlari - bu shunchaki bir maqsad emas. Bunday o‘sish avvalo xalqimizga, har bir fuqaroga qanday naf etkazishi, uning dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi biz uchun muhim masaladir", - degan edi Shavkat Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG