Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:12

Rustam Azimov: O‘zbekiston Xitoy va Rossiya sarmoyadorlariga imtiyozlar beradi


Bishkek sammitida O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov rahbarlik qildi.
Bishkek sammitida O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov rahbarlik qildi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari rahbarlarining Bishkek sammitida O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov rasmiy Toshkent birinchi prezident Islom Karimov belgilab bergan “O‘zbekistonning o‘ziga hos taraqqiyot yo‘li”dan og‘ishmay borishini yana bir bor ta’kidladi. Rustam Azimov O‘zbekiston rahbariyati qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori ekanini aytib, Toshkent Xitoy va Rossiya bilan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishdan umidvor ekanini bildirdi.

Bishkekda o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari rahbarlari sammitida O‘zbekistonni tamsil qilgan Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov, dastlab o‘z mamlakati iqtisodiyot sohasida erishgan yutuqlarni sanab o‘tdi.

Azimovga ko‘ra, birinchi prezident Islom Karimov asos solgan “taraqqiyotning o‘zbekcha modeli” siyosati oqilona olib borilgani ortidan, bugungi kunda kichik biznes va tadbirkorlik sohasida aholining 77 foizi band bo‘lmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari jahon iqtisodiyotida inqirozli vaziyat davom etayotgan bir paytda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 7,5 foizga ta’minlanganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Rustam Azimov O‘zbekistonning yangi rahbariyati qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekanini aytdi:

-O‘zbekiston Xitoy, Rossiya, yaqin qo‘shnilarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun real qadamlarni tashlamoqda. Bu masalalarda yangi imkoniyatlarni va barcha tomonlar qabul qiladigan o‘zaro manfaatli yo‘llarni izlab topishga harakat qilmoqda,-dedi Rustam Azimov.

Bosh vazir o‘rinbosari butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish va avtomatlashtirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotganini, bu esa katta sarmoya talab qilishini aytdi. Rustam Azimov fikricha, bu sohada O‘zbekiston Rossiya va Xitoyga tayanadi:

-Biz bu masalada hamkorlarimiz, birinchi navbatda Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bilan tig‘iz hamkorlik qilayapmiz. Shu o‘rinda aytib o‘tishim lozimki, O‘zbekistonda bu sohada sarmoyadorlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratish davom etmoqda, -dedi rustam Azimov.

Uning aytishicha, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning 26 oktabrda imzolagan qaroriga muvofiq Navoiy va Angren erkin iqtisodiy hududlarida ishlayotgan sarmoyadorlarga soliq va boshqa to‘lovlardan imtiyozlar beriladi. Bundan tashqari Qo‘qon, Urgut va G‘ijduvon erkin iqtisodiy hududlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Rustam Azimov Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida iqtisodiy hamkorlik masalasi zaif bo‘lib qolayotganini tanqid qildi.

-Tashkilotimizning zaif tomonlaridan biri moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning ko‘p tomonlama mexanizmi yo‘qligi va ShHT doirasida sarmoyaviy faollikning yo‘qligi bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston ShHT banki tashkil etilishini qo‘llab –quvvatlaydi. Lekin buning uchun mana bu printsiplar amal qilishi kerak. Birinchidan, mazkur bank mutlaqo yangi va mustaqil moliyaviy institut sifatida tashkil etilishi kerak. Ikkinchidan, bankning faoliyati faqat tashkilotga a’zo davlatlarning iqtisodiy taraqqiyoti va strukturaviy islohotlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan loiyhalarni sarmoyalashga qaratilishi lozim. Uchinchidan, bank asosiy donor davlatlardan birining hududida joylatirilishi shart, -dedi Rustam Azimov.

Bishkekda o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari sammitida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Bosh vazirlari ishtirok etdi.

Qozog‘iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintaev sammitda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida erkin iqtisodiy hudud tashkil etishni taklif etdi. Bu taklif Xitoy hukumati rahbari Li Ketsyan tomonidan qo‘llandi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev esa Pokiston tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish arafasida ekanini aytdi. Tashkilotning 2017 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlar sammitida Pokistonni to‘laqonli a’zolikka qabul qilish kutilmoqda.

Bishkek sammitida hukumat rahbarlari ShHT taraqqiyot bankini tashkil etish, ilmiy-texnik hamkorlik, moliyaviy masalalarga oid 11ta hujjat imzolandi.

2001 yilda tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston a’zo davlat hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG