Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:53

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaga mehnat migratsiyasini muhokama qilish uchun bordi


O‘zbekiston Mehnat vazirligi delegatsiyasi ikki mamlakatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini yanada yuqori va sifatli darajaga olib chiqish maqsadida Rossiyaga safar qildi. Bu haqda Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi axborot xizmatiga tayanib,"Gazeta.uz" xabar qildi.

Aytilishicha, safar Vazirlar Mahkamasining 2017 yilga mo‘ljallangan aholi bandligi dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tarzda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya ish beruvchilari bilan bevosita aloqalarini o‘rnatish va olib borilayotgan ishlarni faollashtirish maqsadida uyushtirilgan.

«Hamkorlikning yuqori va sifatli darajasi fuqarolarimizni Tashqi mehnat masalalari agentligi tarmog‘i bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi hududida sivilizatsion tarzda ishga joylashtirish kabi masalalarni hal etishni ko‘zda tutadi», — qayd etildi agentlik xabarida.

Agentlik bilan hamkorlikda ishga joylashish O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududidagi huquq va manfaatlari himoya qilinishi, ijtimoiy-mashishiy sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi va kafolatlaydi. Mustahkam choralar qatorida mehnat migrantlari yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha zudlik bilan javob olishi mumkin bo‘lgan aloqa kanallarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari Rossiyada ko‘p duch keladigan muammolardan biri RF hududlarida ma’muriy organlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hisoblanadi. Tashrif chog‘ida Moskva, Sankt-Peterburg, Krasnoyarsk, Kemerovo va Astraxan kabi shaharlarda Rossiya ish beruvchilari bilan ishchi muzokaralarni olib borish belgilangan.

Ozodlikdan: Rossiyada ishlab yurgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari yillardan buyon ularning muammolariga O‘zbekiston hukumati befarq qarab kelayotganidan shikoyat qiladi.

Rasmiy Toshkentning bu masalaga munosabati marhum Islom Karimovning bundan 3 yil muqaddam aytgan gapida o‘zining yorqin ifodasini topgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2013 yilning 19 iyunida Jizzax viloyatiga qilgan safari chog‘ida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini dangasaga chiqarib, bunday degan edi:

- Men sizlarga shunday tavsiya beraman. Qo‘l ostingizda ishlayotgan odamlarni hech qachon qiynamanglar, unday qilmading, bunday qilmading, deb. Endi dangasalar hozir O‘zbekistonda kamdan kam. Endi dangasalar deb kimni hisoblayman, mana Moskvaga borib ko‘chalarni, maydonlarni supuradiganlarni. O‘tda nima yo‘q, odam jirkanadiki o‘zbek millatidan shunaqa borib, o‘ziga bir burda non topish uchun o‘sha yoqqa borish kerak ekan. Ha, O‘zbekistonni o‘zida hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q, baraka topgur!... Bunaqalarni dangasa deymanki, katta pul tezroq topish uchun u yoqqa borib sharmanda qiladi hammamizni, degan edi Islom Karimov.

Keyingi oylarda esa, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyaning deportatsiya lagerlarida O‘zbekiston rasmiylarining masalaga befarqligi tufayli bir necha yillab qolib ketmoqda.

Rossiya Federal migratsiya xizmati e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda Rossiyada rasman ro‘yxatga olingan 1 million 800 ming kishi atrofida o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bor.

XS
SM
MD
LG