Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:42

Ukraina yaxlitligi uchun jang qilgan Shavkatga Kiev qochqinlik bermayapti


Shavkat Muhammad
Shavkat Muhammad

Ukraina Davlat migratsiya xizmati “Aydar” qo‘ngillilar batalьoni safida Donbassda separatchilarga qarshi jang qilgan o‘zbekistonlik Shavkat Muhammadga qochqinlik statusini bermadi. Uchinchi marotaba rad javobini olgan Shavkat Muhammad Ukrainadan chiqib, Yevropa Ittifoqi hududiga ketishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Ukrainadagi huquq himoyachilari Shavkat Muhammad kabilar ko‘pligiga e’tibor qaratmoqda.

Donbassda Ukraina Qurolli Kuchlari safida turib urushgan 33 yoshli Shavkat Muhammad qochqinlik maqomini so‘rab yozgan arizasiga navbatdagi - uchinchi rad javobini joriy yilning 27 oktabrida oldi.

Facebookdagi sahifasida Shavkat Ukraina Davlat Migratsiya xizmatining “qochqin yoki qo‘shimcha himoyaga muhtoj shaxs sifatida tan olishga berilgan rad javobi”, deb nomlangan hujjatni chop etdi. Rasmiy hujjatda rad javobini olgan shaxs “ko‘rsatilgan muddatda Ukrainani tark etishi kerak”ligi uqtirilgan.

Ukraina Migratsiya xizmati bergan rasmiy javobi
Ukraina Migratsiya xizmati bergan rasmiy javobi

Ukraina Davlat Migratsiya xizmatida Ozodlik so‘roviga javob bergan matbuot xizmati boshlig‘i Sergey Gunko Shavkat Muhammadga berilgan rad javobiga asos borligini tushuntirishga urindi:

- Uning ishi borasida men biror narsa gapirishga haqqim yo‘q! Lekin, umumiy vaziyatga kelsak, BMT Konvensiyalarida harbiy harakatlarda ishtirok etishgina qochqinlik maqomini olishga imkon yaratmasligi belgilangan. Ukraina qonunchiligida “terrorchilikka qarshi amaliyot”larda ishtirok etgan xorijliklar bilan bog‘liq barcha vaziyatlar nazoratga olingan. Unda Ukraina Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzolagan chet elliklar 3 yildan keyin fuqarolik olishi imkoni yaratilgan, dedi migratsiya rasmiysi.

Sergey Gunko o‘zbekistonlik qochqin Shavkat Muhammad migratsiya idorasi javobi ustidan shikoyat qilishi mumkinligini ham bildirdi.

Shavkat Muhammad Feysbukdagi sahifasida Ukrainadan chiqib, G‘arb mamlakatlaridan biridan qochqinlik so‘rash niyatida ekanini ma’lum qildi.

Shavkat Muhammad Donbassda
Shavkat Muhammad Donbassda

Ayni paytda, Ukraina blogosferasida Shavkat himoyasiga katta guruh tashkil etildi. Roman Volkov Ukraina hukumatining aynan o‘zbek qochqinlari masalasidagi pozitsiyasini tanqid ostiga oldi.

Hukumatimizda siyosiy qochqinlar masalasida O‘zbekiston bilan juda g‘alati munosabatlar shakllangan. O‘zbekiston vatandoshlari hatto Yushchenko davrida deportatsiya qilingan”, deb yozdi Roman Volkov.

Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi, huquq himoyachisi yevgeniy Zaxarov Ukraina Migratsiya xizmatining rad javobi aslida mahalliy Xavfsizlik xizmati qarori ekanini taxmin qildi. U hatto urush vaqtida Ukraina Rossiyadan qochgan shaxslarni Moskvaga qaytarib berganini eslatdi.

Shavkat Muhammad himoyasiga Radaning bir necha deputati otlangani ham ma’lum bo‘ldi. “Aydar” batalyonini tuzgan “maydonchi” Sergey Melnichuk, taniqli deputatlar Nikolay Parasyuk va Igor Lapinlar shular qatorida. Ozodlik bugungi kunda Shavkat Muhammad ishi bilan Xarkov huquq himoyasi tashkiloti shug‘ullanayotganini aniqladi.

Shavkatning yaqin do‘stlaridan biri, “Aydar” batalyonining sobiq vzvod boshlig‘i Maksim Kozub Ozodlikka parlament a’zosi Vladimir Aryev o‘zbek qochqini masalasida shaxsan Ukraina Migratsiya xizmati boshlig‘i Sokolyuk bilan suhbatlashganini bildirdi.

- Ukraina Migratsiya xizmati qarori ustidan ham ma’muriy, ham boshqa yuqori instantsiyalarga arz qilinadi. Shavkat ishi bilan Xarkov huquq himoyasi tashkiloti qiziqib qoldi. Ular Shavkatga advokat taqdim etdi. Janob Sokolyuk Rada deputatlari talabi bilan Shavkat ishini shaxsan o‘rganib chiqishini va’da berdi. Shavkat Ukraina hududida bir qancha jamoatchilik tashkilotlari faoliyatida ishtirok etib kelgani ham hisobga olinadi. Bugun uning himoyasiga yana bir taniqli odam – Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi personali boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Sergey Nikolaev qo‘shildi, dedi Maksim Kozub.

Suhbatdosh Shavkat vaziyatida qolayotgan bir qancha boshqa xorijlik borligini qo‘shimcha qildi. Maksim Kozub Donbassdagi mojaro vaqtida Ukraina tarafida jang qilgan xorij vatandoshlari bilan avvaliga hech qanday shartnoma imzolanmagani, shartnoma tuzish Ukraina sharqidagi vaziyat biroz barqarorlashtirilganidan keyin boshlanganini eslatdi.

Ozodlik Shavkat Muhammadning o‘zi bilan ham telefon orqali aloqaga chiqdi. Mikrofonsiz suhbatda o‘zbekistonlik qochqin o‘z huquqlari uchun Ukraina Migratsiya xizmati bilan kurashni davom ettirishini bildirdi. Vaziyat o‘zgarmasa u G‘arb mamlakatlaridan birida qochqinlik so‘rashini aytdi.

Asli jizzaxlik Shavkat Muhammad 2014 yilda Kiev maydoni barrikadalariga ko‘ngilli tibbiy xodim sifatida kelgan, o‘sha erda yaralangan.

Keyinroq, 2014 yilning sentyabrida, u Donbassdagi jangovar harakatlar bo‘layotgan hududlarga insonparvarlik yuklarini yetkazishda ishtirok etgan. Birmuncha vaqt Shavkat Muhammad “Aydar” batalyoni tarkibida ayirmachilarga qarshi jang qilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Donbassdagi janglarda ishtirok etish uchun mamlakatga kelmoqchi bo‘lgan fuqarolarni buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG