Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:04

Andijonlik davlat xizmatchisi "Tozalash" tadbiri xodimlarini qonunga rioya qilishga chaqirdi


Osiyo Qo‘chqorova 20 kun ichida virtual qabulxonaga 5 marta murojaat qilganini aytadi
Osiyo Qo‘chqorova 20 kun ichida virtual qabulxonaga 5 marta murojaat qilganini aytadi

Andijon viloyati Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasi xodimasi mahalliy huquq-tartibot organlarini “Tozalash-Antiterror" tadbiri bahonasida oddiy vatandoshlar huquq va erkinliklarini buzishda aybladi.

Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasi xo‘jalik ishlari mudirasi Osiyo Qo‘chqorovaning Ozodlikka shikoyat qilishicha, tuman huquq-tartibot idoralari xodimlaridan tashkil topgan guruh uning uyini 12 oktabrda “qonunda ko‘rsatilgan tartibga xilof ravishda” tintuv qilgan, uni haqoratlagan, militsiya bo‘linmasiga olib borib, barmoq izlarini olgan va “qamoqqa tiqamiz”, deya tahdid qilgan.

34 yashar Osiyo Qo‘chqorova hodisa yuzasidan Bosh vazir virtual qabulxonasiga besh marta shikoyat arizasi yozgani ammo, hozirgacha hech qanday javob ololmaganini aytadi.

​Osiyo Qo‘chqorovaga ko‘ra, 12 oktabrda 6 kishilik bir guruh Baliqchi tumanida yuz bergan o‘g‘irlik jinoyati yuzasidan Osiyoning Toshkentda istiqomat qiluvchi akasi Jahongir Qo‘chqorov gumonlanayotgani va uy tintuv qilinishi kerakligini ma’lum qilib, “eshikni buzib” kiradi:

- Ish joyimda edim. Onam telefon qildi. Nihoyatda qo‘rqib ketgan. Shokka tushib qolgan. Tez yetib kel, uyni tintuv qilishmoqchi, dedilar. Xullasi kalom, uchtasi formada ikkitasi grajdan libosida. Mahalla raisi guvohlik qilgan, posbon guvoh bo‘lgan, bir qo‘shni erkak guvoh bo‘lgan. Onamga ular boshida to‘g‘ri ma’lumot bermagan. Onamga “Qo‘chqorov Ilhomjon xo‘jayiningiz o‘g‘irlikda gumon qilinib, uyni tintuv qilgani keldik,” degan. Onam qo‘rqib ketganda, “xo‘jayinim kelsa, eshikni ochaman, hozir ochmayman,” degan. Ular “ie, qarorda Qo‘chqorov Jahongir ekan o‘g‘lingiz, Baliqchi tumanida birovning xonadonida o‘g‘irlik bo‘lgan, Damasda bir million pul yo‘qolgan, gumondor shaxs sifatida Qo‘chqorov Jahongirning xonadoni tintuv qilinsin, degan qaror bor qo‘limizda, deyishadi. Onam qo‘rqib ketganda, eshikni ochmagan. Men ishxonadan borsam, allaqachon, eshikni buzib, bostirib kirib, hamma yoqni tintuv qilayotgan ekan, - deb eslaydi Osiyo Qo‘chqorova.

U o‘sha kuni yuz bergan hodisadan hamon o‘ziga kela olmayotganini aytadi:

-Uyni tintidi. Men tintuvga qarshi emasman, lekin tintuvning qarorlariga o‘zlari rioya qilmadi. Bizga qo‘pol muomala qildi. Onamni haqorat qildi. Kurakta turmaydigan... Men u so‘zni aytgani uyalaman. Qog‘ozga o‘rab aytaman: sizni ichki kiyim, lattalaringizni ko‘rgani kirganim yo‘q, dedi. Onam: mana bunda ichki kiyimlarim bor, o‘g‘lim, o‘zim ochay, desa, yoyib tashladi. Tushunayapsizmi? – deydi Osiyo Qo‘chqorova.

U huquq-tartibot xodimlari tintuvni qonunga xilof ravishda o‘tkazganini iddao qildi:

- Men tintuv qarorini so‘radim. Qo‘limga bermadi, ushlatmadi. Qarorning 160, 161, 162, 164-moddalarga asosan, tintuv o‘tkazayapmiz, dedi. Lekin 160-moddada qaror bilan xonadon egasini tanishtirib, imzo qo‘ydirish kerak ekan. 161,162-moddalarda bir jinsli shaxs tintuv o‘tkazishi kerak ekan, ya’ni biz ayollarni tekshirish uchun ayol kishi kirishi kerak ekan sherik bo‘lib. Ham saranjomlikni saqlagan holda, deyilgan ekan, - deydi Osiyo Qo‘chqorova.

Tintuv bayonnomasi
Tintuv bayonnomasi

U tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilgani, barmoq izlari va fotosuratlari olinib, 2014 yilda nima uchun Turkiyaga safar qilgani haqida ma’lumot berishga majburlanganini ilova qildi:

- Mendan barmoq izi va fotosurat olishdi. “2014 yilda Turkiyaga chiqqan ekansiz,” deb so‘radi. To‘g‘ri, pasportimda OVIR bor, Turkiyaning pechati bor. 2014 yilda men Turkiyaga chiqib kelganimdan keyin Baliqchi tuman Milliy xavfsizlik xizmati suhbat qilgan, Ichki ishlar suhbat qilgan. Men, kak polojeno, ish joyimdan qonuniy ta’til olib chiqib kelganman. Ular: “Nima maqsadda chiqqansiz?” deb so‘rashdi yana. Men aytdim: “Turist bo‘lib chiqqanman, o‘ynab kelganman, sayohat qilganman”. “Axir u yer o‘ynagani joymasu,” deyapti. Axir, deklaratsiyada turist deb belgilaganman, aeroportda nima uchun bojxona yo‘limni to‘smayapti, chiqma, sen turist bo‘lib borish mumkin emas, demadi? - deydi Osiyo Qo‘chqorova.

U, shuningdek, militsiya bo‘linmasida tintuv bayonnomasiga imzo qo‘yishga majburlangani, o‘ziga nisbatan qamoq tahdidi bo‘lganini iddao qildi.

tintuv o‘tkazish tartibi
tintuv o‘tkazish tartibi

Ayni hodisada ishtirok etgan ichki ishlar xodimlarining xatti-harakati yuzasidan Osiyo Qo‘chqorovaning otasi, Ilhomjon Qo‘chqorov, O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga shikoyat arizasi yo‘llashi ortidan Andijon viloyat prokuraturasi rasmiy javobi kelgan.

Biroq, tintuv paytida "tadbirga jalb qilingan xodimlar tomonidan... qonunsiz xatti-harakatlar sodir etilgani aniqlanmadi," deya ta’kidlanadi prokuratura javobida.

Osiyo Qo‘chqorova so‘zlab bergan hodisa yuzasidan Baliqchi tuman militsiyasi boshlig‘i Sardorbek Umarov Ozodlikka izoh berishni istamadi.

Osiyo Qo‘chqorova hozirga qadar bosh vazir virtual qabulxonasiga 5 bor shikoyat arizasi yozgani, ammo hanuzgacha unga javob berilmaganini aytadi.

O‘zbekistonda “Tozalash - Antiterror” tadbiriga qarshi emasligini aytgan Osiyo Qo‘chqorovaga ko‘ra, hukumat chiqargan qarorlarni joylarda xodimlar "o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda".

Andijon prokuraturasi javobi
Andijon prokuraturasi javobi

Osiyo Qo‘chqorova uning arizalari prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev virtual qabulxonasiga yetib bormayotgani uchun Ozodlikka murojaat qilishga majbur bo‘lganini alohida ta’kidladi:

- Arizalarim aynan u insonning qo‘liga yetib borishi uchun chiqayapman. Balki shikoyatim ovozim orqali etib borsa. Balki jiddiyroq qararmikin? Ichki ishlar organlari, prokuratura xodimlariga jiddiyroq munosabatda bo‘larmikin?

O‘zbekiston Ichki ishlar idoralari 20 fevralda boshlangan keng ko‘lamli “Tozalash - Antiterror” tadbiri o‘tgan oy Andijon viloyatida o‘tkazilgan edi.

Tekshiruv doirasida xorijga chiqqan o‘zbekistonliklarga oid shaxsiy ma’lumotlar to‘planib¸ ular bilan “profilaktik” suhbat o‘tkaziladi va maxsus ro‘yxatga kiritiladi.

XS
SM
MD
LG