Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:51

Farg‘onada millionlarni o‘zlashtirgan sug‘urta amaldorlari mahkamaga tortildi


“O‘zagrosug‘urta”ning Yozyovondagi mas’uli katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj etgani uchun jazolandi. Moliya vazirligi keyingi yilda YaIM 7,8 foizga o‘sishini bashorat qilmoqda. Toshkentda maxsus xizmat kiyimida qurolli bosqinlar uyushtirgan xavfli to‘da ushlandi. O‘tgan haftada mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________________________

Bosh vazir virtual qabulxonasiga kommunal soha bo‘yicha shikoyatlar ko‘plab kelmoqda

O‘zbekiston Bosh vaziri qabulxonasiga yo‘llangan shikoyatlarning kattagina qismini kommunal sohaga oid masalalar tashkil etmoqda (“Oila davrasida”, 27 oktabr). “Ijtimoiy muammolar haqida gap ketar ekan, bu borada kommunal soha hamon eng og‘riqli ekani barchamizga ayon. E’tiborlisi, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kommunal sohadagi muammolar hal etilgani bois ko‘plab minnatdorlik xatlari kelmoqda”, deb yozadi gazeta.

“Darakchi” nashri esa virtual qabulxonaga murojaat yo‘llash borasida maslahat berarkan, bir murojaatda faqat bitta masala ko‘tarilgani ma’qul ekanini ta’kidlaydi. “Avval qaysidir davlat organiga murojaat qilingan bo‘lsa va u erdagi mansabdor shaxs tomonidan masala joyida hal etilishi o‘rniga paysalga solingan yoki qo‘pol muomala qilingan bo‘lsa, albatta ushbu mansabdor shaxsning F.I.Sh. va lavozimini ko‘rsating. Shunda mansabdor shaxsni nisbatan tegishli choralar ko‘riladi”, deya maslahat beradi “Darakchi” gazetasi.

Millionlarni o‘zlashtirgan sug‘urta amaldorlari mahkamaga tortildi

“O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyati Yozyovon tumani bo‘linmasi boshlig‘i katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj etgani uchun jazolandi. “Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, sug‘urta mansabdori fermer xo‘jaliklariga tegishli 44 million so‘m sug‘urta pulini hujjatlarni soxtalashtirib o‘zlashtirgan. Shuningdek, 18 nafar fuqaroning zararini qoplab berish vaji bilan yana 61 million so‘m o‘zlashtirilgan. “O‘zagrosug‘urta” shirkatining Farg‘ona viloyati filiali boshliq o‘rinbosari esa mablag‘ talon-taroj etilganini ko‘rib ko‘rmaslikka olish evaziga 29,5 million so‘m pora olgan. Qayd etilishicha, sud har ikki sug‘urta amaldoriga aybiga yarasha jazo tayinlagan.

Moliya vazirligi 2017 yilda yalpi ichki mahsulot 7,8 foizga o‘sishini bashorat qildi

2017 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,9 foiz va qishloq xo‘jaligi 6,2 foizga o‘sishi kutilmoqda (“O‘zbekiston ovozi”, 27 oktabr). Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzaev Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, davlat byudjetida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar yildan-yilga oshirilmoqda. 2016 yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar byudjetning 59,2 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda 59,7 foiz bo‘lishi rejalashtirilgan.

Toshkentda maxsus xizmat kiyimida qurolli bosqinlar uyushtirgan xavfli to‘da ushlandi

Toshkentning bir qatori tumanlarida qurolli bosqinlar uyushtirgan jinoiy to‘da qo‘lga olindi (“Postda”, 25 oktabr). Pnevmatik to‘pponcha bilan qurollangan jinoiy guruh a’zolari bosqinlarni maxsus bo‘linma xodimlari kiyimini kiygan va niqob tutgan holda amalga oshirgan. Bosqinchilar tunda mashinalarni to‘xtatib, avtoulov egalarini ayovsiz kaltaklab, ularga qurol o‘qtalib, qimmatbaho buyum va pullarini tortib olgan. Bu kabi bosqinlar joriy yil iyundan sentyabrga qadar bir necha marta amalga oshirilgan. Ammo jinoyatchilar niqobli bo‘lgani bois jabrdiydalar ularning qiyofasini eslab qola olmagan. Nihoyat 2016 yilning 15 sentabrida Ichki ishlar vazirligi jinoyat qidiruv boshqarmasi qurolli guruhning 6 a’zosini pistarma bilan qo‘lga tushirgan.“Shu tariqa “qashqirlar to‘dasi”ning sarguzashtlari nihoyasiga yetdi”, deya xabar beradi Ichki ishlar vazirligi rasmiy nashri.

XS
SM
MD
LG