Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:22

O‘zbek delegatsiyasi Qirg‘izistonga keldi


O‘zbek va qirg‘iz delegatsiyasi rahbarlari A.Ikromov va M.Abulg‘aziev O‘sh shahri markaziy maydonida, 2016 yil 26 oktyabri.
O‘zbek va qirg‘iz delegatsiyasi rahbarlari A.Ikromov va M.Abulg‘aziev O‘sh shahri markaziy maydonida, 2016 yil 26 oktyabri.

26 oktabr kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahriga O‘zbekistondan bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov boshchiligida 140 kishilik delegatsiya tashrif buyurdi. O‘zbek delegatsiyasini Do‘stlik chegara maskanida Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammetqaliy Abulg‘aziev boshchiligidagi rasmiylar kutib oldilar.

Qirg‘iz delegatsiyasi Do‘stlik chegarasida o‘zbekistonliklarni kutmoqda.
Qirg‘iz delegatsiyasi Do‘stlik chegarasida o‘zbekistonliklarni kutmoqda.

Tarkibiga O‘zbekiston prezidenti devoni, hukumat, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimlari, boshqa rasmiylar, tadbirkorlar, fermerlar, fan, din, madaniyat va san’at arboblari, talabalar kirgan O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘iziston vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadilar.

O‘zbek delegatsiyasi ichida taniqli qo‘shiqchi Ozodbek Nazarbekov ham bor.
O‘zbek delegatsiyasi ichida taniqli qo‘shiqchi Ozodbek Nazarbekov ham bor.

Bu orada chorshanba kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari telefon orqali muloqot qilgani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, Sh. Mirziyoev va A.Atambaev ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilganlar.

Atambaev Mirziyoevga O‘zbekiston rahbariyati ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga, yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik va xotirjamlik tilagan.

O‘sh markaziy maydonida o‘zbekistonliklar uchun o‘tkazilayotgan kontsertdan lavha.
O‘sh markaziy maydonida o‘zbekistonliklar uchun o‘tkazilayotgan kontsertdan lavha.

O‘zbek delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi munosabati bilan O‘shda qator madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalangan. Chunonchi mehmonlar kelishlari bilan ularga O‘sh shahar markaziy maydonida konsert berilgan.

Shundan so‘ng o‘zbekistonlik mehmonlar Talabalar shaharchasida joylashgan O‘sh Davlat universiteti Meditsina fakultetini borib ko‘rganlar.

Keyin mehmonlarga tushlik tortildi.

O‘zbek delegatsiyasi O‘shdagi Bobur teatri oldida.
O‘zbek delegatsiyasi O‘shdagi Bobur teatri oldida.

Tushlikdan so‘ng o‘zbek delegatsiyasi O‘shdagi Bobur nomli o‘zbek akademik musiqali teatri tomon yo‘l oldi. Teatr oldida mehmonlar o‘shliklar bilan muloqotda bo‘ldilar. So‘ngra ular Bobur teatriga tomoshaga taklif etildilar.

O‘zbek delegatsiyasi O‘shdagi Bobur teatrida.
O‘zbek delegatsiyasi O‘shdagi Bobur teatrida.

Teatrdagi madaniy tadbirdan so‘ng o‘zbek delegatsiyasi Sulaymontog‘ sayriga chiqib, tog‘dagi o‘lkashunoslik muzeyini aylandi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari uchrashuvi yakunida Andijon Davlat universiteti va O‘sh Davlat universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi.

XS
SM
MD
LG