Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:06

O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan ayol 2 yildan buyon kasal qizini ko‘ra olmayotir


Rossiyaning Krasnoyarsk shahridan Ozodlikka murojaat qilgan 43 yashar Nigora Norbutaeva qariyb 2 yildan buyon O‘zbekistonda qolgan kasal o‘smir qizini ko‘rolmay qiynalayotganini so‘zlab berdi. Qizimni bir ko‘rsam, keyin o‘lsam mayli, deydi Nigora.

Nigora Norbo‘taeva hali Sovet davrida O‘zbekistondan Tojikistonga turmushga chiqqan, qisqa vaqt o‘tgach eridan ajralib, yana tug‘ilgan yurti - O‘zbekistonga qaytgan.

Ammo u qariyb 2 yil oldin viza tartibini buzish aybi bilan O‘zbekistondan Tojikistonga deportatsiya qilinganini aytdi.

Qonunga muvofiq, Nigora Norbo‘taeva O‘zbekistonda tug‘ilgan o‘smir qizini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekistonning Guliston tumanida tug‘ilib o‘sgan Nigora 90-yillar boshida Tojikiston shimolidagi Zafarobod shahriga turmushga chiqqan.

Zafarobodda bir muddat yashagach yana O‘zbekistonga qaytgan, uch farzand ko‘rgan.

Orada eri uni tashlab, Rossiyaga ketadi va u yerda rus ayoliga uylanadi.

Nigoraning aytishicha, “u paytlar qishloqda hech kim hujjat so‘ramagan”, “ota soyasida” yashab yurgan.

Keyinroq “propiska”, hujjat masalalari boshlanadi.

Nigora Tojikiston qaydidan chiqish uchun SSSR pasporti bilan yana Zafarobodga keladi.

Tojik rasmiylari “oldin yangi tojik pasporti olishing kerak, keyin qayddan chiqaramiz, O‘zbekistonga borib ro‘yxatga olasan,” deb maslahat berishadi.

U Tojikiston pasportini olib yana O‘zbekistonga qaytadi.

- 2000-yillar boshida ota-onam olamdan o‘tdi. Uyda eng katta farzand edim. Hamma qiyinchilik, tashvish meni bo‘ynimga tushdi. Bitta uyda 2 yil ichida ketma-ket 3ta o‘lik chiqardim. Yetishmovchilik bo‘ldi, qiynaldik. Albatta qarindosh-urug‘lar yordam berib turishdi. Dalaga chiqdim, gektar olib ishladim. Yozda ishlagan pulimizni qishda eb chiqdik. Yana Tojikistonga keldim, viza qilib yurdim. Bir kelishimda Tojikistonda 3 oy qolib ketdim. 3-4 yil shunaqa sarson-sargardonlikda yurdim. 2014 yilning dekabr oyida viza muhlati o‘tib ketgani uchun meni sudga chaqirib, Tojikistonga deportatsiya qilishdi, - deydi Nigora.

Deportatsiya qilinganlar orasida, Nigoraning aytishicha, u bilan yana olti nafar Tojikistondan kelin bo‘lib tushgan yosh ayol bo‘lgan.

- Bitta yosh kelinchakka ichim achidi, olti 6 oylik chaqalog‘ini O‘zbekistonda qoldirib, ayolni ham deportatsiya qilishdi. Yana deportatsiya qilinganlarga, 820 ming shtraf to‘lashga to‘g‘ri keldi. Mendan oldinroq O‘zbekistondan Tojikistonga deportatsiya qilingan 21 yashar o‘g‘lim Rossiyadan pul jo‘natdi, jarimani to‘lab, 12 dekabr kuni Tojikistonga chiqib ketdim. U yerdagi sharoit ham og‘ir edi. Rossiyaga ishga chiqib ketishga majbur bo‘ldim, - deb eslaydi Nigora Norbo‘taeva.

“Ayajon, kelib meni olib keting yo men oldingizga boray”

Nigoraning aytishicha, hozir u Krasnoyarsk shahridagi shirkatlarning birida oshpazlik qilib topgan puli, asosan O‘zbekistonda qolgan o‘smir qizining yashash va davolanishiga sarflamoqdai.

U O‘zbekistondan deportatsiya qilingach kenja qizidan uzoq bo‘lmagani, ammo qariyb 2 yil davom etayotkan judolik, qizi sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilganiga ishonadi.

- Men O‘zbekistondan chiqib ketganimga qariyb 2 yil bo‘lgan bo‘lsa, o‘shandan buyon bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib keladi. Men uzoq bo‘lganimdan siqilib shundan kasal bo‘lgan deb o‘ylayman. Yoshligida biror marta ham qattiq kasal bo‘lmagan. Shovqin joy yoqmaydi ayajon, deydi. Stressga tushgan, siqilgan, shuning uchun kasal bo‘lgan deb o‘ylayman. Rossiyadan Tojikistonga qaytganim bilan, men O‘zbekistonga kasal qizimni oldiga borolmayman. Chunki men deport qilinganman u yerdan. “Ayajon kelib meni olib keting yo men oldingizga boray” deydi. Deportatsiyaga tushganim bois, O‘zbekistonga kira olmasligimni qizimga tushuntirish qiyin. Toshkentga olib borib uch marotiba tomografiya qildirishdi. Menga tushuntirishlari bo‘yicha miyani orasida suyuqlik to‘planib qolgan. Toshkentdagi professor -shifokorlar qizimni kasalligi og‘ir ekanligi va unga jarrohlik qilish lozimligini aytdi,- deydi Nigora.

U qizi hayotini saqlab qolish uchun Tojikistonga yoki Rossiyaga chiqarishga urinayotgani, lekin har ikki yurtda ham farzandiga turar joy yoki sharoiti yo‘qligini aytadi.

Nigora muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev Tojikiston va O‘zbekiston xalqlarining bordi-keldilariga engillik kiritishi va o‘ziga o‘xshagan minglab insonlar tag‘diriga e’tibor qaratish lozimligini aytadi.

- Birortasini gapi o‘tmadi. Lekin pasport stoli xodimlari oxirgi propiskasi qaerda bo‘lsa, o‘sha erga borishi kerak deb aytishdi. O‘rtada faqat 4 yil Tojikistonda yashab kelganman xolos. Men hatto advakat ham olgan, lekin ish bermadi. Sudga qarindosh urug‘im hammasi borgan edi, ish bermadi. Viza olib bir oy yashayman O‘zbekistonda, yana qizimni tashlab yana orqaga Tojikistonga qaytaman. Bir oy yashab, yana viza olib O‘zbekistonga kelaman. Deportatsiyaga tushganimcha shunday qilib kun kechirdim. Rosa sarson-sargardon bo‘ldim. Pulim yo‘qligi uchun mi, yo boshqa sabab bois mi qizimni chiqarib ololmayapman. Qizimni bir marta ko‘rsam, keyin o‘lsam mayli, - deydi Nigora.

XS
SM
MD
LG