Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:49

Qirg‘izistonda Konstitutsiya "yo‘qolib qoldi"


Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyasi
Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyasi

Bu haqda 19 oktabr kuni parlamentda bo‘lib o‘tgan “Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilinayotgan tinglovlar paytida ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston Adliya vazirligi va prezident ma’muriyati mamlakat Bosh Qonunining asl nusxasi yo‘qolib qolgani hamda uning qaerda ekani noma’lum ekanini bildirdi. Jamoatchilik hukumatga “Yo‘q narsaga qanday qilib o‘zgartirishlar kiritish mumkin?” degan savolni bermoqda.

Qirg‘iz parlamentining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar jamoatchilikda “Qirg‘iziston Konstitutsiyasining asl nusxasi yo‘qolgan. Hozir mavjud bo‘lgan Konstitutsiya nusxalari bilan hukumat gazetalarida e’lon qilingan Bosh Qonun matni o‘rasida farq bor” qabilidagi gaplar naqadar haqiqatga yaqin ekanini hukumatdan tushuntirib berishni talab qildilar.

Bunga javob berar ekan Adliya vaziri Jildiz Mambetalieva mana bularni bildirdi:

-Konstitutsiyaning asl nusxasi Adliya vazirligida bo‘lmagan. “Slovo Kirgizstana” gazetasida chop etilgan Konstitutsiya versiyasini esa Adliya vazirligi taqdim etmagan. Hukumat gazetalarida chop etilgan versiya bilan Konstitutsiyaning Adliya vazirligida saqlanayotgan nusxasi matnida farqlar bor, - dedi Jildiz Mambetalieva.

Shundan so‘ng prezidentning parlamentdagi vakili Mo‘ldo‘kul Abdildaev ham Konstitutsiyaning asl nusxasi prezident apparatida va arxivida yo‘q ekanini tasdiqladi.

Prezident ma’muriyati rahbari Farid Niyozov jurnalistlarga bu borada bergan tushuntirishida Konstitutsiyaning asl nusxasi topilmayotgani munosabati bilan, hukumat gazetalarida chop etilgan variant asl nusxa sifatida qabul qilinishini bildirdi:

-Bu vaziyatda “Erkin-Too” gazetasi yakkayu yagona asl nusxa bo‘lib qolmoqda, - dedi Farid Niyozov.

Konstitutsiyaning yo‘qolgani to‘g‘risidagi xabar parlamentda Bosh Qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi loyiha muhokama qilinayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Qirg‘izistonlik faollar va muxolifat prezident Almazbek Atambaev tashabbusi bilan Konstitutsiya o‘zgartirilishiga qarshi munosabat bildirib kelayotgan edi. Konstitutsiyaning yo‘qolishi esa qirg‘iz jamiyatida va ijtimoiy tarmoqlarda “Yo‘q narsani qanday qilib o‘zgartirish mumkin?” degan muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bunday savol parlament deputatlari tomonidan ham ko‘tarildi. Biroq bu savolga hukumron koalitsiya, hukumat va prezident ma’muriyati vakillari orasida javob beradigan odam topilmadi.

Deputatlardan ayrimlari esa Konstitutsiya asl nusxasining yo‘qolishini sharmandali holat sifatida baholadilar.

-Odatda birinchi va ikkinchi prezidentlar Konstitutsiyani o‘z ish kabinetida saqlagan. Hozirgi prezident Almazbek Atambaev Konstitutsiyaga qo‘l qo‘yib ont bergan, biz deputatlar ham Konstitutsiyaga qo‘l qo‘yib ont berganmiz. Agar, Konstitutsiyaning asl nusxasi yo‘qolgan bo‘lsa, biz soxta Konstitutsiyaga qo‘l urib qasamyod qildikmi? Bu Qirg‘iziston uchun tarixiy or-nomus masalasi. Shuning uchun parlament komissiya tuzib, Bosh Qonunning asl nusxasi nega yo‘qolib qolganini tekshirishimiz shart, - dedi deputat Kanibek Imanaliev.

Uning bu taklifi boshqalar tomonidan ham qo‘llandi. Biroq bu masalada hozircha aniq bir qaror qabul qilimadi. Konstitutsiyaning yo‘qolib qolgani yuzasidan bugungi kungacha prezident yoki bosh vazir hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.

Prezident Atambaevning Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tashabbusi Qirg‘izistonda bir necha oy oldin katta siyosiy janjalning boshlanishiga sabab bo‘lgan va bu janjal muxolifat, sobiq prezident Roza O‘tunbaeva va amaldagi hokimiyat o‘rtasida hozirgacha davom etayotgan axborot urushini boshlab bergan edi.

XS
SM
MD
LG