Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:16

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada qalbaki aviachipta olib kuyib qolmoqda


Rossiyadan O‘zbekistonga ijtimoiy tarmoqlar orqali aviachipta sotib olayotgan muhojirlar Internet-firibgarlar o‘ljasiga aylanganidan shikoyat qilmoqda.

Ayni paytda "O‘zbekiston Havo yo‘llari" onlayn-bronlash xizmatini yo‘lga qo‘ydi.

Rossiyaning Sochi shahrida mehnat qilayotgan surxondaryolik Tolib “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali O‘zbekistonga sotib olgan ikkita aviachiptasi soxta bo‘lib chiqqanini ma’lum qildi.

Ozodlik bilan suhbatda u 14 ming rublga kuyganini gapirdi.

- 24 sentabrga aksiya bo‘libdi. Telefon qilsam bir o‘zbek ko‘tardi. “Yevroset”da pulini to‘lab, olasiz”, dedi. Aksiyada 7 mingdan ko‘rsatilgan ekan. “Yevroset”ga borib telefon qilib, operator qiz bilan gaplashdim. Keyin, ikkita biletga 14 ming to‘ladim. “Chekni olib aviakassaga borasiz, sizga bilet chiqarib beradi”, dedi. Aviakassada esa “Unaqa bo‘lishi mumkin emas”, deyapti, dedi Tolib.

"Odnoklassniki" tarmog‘idagi "aktsiya" to‘g‘risida firibgarlar e’loni
"Odnoklassniki" tarmog‘idagi "aktsiya" to‘g‘risida firibgarlar e’loni

Surxondaryolik suhbatdosh bir necha yildan buyon Sochidagi mehmonxonalardan birida ishchi bo‘lib xizmat qilib kelayotganini ham qo‘shimcha qildi.

U “Odnoklassniki”da chiqqan oddiy e’londagi arzon narxlarga uchib, qalloblar o‘ljasiga aylanganini so‘zladi.

- “Odnoklassniki”da bittasi qiz bola nomidan profil ochib, Rossiyadagi muhojirlarga tashlab chiqayapti. Menga ham shunday xabar keldi. Hozir O‘zbekistonga bilaet eng kamida 15 ming rubl bo‘lgani uchun, shunaqa aksiya bo‘ladi, deb o‘ylabman. O‘tgan yili 7-8 mingga bilet olib ketganlar ham bo‘ldi. Bunaqa birinchi aldanishim!. Men boshqa o‘zbekistonliklar aldanmasligi uchun sizlarga aytayapman. Boyagi bolaga telefon qilib, “Ota-onang tarbiya bermaganmi? Nega odamlarni aldaysan?”, desam, “Ota-onamni topib....”, dedi! O‘zbekdan, musulmondan birinchi marotaba bu gaplarni eshitib, u puldan umidimni uzdim, dedi Tolib.

O‘zbek muhojiri qayd va migratsiya hujjatlari muddati o‘tgani sababli politsiyaga murojaat qilmagani – o‘zi deportatsiya bo‘lishidan qo‘rqqanini bildirdi.

Tolib kuni kecha uning "Odnoklassniki" tarmog‘idagi sahifasiga xuddi shu mazmunda yangi xabar kelib tushganini bildirdi.

Yangi "aktsiya" to‘g‘risida e’lon
Yangi "aktsiya" to‘g‘risida e’lon

Aviachiptalar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari to‘g‘risida Ozodlik birinchi marotaba xabar berayotgani yo‘q.

Bundan bir necha oy oldin Moskva viloyatining Noginsk shahrida ishlab yurgan Yoqubjon ham ayniqsa “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida ko‘payib ketgan firibgarlardan, xususan aviachipta "sotuvchi"lardan ogoh bo‘lishga chaqirgan edi.

Bu muhojir ham “Yandeks-Koshelek” tizimi orqali pul o‘tkazib, chuv tushganini bildirgandi.

Ozodlik Rossiyadan mehnat muhojirlari qaytayotgan mavsumda Toshkentga sotilayotgan aviachiptalar narxi 15 ming rubldan ziyod ekanini mahalliy aviakassalardan aniqladi.

Shuningdek, muxbirlarimiz soxta poezd chiptalarini ham sotib olgani holatlarini kuzatgani ma’lum.

Rossiyada aviachipta savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik shirkatlardan birining vakili Ozodlikka avia va temir yo‘l biletlarini internet orqali “sotuvchi” firibgarlarni aniqlashning oson yo‘li borligini tushuntirib berdi.

- Masalan, hozir Moskvadan Toshkentga bilet narxi 16400 rubl. Biz bu sohada 10 yildan buyon ishlaymiz. Saytimiz, yuridik manzilimiz mavjud. Lekin saytlarga ham ishonavermaslik kerak. Biletning soxta-soxta emasligini oson yo‘l bilan aniqlash mumkin: pul to‘lashdan oldin istagan aviakassaga kirib, biletingiz bron qilinganini ko‘rishingiz mumkin. Elektron tizimda ismi-sharifingiz bo‘lsa – demak biletingiz haqiqiy. Menga bron qilingan elektron raqamingizni aytsangiz men o‘zim ham Internet orqali tekshirib berishim mumkin, deya faqat ishonarli joylardan aviachipta sotib olishni tavsiya qildi aviashirkat menejeri.

Suhbatdosh so‘nggi paytlarda firibgarlik holatlari keskin ko‘payganini tasdiqladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi esa nihoyat internet-qalloblikka qarshi chiptalarni onlayn tarzda Internet orqali sotuvni yo‘lga qo‘ygani xabar qilindi.

2016 yil 18 oktabridan onlayn-bronlash uchun O‘zbekiston aviakompaniyasi biletlarini sotib oluvchilarga uchta asosiy shart qo‘yildi. Ya’ni chiptalar faqat UzCard bank kartochkalariga ega O‘zbekiston vatandoshlariga so‘mda sotiladi.

XS
SM
MD
LG