Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:24

O‘zbek-tojik chegarasida vaziyat biroz yumshadi


O‘zbekiston va Tojikiston aholisidan ikki davlat o‘rtasidagi chegarada vaziyat biroz yumshagani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, nafaqat bordi-keldi masalasida engillik, balki ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik sohasida ham jonlanish kuzatilmoqda.

“Kislorodni ochishdi”

O‘zbekistonning Ohangaron shahrida yashaydigan Muxlisa yaqinda tanishlari chegaradan bemalol o‘tib kelganini ma’lum qildi.

- Munosabatlar yaxshilanganini rostligi – qo‘shnimiz “Sadoqat” posti orqali kirib kelibdi. Qarindoshlarini ko‘rib yuribdi. “Kislorodni ozgina ochishdi, yaxshi bo‘ldi”, deyapti. Shu yerda tug‘ilgan, ammo chiqarib yuborilgan boshqa tojikistonliklar ham kelayapti ekan, “Nafas olishimiz yaxshilandi”, deyishayapti, dedi Muxlisa.

“Tojikistonliklar umidvor bo‘lmoqda”

Tojikistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Bo‘ston shahrida yashovchi Abdurahmon akaning aytishicha, odamlarda umid katta, lekin chegaradagi vaziyat deyarli o‘zgarmagan.

- Ishxonada odamlar har kuni kelib, Tojikiston bilan munosabat yaxshi bo‘lar ekani to‘g‘risida gapirishayapti. "O‘zbekiston prezidenti Mirziyoev Imomali Rahmon bilan uchrashibdi. Ikki davlat aloqalari sekin-sekin yaxshilanadi", deyishayapti. Ammo chegara qanday bo‘lsa shunday turibdi: viza sistemasi. Lekin xalq umidvorki, iliqlanish bo‘ladi. Hamma narsa arzonlashadi chegaralar ochilsa, dedi Abdurahmon aka.

“Kartoshka-piyoz olib o‘tishga ruxsat berildi”

Bekobod tumanida yashovchi o‘zbekistonlik tadbirkor Adham ko‘p yillardan buyon meva-sabzavot savdosi bilan shug‘ullanadi.

U Tojikiston bilan chegara yopilgach, Bekobodda yetishtirilgan karam, sabzi, piyoz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qozog‘iston va Rossiyaga olib borib sotishga majbur bo‘lib kelgan. Adhamning aytishicha, chegaradagi vaziyat ancha yumshagan.

- O‘zi bu hayit kunlari boshlanuvdi. Hayitga 5 kunga chegarani ochib berdi O‘zbekiston! Vizasiz kirdi-chiqdi qilib berdi qarindoshlarni ko‘rib qaytayotgan odamlarga. Birinchi marotaba bo‘layapti bunaqasi! Vaziyat zo‘r bo‘layapti, aloqani sal yumshatib qo‘ydi. Uncha-muncha sabzavot-mevaga yo‘l ochdi: Bekobod bozoriga borsak, Tojikistonning G‘onchisidan olib kelib kartoshka sotishayapti, dedi bekobodlik Adham.

Tekshir-tekshir kamaydi”

Ismini oshkor qilmagan so‘g‘dlik tinglovchilarimizdan biri chegarada ortiqcha tekshir-tekshir kamayganiga guvoh bo‘lganini aytdi.

- Bemalol o‘tkazayapti. Muomalasi ham yaxshi bo‘lib qolibdi. Oldin ayollarni hammasini olib kirib so‘roq qilardi, shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazardi. Hozir yaxshi ancha – tekshir-tekshir kamaydi, dedi Ozodlik muxlisi.

Ozodlikning tojik xizmati muxbiri Abdullo Ashurov O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi oldida viza oluvchilar navbati deyarli yo‘qolgani va xohlovchilar bemalol viza olayotganini ma’lum qildi.

Абдулло Ашуров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:03 0:00
Бевосита линк

- Hozirga kelib O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida haqiqatan vaziyat iliqlashgani kuzatilmoqda. Masalan, ilgari O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi oldida men doimo viza olish istagida bo‘lgan katta navbatlarni kuzatar edim. Hozir u yerda odam juda kam! Do‘stlarim viza olish osonlashganini tasdiqlab berdi. Oldin vizaga topshirganlarga sababsiz rad javobi juda ko‘p berilardi, hatto telegramma olganlarga. Keyin, ilgari vizaga topshirganlar soni qat’iy chegaralangan edi. Hozir bemalol. Kecha kuni O‘zbekistonning Oybek nazorat punktidan o‘tgan bir do‘stim shaxsiy tekshiruv engillashtirilgani, telefonlar tekshirilmagani, hatto ximikatlar solingan ko‘lmakni bosib o‘tish kabi qoidalar bekor qilinganini xabar qildi, dedi Abdullo.

Abdullo Ashurov joriy yilning 16-17 oktabr kunlari bir guruh o‘zbekistonlik Tojikistonning So‘g‘d viloyatida bo‘lib qaytganini ham qo‘shimcha qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, o‘zbek delegatsiyasi tarkibiga asosan Farg‘ona vodiysidan bo‘lgan tadbirkorlar kirgan, safar O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Oldin bunday munosabatlar mutlaqo to‘xtatilgan edi. Hozir jadallik bilan bo‘lmasada, biroz siljigani ko‘zga tashlanmoqda”, dedi muxbirimiz.

- 90-chi yillarda O‘zbekiston Tojikistonning Rossiyadan keyingi eng yirik savdo hamkori bo‘lgan. Oxirgi 15 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aloqalari shu darajada kamaydiki, 2014 va 2015 yillarda biz atigi 2 million dollarga savdo qilibmiz. Tojikiston hatto Afg‘oniston bilan ko‘proq savdo qilayapti! dedi Abdullo Ashurov.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 5 oktabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Bundan oldinroq, 29 sentabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasida mavjud muammolarni bartaraf etish va do‘stona aloqalarni tobora kengaytirish yo‘llarini muhokama qilgan edi.

Mutaxassislar bu uchrashuvni Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi bu aloqalar iliqlanishining birinchi qadami o‘laroq baholagan edi.

XS
SM
MD
LG