Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:51

Ozodlik "Afina"ning soxta Gulnora Karimova ekanligini aniqladi


2 oktyabrda Twitter tarmog‘ida paydo bo‘lgan “Afina” (@zabitaya1972) nomli yuzer Gulnora Karimovaning otasi vafotidan keyin uy qamog‘idan ruhiy kasalxonaga yotqizilgani haqida keng tarqalgan mish-mishlarni tasdiqlagandek bo‘ldi.

“Afina” - to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gulnora ekanini iddao qilmasa ham - o‘z ixtiyoriga qarshi ushlab turilganini haqida tvitlar yozdi, o‘zbek rasmiylari va “ona”siga murojaat qilib, “qiz”ini ko‘rishga izn berishni o‘tinib so‘radi.

Bu tvitlarga internetda darhol munosabat bildirildi. O‘zbek ijtimoiy media foydalanuvchilari -Gulnoraning ham tarafdorlari va ham tanqidchilari - nafaqat Gulnora xush ko‘rgan Twıtter, balki Facebook guruhlari va boshqa platformalar vositasida “Afina” bilan bahsga kirishib ketdilar.

Garchand bahslar qizigan esa-da, ko‘plab axborot vositalari yozish uslubi va tanlagan mavzulari, u nashr qilgan yozuvlar va faqat Gulnora yoki uning yaqinlarigina bilishi mumkin bo‘lgan ba’zi ma’lumotlar asosida “Afina”ning haqiqiy Gulnora Karimova degan xulosaga keldi.

Toshkentdan mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich o‘zining Asia-Terra saytida “Afina” tvitlarini batafsil hujjatlashtirdi.

"Asia-Terra" nashridan olingan
"Asia-Terra" nashridan olingan

Dastlab o‘z qizi bilan uchrashish “talabi” inobatga olingani uchun “minnatdorchilik” bildirgan va ruhan o‘zini tiklab olgan “Afina” birdaniga prezident vazifasini bajaruvchi Mirziyoev va Karimovning qolgan oila a’zolari, ayniqsa, Karimovning kenja qizi Lolaga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shaxsiy hujumlar qilishga o‘tdi.

9 oktyabrda esa “Afina” rus tilida quyidagi bitikni qoldirdi va tvitterdagi hisobini o‘chirdi: “mehmonlar keldi, aftidan otishga olib ketishayapti.”

Ortidan bir necha kun davomida “Afina” akkaunti xomush turdi va u berkitilgandek ko‘rindi.

Biroq, tvitterdagi akkaunti berkitilgach “Afina”ning ijtimoiy media tarmoqlarda tanilgan qator akkauntlar va muxolifat axborot vositalari bilan aloqa qila boshlaganini Ozodlik aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Jumladan, “Afina” Ozodlikning Twitter akkauntiga 12 oktyabrda “yordam” so‘rabmurojaat qildi va Ozodlik hamda boshqa axborot vositalaridan uning akkaunti haqida maqolalar yozish va tayyorlangan matnlar asosida xabarlar chop etishni so‘radi.

Ozodlik bilan Twitter vositasida bir necha soat davom etgan bevosita yozishmada, “Afina” o‘zining Gulnora Karimova ekanini iddao qildi. Ammo, Gulnora Karimova tarjimai holiga oid oddiy ma’lumotlarni tasdiqlash so‘ralganda, “Afina” ko‘p hollarda noto‘g‘ri javob berdi va Karimovaning xorijda yashagan manzillari haqidagi ataylabdan berilgan noto‘g‘ri ma’lumotni “tasdiqladi”. “Afina”, misol uchun, Karimovaning Texnologiya Fason Instituti ilmiy unvonini Bostonda va “o‘quv kurslari”ni Harvardda olganini “tasdiqladi” (aslida Gulnora Karimova 2000 yilda Harvardda Magistr unvonini olgan, Fason Institutida esa kursga qatnashgan). Undan so‘ralganda, yuzer Fason Instituti “Potomak daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi” Massachusets Texnologiya Instituti qoshida barpo etilgan kollej bo‘lganini tasdiqladi. Xatolarga urg‘u bermasdan Ozodlik “Afina”dan uchta barmog‘ini ko‘targan holda o‘zini suratga olish bilan shaxsini so‘nggi bor isbotashni so‘radi. Javoban “Afina” daftar chetini ushlab turgan bir ayolning to‘rt barmog‘i ko‘ringan suratni yo‘lladi. Noutbukda Gulnora Karimova 2015 yilga qadar o‘zining Twitter akkauntida qoldirgan yozuvlari bilan bir xil yozuvdagi she’r ko‘rinib turardi. Undan bu “go‘zal she’r” unikimi deb so‘ralganda, “Afina” javob qaytardi:

“Ha, rahmat. Baland fikrlayman,” deya Gulnora Karimovaning she’rlariga qilgan izohini yana takrorladi.

Ammo, Google qidiruvi “Afina”ning Karimovaga oid deya taqdim etgan she’ri aslida Sonya Mateyko qalamiga mansub va 2015 yilda HuffingtonPost blogida nashr etilgan romansdan so‘zma-so‘z ko‘chirma ekanini ko‘rsatdi.

“Afina” Mirziyoevning yangi hukumati tomonidan Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islomga qarshi ehtimoliy fitna haqida jiddiy iddaolarni Ozodlikdan nashr etishni so‘radi, ammo Ozodlik javoban uning Gulnora Karimova emasligini isbotladi.

“Afina” o‘zining Gulnora Karimova emasligini tan oldi.

“Ammo u sizning yordamingizga muhtoj,” deb yozdi yuzer va o‘zini endi Karimovaning qizi ekanini isbotlashga tushdi.

“Bu men Imonman,” deya iddao qildi yuzer rus tilida va Imon Karimovaning bir necha yil muqaddam ijtimoiy mediada tarqalgan suratini yubordi. Telefon orqali yuborilgan suratning eski ekani aytilgach, yuzer to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozishmalarga javob berishni to‘xtatdi.

O‘sha kuni kechga borib yuzer ijtimoiy tarmoqlarda yana xabarlar tarqata boshladi va o‘zini ochiqcha Gulnora deyishga tushdi, Gulnora Karimova tarjimai holiga oid ma’lumotni bera boshladi va Ozodlik bilan bo‘lgan xususiy suhbatda yo‘l qo‘ygan xatolarni ehtiyotkorlik bilan tuzatdi.

Garchand yolg‘on ortida turgan yuzerning aniq shaxsni aniq bilish imkoni bo‘lmasa ham, oxirgi kunlarda Twitter vositasida “Afina” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilgan uning boshqa bir qator suhbatdoshlari Ozodlikka akkauntni bir necha kishi foydalanayotgan bo‘lishi mumkin degan fikrni bildirdi va O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati asosiy gumondorlar orasida ekanini urg‘uladi.

“Afina” bilan muloqot qilgan “AkhmadxonUSA,” nomli anonim Twitter faoli: “Bu SNB loyihasi, xolos. [Ular Karimova] tarafdorlarini aniqlashmoqchi,” deb yozdi.

Taniqli imom Obidxon Nazarovning yaqin izdoshi sifatida tanilgan Akhmadxon haqiqiy Gulnora Karimova ikki yil muqaddam koruptsiya janjallariga aralashgan mahali videokonferentsiya vositasida unga chiqqani va aynan “Afina” akkaunti orqali jamoatchilik bilan muloqot qilishga yordam berishni so‘raganini tasdiqladi. Ammo “Afina” videokonferentsiya vositasida aloqa qilishdan bosh tortdi va haqiqiy Karimova bilan kelishib olingan parolьni “eslay olmayman” deb aytdi.

“Mening taxminimcha, kimdir provokativ o‘yin qilayapti. Oxirgi marta men Afina bilan gaplashganimda, u “biz inqilob qilishimiz kerak, biz o‘z haq-huquqimizni talab qilishimiz kerak, degan gapni takrorlardi,” dedi Akhmadxon Ozodlik bilan 12 oktyabrda bo‘lgan suhbat chog‘ida.

O‘zbekistondagi siyosatni satira qilish bilan tanilgan muxolifat veb sayt muharriri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda “Afina” u bilan ham aloqa qilganini tasdiqladi.

Veb sayt muharririga ko‘ra, Afina ularga chop qilish uchun Mirziyoev hukumatiga qarshi “kompromat”ga ega ekanini aytgan.

“Afina” o‘z yozishmalarida Ozodlikdan inson huquqlari vaziyatiga oid maqolalar chop qilishni so‘radi. Ular orasida Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom bobosi Islom Karimov tomonidan “haqiqiy voris” sifatida tan olingani haqidagi iddaolar ham bor edi.

“Afina” akkaunti va O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash mumkin bo‘lmasa-da, avtoritar davlatlardagi ijtimoiy media bilimdonlari uzoq paytdan buyon bir fikrga alohida urg‘u berishadi:

Yangi texnologiyalar erkin bo‘lmagan jamiyatlarda fuqarolar uchun foydali ko‘rilsa ham, hukumatlar ulardan o‘z fuqarolarini kuzatish va tizginda ushlab turish maqsadida samarali foydalanishi mumkin.

Noa Taker va Aziz Nur

XS
SM
MD
LG