Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:19

"Mirziyoevning buyrug‘i bilan chegara oldi hududlari “tozalanmoqda”


Yuzlariga qora niqob taqib olgani uchun oddiy o‘zbekistonliklar tilida "qora maskalilar", deb ataluvchi, huquq-tartibot idoralarining maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan kuchlari guruhi Andijon viloyatida ba’zi uylarni tintuv qilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan bir-biridan mustaqil manbalarga ko‘ra, qora maskalilar ekstremistik tashkilotlarga a’zolikda gumon qilinayotgan, siyosiy muxolifat a’zosi bo‘lgan va xorijdan uzoq vaqt qaytmagan vatandoshlarning oila a’zolarini so‘roq qilmoqda, uylarida tintuv o‘tkazmoqda.

Mazkur guruh, ma’lumotlarga qaraganda, Andijon viloyatidagi huquq-tartibot idoralari va xalq xo‘jaligi sub’ektlari- ni tekshirish uchun kuni kecha Toshkentdan kelgan bir necha yuz kishilik tekshiruv guruhining bir qismidir.

Andijonliklar Toshkentdan kelgan tekshiruv guruhini O‘zbekiston prezidenti vazifasini ijro etuvchi Shavkat Mirziyoevning “desanti”, deb atamoqda.

"Qora maskaliklar ordersiz bostirib kirishyapti"

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi aholi uylarida tintuv o‘tkazgan qora maskalilar to‘rt kishini hibsga olgan.

Bu haqda xabar bergan Izboskan tumani huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, hibsga olinganlar diniy-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilinmoqda:

“Avtomati bor ikki qora maskalik, ikki nafar militsiya xodimi va ikki nafar fuqarolik kiyimida bo‘lgan shaxs bir “Damas”da yurishibdi. Ular hech qanday order ko‘rsatmasdan xonadonlarga bostirib kirib, tintuv o‘tkazyapti. To‘rt kishini hibsga olishganidan aniq xabarim bor”, dedi u.

Manbaning aytishicha, to‘rt nafar militsiya xodimi ishdan olingan:

“Mendagi aniq ma’lumotga ko‘ra, ulardan uch nafari uchastka noziri va bir nafari tuman ichki ishlar bo‘limida ishlagan mayor. Bularning ham qaysi bir qarindoshi diniy ekstremistlarga ilgari aloqasi bo‘lgan ekan”, dedi manba.

Uning aytishicha, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Izboskandagi qarindoshlari ham tekshirilyapti:

“Shuhrat Abdurahmonov Izboskandan uylangan. 2000 yilda uning qaynog‘asi diniy ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib, qamalgan edi. Hozir qora maskalilar hokim xotinining boshqa qarindoshlarini ham tekshiryapti”, dedi manba.

“Xorijda uzoq vaqt qolgan muhojirlar ota-onalari so‘roq qilinyapti”

Izboskan tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining aytishicha, yaqinlari uzoq vaqt xorijdan qaytmagan odamlarning xonadonlariga ham qora maskalilar bostirib kirmoqda:

“Bugun Izboskan markazi Poytug‘ shahrida chetga ishlagani ketgan odamlarning uylariga qora maskalilar va komissiya a’zolari kirishib, erto‘la, javon va sandiqlar, tomlar va hammomlarni tintuv qilishdi. Mobilь telefonlarni kovlashib, internet orqali qilingan barcha muloqotlarni ko‘rishdi. Chetga chiqqanlarni so‘rab surishtirdi, ularning telefon raqamlarini yozib olishdi. Gumonlangan shaxslarning telefonlarini o‘zlari bilan olib ketishdi va soat 15 da komissiya joylashgan tuman hokimiyatiga borishlarini tayinlashdi”, dedi mahalla faoli.

Andijon shahar hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, Toshkentdan tekshiruvchilar kelganidan so‘ng, shaharning kirish-chiqish joylariga blok-postlar qo‘yilib, nazorat kuchaytirilgan:

“Andijon shahrida ikki oydan buyon choyxona, kafe, restoran va to‘yxonalarga kechasi soat 23g achagina ishlash belgilab qo‘yilgan edi. Hozir shu soatdan ham kech ishlayotgan maskanlarga qora maskalilar bostirib kirib hammani qora pardali avtobuslarga tiqib olib ketyapti”, dedi hokimlik mulozimi.

Muxolifat vakillarining uylari ham tintuv qilindi

Andijonlik qochqinlardan biri, ayni paytda Norvegiyada yashayotgan jurnalist Ulug‘bek Bakirov Feysbukdagi sahifasida uning onasining uyiga ham qora maskalilar bostirib kirgani haqida yozdi:

“Bugun, 9 oktyabrь, yakshanba kuni O‘zbekiston vaqti bilan ertalab soat 9-9.30 larda meni onam va singlim yashaydigan Andijondagi uyimizni Toshkentdan kelgan organ tekshiruvchilari va qurollangan maskalilar tintuv qilishgan. Bu haqda onam bilan telefon orqali gaplashganimda ma’lum bo‘ldi. Nima qidirishgan bilmaymiz. Hech narsa topisholmagan... Nafaqadagi onamning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan...”, deb yozadi Ulug‘bek Bakirov.

“Maqsad - ehtimoli mavjud xavfni zararsizlantirish!”

Andijon viloyati hokimligidan va ichki ishlar boshqarmasidan qora maskalilar o‘tkazayotgan tadbirlar haqida ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Andijon viloyatiga yuborilgan maxsus tekshiruvchilar komissiyasiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, bu “tozalashlar”dan asosiy maqsad prezidentlik saylovidan oldin O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatni yanada barqaror qilish va so‘ngra chegaralarni ochishga qaratilgan:

“Mirziyoevning shaxsan topshirig‘i bu. Saylov o‘tib olganidan so‘ng O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabati yaxshilanishi kutilmoqda. Qirg‘iziston va so‘ngra Tojikiston bilan chegaralar butunlay ochiladi, degan gap bor. Shuning uchun hozir Qirg‘iziston chegrasiga yaqin tumanlardagi ehtimolli xavflar yana bir qayta tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Bular diniy-ekstremistik qarashdagi odamlarni zararsizlantirish, muxolifatdagi odamlarning oilalariga qo‘rquv solib qo‘yish va uzoq vaqt xorijda yurgan odamlarni tekshirishga qaratilgan tadbirlardir”, dedi manba.

Mirziyoev "desanti"

O‘zbekistonda Bosh vazir tashkil etgan tekshiruvchilar "desant"ining u yoki bu viloyatlarga tashlanib turilishi tez-tez kuzatiladi.

Kuch ishlatar tizimlari va vazirliklar xodimlaridan tashkil topgan maxsus guruh viloyatda kompleks tekshiruv olib borish uchun yuboriladi.

Bu guruhga Vazirlar Mahkamasidan yoki biror vazirlikdan katta lavozimdagi shaxs rahbarlik qiladi.

Guruh huquq-tartibot idoralari va xalq xo‘jaligining barcha sohalarini tekshirib chiqadi va uning natijalarini shaxsan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga taqdim etadi.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, ayrim viloyat hokimlarining ishdan olingani yoki qattiq hayfsan bilan jazolanish holatlari kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG