Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:29

O‘zbekistonda “tadbirkorlarga keng erkinlik berish” ustivor yo‘nalish sifatida belgilandi


O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonalaridan biri.
O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonalaridan biri.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 5 oktabrda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan Farmonni imzoladi. Mazkur hujjatda “kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish...davlat davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin”, deb qayd etilgan.

Shavkat Mirziyoev tomonidan 5 oktabrda imzolangan 12 banddan iborat Farmonda tadbirkorlarlikni rivojlantirish va ularga erkinlik berishning uch yo‘nalishi qayd etilgan:

1.Kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga hukumat organlari aralashuvini bartaraf etish;

2.Tadbirkorlar huquqlarini mustahkamlash va himoyalashni kuchaytirish;

3.Samarasiz, eskirgan va bozor mehanizmalari o‘rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan zamonaviy talablarga javob bera oladigan normativ hujjatlarni ishlab chiqish.

Bu maqsadlarga erishish maqsadida Farmonda bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga hukumat organlari aralashuvini bartaraf etish choralari

Jumladan, O‘zbekistonda 2017 yilning 1 yanvaridan tadbirkorlik sub’ektlarini rejadan tashqari tekshirish taqiqlanadi.

1 yanvardan boshlab moliyaviy xo‘jalik yuritish faoliyatida birinchi marta qonunbuzarlik qilgan tadbirkorlik sub’ektlari yoki shaxslar ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarima to‘lashdan ozod etiladi. Biroq ular bu konunbuzarlikni ixtiyoriy ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etishlari lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy yuritish ayblovi bilan birinchi marta qo‘lga tushgan shaxslar ham ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Bu holatda ular bir oy ichida keltirilgan ziyonni to‘lab berishlari va tadbirkorlik sub’ekti sifatida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari shart bo‘ladi.

Keyingi yildan boshlab jinoiy qonuchilikda tadbirkorlik sub’ektlariga tadbirkorlik faoliyatini olib borish huquqidan mahrum etish jazosi qo‘llanilmaydi.

Tadbirkorlar huquqlarini mustahkamlash va himoyalashni kuchaytirish sohasida

O‘zbekiston Oliy Majlisi qoshida tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil-Biznes ombudsmen instituti tashkil etiladi. Farmon doirasida Oliy Majlisga mana shunday tavsiya kiritildi.

Biznes Ombudsmen tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash;tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish;qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’siri samaradorligini baholash;davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.

Samarasiz, eskirgan va bozor mehanizmalari o‘rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan zamonaviy talablarga javob bera oladigan normativ hujjatlarni ishlab chiqish

Farmonga asosan O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasi 2016 yilning oxirigacha tayyorlanib, Oliy Majlisga taqdim etilishi shart.

Bosh prokuratura Oliy Sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsilik xizmati va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda ikki oy ichida korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishi lozim.

Farmonda uch oy ichida tadbirkorlik sub’ektlari va ularning ishchilarini ma’muriy javobgarlikka tortish hamda nazorat qilish vakolatini bosqichma-bosqich sudlarga o‘tkazib berish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish haqida ham ko‘rsatma berilgan. Ayni paytda bu vakolat Bosh prokuratura va soliq qo‘mitasiga mansubdir.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo‘mitasi uch oy ichida “...mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni rag‘batlantiradigan valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilg‘or bozor mexanizmlarini joriy etish” bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, «O‘zstandart» agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda “samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o‘rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan tegishli normativ hujjatlarni” ishlab chiqishi va qabul qilishi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari Farmonda tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat beruvchi, litsenziya berish talablari kabi bir qator qonun hamda hujjatlarga ham liberal o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Saparboy Jubaev: Qonunlarni o‘zgartirish qiyin emas, ularni amalga tadbiq etish qiyin

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, Astanadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi olim Saparboy Jubaevdan Shavkat Mirziyoev imzolagan mazkur Farmon yuzasidan fikr bildirishni iltimos qildik.

Saparboy Jubaev bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

Иқтисодчи Сапарбой Жубаев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:48 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG