Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:46

Chinozda paxtaga kam odam chiqargan poliklinika mudiri ishdan olindi


Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Ko‘p tarmoqli poliklinika bosh vrachi paxta terimiga kam shifokor chiqargani uchun ishdan olingan. Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimi Mahmud Eshonov paxta terimiga oid yig‘ilishda poliklinika bosh vrachi Baxtiyor Dovurboevni "paxta rejasini bajarmayotgani uchun" haqoratlab, ishdan o‘z ixtiyori bilan bo‘shash haqida ariza yozdirib olgan.

Chinoz tumanidagi Ko‘p tarmoqli poliklinika bosh vrachi Boxtiyor Dovurboev paxta terimiga oid yig‘ilishda hokim tomonidan ishdan bo‘shatilgani haqida shu poliklinikaning ismi sir qolishini istagan xodimlaridan biri Ozodlikka xabar berdi:

“Mahmud Eshonov janobi oliylari 29 sentabr kuni hokimiyatda bo‘lgan kechki shtab majlisida tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bosh vrachi Baxtiyor Dovurboevni paxta rejasini bajarmayotgani uchun qaqshatgich haqoratli so‘zlar bilan so‘kib, ishdan bo‘shash haqidagi arizasini oldi. Sho‘rlik yaxshi vrach edi”, - deb yozdi chinozlik shifokor.

Chinozdagi Ko‘p tarmoqli poliklinika xodimasi Ozodlik bilan bo‘lgan telefon suhbatida Baxtiyor Dovurboevning aynan paxtaga etarli odam chiqarmagani uchun bo‘shatilganini tasdiqladi.

- Bugun to‘satdan keldi, stolini ustini yig‘ishtiryapti. “Nima bo‘ldi”, desak, kecha paxta bo‘yicha hokimdan gap eshitgan ekan, “ketyapman” dedi. Qo‘ying ketmang, ikki oy qoldi (paxta terimi tugashiga), og‘irroq bo‘ling, desam, “opa ko‘pchilikni ichida shunchalar haqorat qildi, men chiday olmayman bunga,” dedi. Hokimni haqoratidan ko‘ngli og‘rigan ekan. Lekin, gapni ochig‘i, yuz kilolab paxta teramiz. Hozir butun kollektivimiz shokdamiz. Juda malakali vrach paxta sabab lavozimidan bo‘shatilyapti, haqsizlik bo‘lyapti, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Chinoz tumanidagi Ko‘p tarmoqli poliklinikaning xodimi.

Ozodlik Baxtiyor Dovurboevning o‘ziga ham telefon qildi. Lekin Dovurboev o‘z lavozimidan nima sabab bo‘shatilgani haqida gapirishni istamadi.

Chinoz tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limi mudirasi Bo‘stonoy Babanova esa Ozodlik bilan suhbatda Baxtiyor Dovurboevning Ko‘p tarmoqli poliklinika bosh vrachi lavozimidan “o‘z arizasiga ko‘ra” bo‘shaganini aytdi.

Babanovaning aytishicha, bosh vrachning lavozimidan ketishiga birgina paxta terimi sabab bo‘lgani yo‘q.

- Faqat paxta uchun olinmadi. Ishni qotirib qo‘ygan odamni paxta bilan bo‘shatib bo‘lmaydi. Selektorda odamlaringiz qani, deb so‘raladi-da. Ishda yo‘q, paxtada yo‘q, odamlaringiz qaerda? Odamlaringizni toping, degan savol bo‘lgan. Javob berolmagan. Shuning uchun hokimdan gap eshitgan. Bizda hech kimni paxta terishga majburlamaydi. Paxta tersak, o‘zimizniki-ku. Paxta sabab ham hech kim bo‘shatilmaydi, - dedi Bo‘stonoy Babanova.

Чиноз Соғлиқни сақлаш бўлими бошлиғи Бўстоной Бабанова билан суҳбат.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan yozma shikoyat qilgan chinozliklardan birining iddao qilishicha, paxta rejasini bajarmagan otryad va tashkilot rahbarlari hokimni buyrug‘i bilan Chinoz tumani IIBsiga qarashli itxonada ertalabgacha qamab qo‘yilmoqda.

“Chinoz hokimi Eshonov, IIBsi boshlig‘i va prokurori bilan birga 1937 yilgi qatag‘on davridagidek hech bir qonunda paxta terim majburiyligi bo‘lmasa-da, mana uch kundirki, berilgan rejani bajarmagan otryad rahbarlari va tashkilot rahbarlarini Chinoz tumani IIBsiga qarashli itxonada ertalabgacha qamab qo‘ymoqda. Bu nima degani? Mirziyoevni qatag‘oni boshlandi deganimi? Karimov tirikligida bundan yumshoqroq edi”, - deb yozdi chinozliklardan biri Ozodlikka.

Lekin, Chinoz Ichki ishlar boshqarmasidagilar ham, Chinoz tumani hokimiyatidagilar ham, bu iddaoni keskin rad etishdi.

Ozodlik Chinoz tumani hokimi Mahmud Eshonovni o‘zi bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Uning yordamchisi hokim dalaga chiqib ketganini aytdi.

O‘zbekistonda paxtaga yetarli sonda odam chiqarmagani uchun byudjet tashkilotlari rahbarlarining ishdan olinishi hollari avvallari ham kuzatilgan.

Ikki yil burun Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri paxtaga kam odam chiqargani uchun lavozimidan olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston kasaba uyushmasi federatsiyasining "Paxta yig‘im-terimida qatnashish majburiy emas, ixtiyoriy hisoblanadi", degan bayonoti ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.

Paxta yig‘im-terimiga bog‘liq barcha savollar bo‘yicha +998 71 200−06−01 raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligi ham qo‘shimcha qilingan.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilgi paxta mavsumida bir milliondan ortiq fuqarosini, jumladan o‘qituvchi, shifokor va hamshiralarni og‘ir sharoitda paxta terishga majbur qilgani haqda o‘z hisobotida ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG