Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:03

Qiziqchi Obid Asomov tez kunlarda katta sahnaga qaytadi


Obid Asomov.
Obid Asomov.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist¸ mashhur kulgi ustasi 54 yashar Obid Asomovga nisbatan o‘n yildan ko‘proq davom etgan norasmiy taqiq olib tashlandi.
Shu kunlarda o‘zbek telekanallari Asomov rol o‘ynagan filmlarni qaychilamasdan namoyish qilmoqda. Toshkentdagi Asomovga yaqin manbalarning aytishicha¸ Obid Asomov seshanba kuni katta sahnaga qaytishga izn olgan.

"Yoshlar" telekanalidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ 25 sentabrdan boshlab efirga beriladigan fil’mlardan Obid Asomov tasviri yo ovozini kesmaslik va ko‘rsatuvlardan Asomov ishtirokidagi lavhalarni olib tashlamaslik haqida ko‘rsatma bo‘lgan:

- Setkaga eshittirish joylash bo‘yicha xavfsizlik bo‘limidan ko‘rsatma bo‘ladi odatda. Shu ko‘rsatmaga ko‘ra¸ bundan buyog‘iga Asomov bemalol efirga berilishi mumkin. Shu asosda u kishi ovoz bergan “Fantamas” filmi efirga ketdi. “Dev va pakana”¸ “Po‘sht aroba “ kabi Asomov bosh rol o‘ynagan filmlar ham efirga qaychilanmasdan uzatilishga tayyor turibdi. Bilsangiz¸ ilgari hatto filmda Asomov ovoz bergan joyi bo‘lsa kesib tashlaganmiz¸ dedi "Yoshlar" telekanali tahririyatidagi Ozodlik manbasi.

O‘zbekistonda taniqli xonanda va qiziqchilar konsertini uyushtirish bilan shug‘ullanuvchi Ravshanbek Omonovning Ozodlikka bildirishicha¸ Asomov 26 sentabr kuni Isroildagi gastroldan qaytib kelgan kuni norasmiy taqiq bekor qilinganidan voqif bo‘lgan:

- Telefon qilib aytishdi¸ bundan oldin Asomovning turmush o‘rtog‘i bundan voqif qilindi. Shu paytgacha Asomov to‘ylarda va mamlakat tashqarisidagi sahnalarda faoliyat ko‘rsatib keldi. Bundan buyon O‘zbekistondagi katta sahna va telekanallar "kulgi qiroli"ga eshik ochadi deb o‘ylayman¸ dedi Omonov Ozodlik bilan suhbatda.

26 sentabr kuni O‘zbekiston shou dunyosiga yaqin shoir Muhammad Ismoyil o‘zining Facebookdagi sahifasida uch nafar taniqli san’atkor zimmasidan taqiq olib tashlanganini yozdi.

“KEYINGI SOATLARDA YAXShI YAXShI XUSHXABARLAR QULOG‘IMGA CHALINAYaPTI : NAVOIY MUKOFOTI SOVRINDORI, O‘ZBEKISTON XALQ ARTISTI, SAN’ATIMIZ QIROLI SHERALI JO‘RAEV, O‘ZBEKISTON XALQ ARTISTI YULDUZXONIM USMONOVA, O‘ZBEKISTONDA XIZMAT KO‘RSATGAN ARTIST, DO‘STIMIZ OBIDJON ASOMOVLAR YANA KATTA SAHNALARIMIZGA QAYTISHAYOTGAN EKANLAR"¸ deb yozdi Sherali Jo‘raev bilan yaqin aloqada ekani aytiladigan Muhammad Ismoyil.

Yozuvchi Muhammad Ismoyilning sahifasi
Yozuvchi Muhammad Ismoyilning sahifasi

Prodyuser Ravshanbek Omonovning aytishicha¸ “O‘zbekiston xalq artisti" unvoni sohiblari Ortiq Otajonov va Bobomurod Hamdamovga ham katta sahnaga qaytishga izn berilgan.”

Suhbatdoshga ko‘ra¸ keyingi o‘n yillar ichida¸ “Ortiq Otajonov ilk marotaba davlat tadbirlari doirasidagi kontsetrga taklif qilingan.”

Ozodlik bu iddaolar ortidan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga telefon qilib¸ bu xabarlarga oydinlik kiritishni so‘radi.

O‘zini Komiljon Safarov deb tanishtirgan mulozimning ta’kidicha¸ Obid Asomov¸ Yulduz Usmonova va Sherali Jo‘raevlarni katta sahnaga qaytarish borasida hozircha alohida farmoyish bo‘lmagan:

- Siz aytgan san’atkorlar litsenziya bo‘limi orqali konsert faoliyati uchun davlat belgilagan tarzda lizenziya olib faoliyat qilib kelmoqda. Ularning darajasi ko‘tarilgani yoki pasaygani haqida alohida ko‘rsatma bo‘lmadi¸ deya ta’kidladi mulozim.

Ozodlik Yulduz Usmonova hamda Sherali Jo‘raevlar bilan ham bog‘lanishga urindi.

Yulduz Usmonovaning ma’muri "hech qanday muammo yo‘q" degan gap bilan suhbatni kalta qildi.

Sherali Jo‘raevga yaqin manbaning aytishicha¸ “xofiz Aleksandr Dyumaning "Graf Monte Kristo" asari qahramoni qamoqdagi Edmond Dantes kabi umid bilan ertani kutmoqda”.

“Zapret”dagi mashshoqlar

Keyingi o‘n yil davomida O‘zbekistonda o‘nga yaqin ashulachi litsenziyadan mosuvo qilinib¸ shou biznesdagi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Farrux Zokirov¸ Sherali Jo‘raev¸ Yulduz Usmonova ¸ Obid Asomov¸ Sevara Nazarxon¸ Shahzoda Matchonova¸ Shohruh rep¸ Feruza Jumaniyozova¸ Otabek Madrahimov¸ Ozoda Nursaidova¸Farrux Soipov kabi san’atkorlarga qo‘yilgan norasmiy taqiq sabablari jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ aksar hollarda ashulachilarning davlat tadbirlari va mulozimlar to‘ylariga bormagani muammoga sabab bo‘lgan.

Toshkentdagi eng katta “Istqilol” konsert zalida ishlaydigan ma’murning Ozodlikka aytishicha¸ Sherali Jo‘raev, Yulduz Usmonova hamda Abdulaziz Karimov kabi qo‘shiqchilar bilan shartnoma tuzmaslik borasida yuqoridan berilgan og‘zaki buyruq asosida bu san’atkorlar katta konsert sahnalariga qo‘yilmay kelindi.

Bu suhbatdosh bunday buyruqning aynan qaysi tashkilotdan tushganini ochiqlashni istamadi.

XS
SM
MD
LG