Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:24

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri o‘g‘lining "josuslik faoliyati" jamoatchilikka oshkor etildi


Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Amangeldi Muraliev
Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Amangeldi Muraliev

Yaqin qo‘shni davlatlardan biri foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib 22 yilga qamalgan qirg‘iz hukumatining sobiq amaldori Altinbek Muraliev ishiga oid ayrim tafsilotlar matbuotda e’lon qilindi. Biroq Altinbek Muraliev josuslik qilgan “yaqin qo‘shni davlat” nomi davlat siri sifatida e’lon qilinmayapti. Josuslikda ayblangan shaxs Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Amangeldi Muralievning o‘g‘lidir.

Qirg‘iziston matbuotiga sizdirilgan ma’lumotlarda aytilishicha, Altinbek Muraliev yaqin qo‘shni davlatlardan birining maxsus xizmati bilan bir necha yil davomida hamkorlik qilgan va xorij razvedkasiga davlat siri hisoblangan 400ta hujjatni topshirishga ulgurgan.

Ochiqlangan ma’lumotlarda Qirg‘iziston hukumatining tashqi siyosat bo‘limiga rahbarlik qilgan Altinbek Muraliev yaqin qo‘shni davlat maxsus xizmatidan dastlabki yillari har oyda ming dollardan, oxirgi paytlarda esa ikki ming dollardan xizmat haqqi olib turgani bildirilgan.

Davlat siri hisoblangan hujjatlarning barchasi tashqi siyosatga oid bo‘lgan. Mazkur hujjatlar orasida qo‘shni davlatlar bilan paydo bo‘lgan muammolarga oidlari ham bo‘lgan.

“Delo №” gazetasining yozishicha, buning oqibatida Qirg‘iziston hukumati katta ziyon ko‘rgan va qo‘shni davlat bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bir qator muzokaralarda muvaffaqiyatsizlikka erishilgan.

Vatanga xiyonatda ayblanib 22 yilga qamalgan Altinbek Muralievningg otasi, Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Amangeldi Muraliev matbuotda o‘g‘lining jinoyat ishi tafsilotlari oshkor qilinganiga munosabat bildirar ekan, bu gaplarga ishonmasligini aytdi:

-O‘g‘lim hukumatda ishlayotganda siyosiy o‘yinlar bo‘lgan. Kurashayotgan ikki tomon o‘rtasida ur kaltakka yo‘liqqan o‘g‘lim bo‘lib qoldi. Boshidanoq unga tergovchilar “bizning ssenariymiz bo‘yicha ko‘rsatma berasan”, deb shart qo‘yishgan. Uning oldiga bir oy mobaynida men yollagan advokatlarni kiritishmadi. Tergov jarayonida unga nisbatan psixotrop moddalar qo‘llanilgan, degan gumonim bor. Jinoyat ishida o‘g‘limning aybini bevosita tasdiqlaydigan birorta bir dalil-isbot yo‘q, -dedi Amangeldi Muraliev.

U o‘g‘li qaysi davlat foydasiga josuslik qilganlikda ayblanayotgani to‘g‘risida ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Matbuotga sizdirilgan ma’lumotda ham Altinbek Muraliev qaysi davlat foydasiga josuslik qilgani aytilmagan, faqat” yaqin qo‘shni davlat foydasiga josuslik qilgan”, degan gaplar yozilgan.

Ma’lumotda aytilishicha, Altinbek Muraliev 1999-2004 yillarda Turkiyada o‘qib yurgan paytda "o‘sha yaqin qo‘shni davlat maxsus xizmatining nazariga tushgan". 2010 yildan boshlab Altinbek Muraliev yaqin qo‘shni davlat foydasiga jolsuslik qila boshlagan. U davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni maxsus kompyuter dasturlari orqali qo‘shni davlatga yuborib turgan.

Matbuotda aytilishicha, Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi 2010 yildan boshlab Altinbek Muraliev faoliyatini kuzata boshlagan. Qo‘mita Muraliev qo‘shni davlat maxsus xizmatlarining odamlari bilan Qirg‘iziston xududida yashirin kvartiralarda 4 yil mobaynida uchrashib kelganini aniqlagan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Altinbek Muraliev jinoyat ishining tafsilotlari matbuotda e’lon qilinganiga munosabat bildirishdan tiyildi. Shuning uchun ham “Nega Altinbek Muraliev o‘sha paytdayoq qo‘lga olinmagan va unga 4 yil davomida davlat sirlarini qo‘shni davlatga berib turish imkoniyati yaratilgan?” degan savol ochiq qolmoqda.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi To‘qo‘n Mamitov esa bu savolga quyidagicha tushuntirish berdi:

- Negaki, bu kabi operatsiyalarni amalga oshirish juda ko‘p vaqtni talab qiladi. Uni o‘sha paytda qo‘lga olganlarida hech narsani isbotlay olmagan bo‘lardilar. Uning josus ekani, kim bilan uchrashayotgani, u bilan uchrashayotganlar kim ekani haqida aniq ma’lumotlar paydo bo‘lmagunicha qo‘lga olish mumkin emas edi, -dedi To‘qo‘n Mamitov.

Altinbek Muraliev 2014 yilda qo‘lga olingan va uning ishi sudda shu yilning boshida ko‘rib chiqilgan. Bishkek shahar Birninchi May tuman sudi Altinbek Muralievni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Biroq yaqinda Bishkek shahar sudi bu ishni qayta ko‘rib chiqib, uni 22 yillik qamoqqa hukm qildi.

XS
SM
MD
LG