Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:41

Taxt ustida o‘lgan hukmdorlar


O‘zbekistonni 27 yildan buyon boshqargan prezident Islom Karimov insultni boshdan kechirdi. Tahlilchilar, agar Karimov bundan buyon prezidentlik vazifasini bajarolmay qolsa, uning o‘rnini kim egallashi mumkinligini muhokama qilmoqdalar.

Shu asnoda boshqa avtoritar mamlakatlarda hukmdor o‘lganidan keyin hokimiyat uchun kim va qay yo‘sinda kurashgani ëdga olinmoqda.

Haydar Aliev, Ozarbayjon

Haydar va Ilhom Alievlar.
Haydar va Ilhom Alievlar.

Haydar Aliev Ozarbayjonga 1993 yilda prezident bo‘ldi va bu mansabda 10 yil o‘tirdi. Aliev 2003 yili uchinchi muddat prezidentlikda qolishni rejalab turganida¸ uning sog‘lig‘i pand berdi. U avvaliga Turkiya, keyin esa AQShga davolanishga ketdi va o‘sha yerda 12 dekabr kuni olamdan o‘tdi.

Haydar Alievni mamlakatda avtoritar tartib o‘rnatganlikda ayblab keladilar. Transparency International reytingiga muvofiq, Ozarbayjon korrupsiya darajasi bo‘yicha shu kunda dunyoda 119-o‘rinda turadi.

2002 yili Ozarbayjonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Bu o‘zgartishlar mamlakat prezidenti o‘lgan taqdirda bosh vazirga prezident kursisini egallash imkonini berdi.

2003 yil avgustida esa Haydar Alievning o‘g‘li Ilhom bosh vazir etib tayinlandi.

Navbatdagi prezident saylovidan ikki hafta avval – 2003 yil oktyabrida Ozarbayjon davlat televideniesi orqali Haydar Alievning xalqqa murojaati o‘qib eshittirildi. Unda katta Aliev o‘g‘li foydasiga saylovdan o‘z nomzodini olib tashlashini bildirdi.

Human Rights Watch xalqaro tashkiloti o‘sha paytda saylovlar kichik Aliev foydasiga soxtalashtirilganini yozib chiqdi. Mazkur guruhga ko‘ra¸ mahalliy amaldorlar ochiqchasiga Alievga tarafkashlik qilgan¸muxolifat namoyishlari taqiqlangan va ishtirokchilar sonini cheklash harakatlari kuzatilgan¸ politsiyachilar yuzlab muxolifatchini hibsga olgan yoki kaltaklagan.

O‘shandan buyon Ilhom Aliev prezidentlikka ikki marta qayta saylandi va u haligacha Ozarbayjonni boshqarib kelmoqda.

Saparmurod Niyozov, Turkmaniston

Turkmaniston Vazirlar mahkamasi, markazda – prezident Saparmurod Niyozov, 1994 yil 1 yanvari.
Turkmaniston Vazirlar mahkamasi, markazda – prezident Saparmurod Niyozov, 1994 yil 1 yanvari.

Saparmurod Niyozov Sovet Turkmanistoniga 1985 yilda rahbar etib tayinlandi. 1990 yili u prezident saylovida¸ rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 98,5 foiz ovozini olib¸ g‘olib deb topildi. 1992 yilda mustaqil Turkmaniston o‘z konstitutsiyasini qabul qildi va Niyozov yana 99,5 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozondi.

1994 yilgi referendumda Niyozov vakolatlari saylovsiz 2002 yilgacha uzaytirildi. 1999 yilga kelib esa mamlakat parlamenti “Turkmanboshi” nomini olgan Niyozovning umrbod prezident bo‘lishi uchun ovoz berdi.

Niyozovning yagona o‘g‘li 2006 yilgi bitta voqeani istisno qilganda Turkmaniston siyosiy hayotida mutlaqo ishtirok etmadi. O‘shanda u birinchi va oxirgi marta Turkmaniston nomidan Birlashgan Arab Amirliklari vakillari bilan muzokaralar olib borgandi.

Ayrim tahlilchilar katta Niyozov o‘g‘lini prezidentlikka tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgan edilar. Biroq 2006 yil dekabrida Saparmurod Niyozov to‘satdan vafot etganda uning o‘g‘li prezident sayloviga hatto o‘z nomzodini ham qo‘ymadi.

Turkmaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, Niyozov o‘limidan keyin mamlakatni parlament raisi boshqarishi lozim edi, biroq unga nisbatan xizmat vazifasini suiiste’mol qilganlik bo‘yicha jinoyat ishi ochildi va u siësiy maydondan chetlatildi.

Bu harakatdan so‘ng Vazirlar mahkamasi raisining sobiq muovini va sobiq sog‘liqni saqlash vaziri¸ turkmanboshi dafn marosimiga bosh-qosh bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov esa mamlakat prezidentiga aylandi.

Keyinchalik Berdimuhamedov 2007 yilgi prezident saylovida 89,23 foiz va 2012 yilgi saylovda esa 97,14 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

Niyozov davrida Turkmaniston dunyodagi eng repressiv mamlakatlardan biriga aylangan edi.

Hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Berdimuhamedov o‘z salafi shaxsiga sig‘inishni susaytirishga qaratilgan islohotlar o‘tkazdi. Human Rights Watch bayonotiga ko‘ra, Berdimuhamedov ham mamlakatda cheksiz hokimiyatiga ega hamda siyosiy va ijtimoiy turmushning barcha jabhalarini to‘laligicha nazorat qiladi.

Kim sulolasi, Shimoliy Koreya

Pxenyandagi Kim Ir Sen va Kim Chen Ir portretlari, 2016 yil 6 mayi.
Pxenyandagi Kim Ir Sen va Kim Chen Ir portretlari, 2016 yil 6 mayi.

Kim Ir Sen Shimoliy Koreyaga mamlakat 1945 yilda shimol va janubga bo‘lingani paytdan boshlab rahbarlik qildi. Uning lavozimi nomlanishi Shimoliy Koreya Muvaqqat Xalq Qo‘mitasi Raisidan tortib Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi, mamlakat Vazirlar mahkamasi raisi va prezidentgacha almashib turdi.

So‘nggi nomdagi lavozimni u 1972 yil dekabrida egalladi. Hukmronlik davri boshlarida Kim Ir Sen va uning safdoshlari mamlakatda shaxsga sig‘inish unsurlari bo‘lgan totalitar tartib o‘rnatdi.

Partiyaning 1980 yilgi 6-qurultoyida Kim Ir Sen o‘z o‘g‘li Kim Chen Irni voris o‘laroq e’lon qildi. Kim Chen Ir KXDRda turli yuqori lavozimlarni egalladi, 1991 yili esa otasidan Koreya Xalq Armiyasi oliy bosh qo‘mondoni vakolatini oldi.

Kim Ir Sen 1994 yil 8 iyulida yurak xuruji tufayli hayotdan ko‘z yumganidan keyin Kim Chen Ir uning o‘rnini rasman egalladi. Prezident (1998 yili unga “KXDRning abadiy prezidenti” maqomi berilgan) o‘limi munosabati bilan uch yillik motam e’lon qilindi.

Kim Chen Ir hukmronligida ham xuddi otasining davrida bo‘lgani kabi mamlakat rahbarini alqash va ilohiylashtirish siyosati davom etdi.

Aytilishicha¸ Kim Chen Ir go‘yo vorislikka katta o‘g‘li Kim Chon Namni tayyorlab yurgan, biroq u 2001 yili Yaponiyada soxta pasport bilan chegaradan o‘tishga uringan paytda ushlanganidan keyin prezidentning bu boradagi fikri o‘zgargan. Taxminlardan biriga ko‘ra, Kim Chon Nam o‘shanda Yaponiyaga Disneylendni ko‘rish uchun o‘tmoqchi bo‘lgan.

2009 yili (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra esa 2007 yilda) Kim Chen Ir partiya rahbariyatiga ikkinchi o‘g‘li Kim Chen Unni o‘ziga voris etib tayinlashga qaror qilganini bildirgan.

2011 yil 17 dekabrida Kim Chen Ir vafot etganidan keyin aynan u KXDR oliy rahbariga aylandi.

Huquq faollariga ko‘ra, Kim sulolasi o‘z hukmronligi davrida KXDR vatandoshlarining asosiy haqlarini keskin cheklab kelmoqda. 2014 yili BMT komissiyasi Shimoliy Koreyada inson huquqlarining buzilishi dunyoning boshqa hech bir erida yo‘qligini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG