Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:01

O‘zbek jangarilari Turkmaniston yaqinidagi tumanga hamla qildi


Javzjon viloyatida toliblarga qarshi jang qilayotgan ko‘ngillilar
Javzjon viloyatida toliblarga qarshi jang qilayotgan ko‘ngillilar

Afg‘oniston shimolidagi Turkmaniston bilan chegaradosh Jauzjon viloyati rasmiylariga ko‘ra, o‘zbekistonlik jangarilar etakchiligidagi 500ga yaqin toliblar viloyat janubidagi Qo‘sh Tepa tumaniga hamla qilganlar. Viloyat hokimi Ozodlik bilan suhbatda hozirda tumanning turli hududlarida jangarilar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida "besh kundan buyon kuchli to‘qnashuvlar" borayotganini aytdi.

Uning ma’lum qilishicha, to‘qnashuvlarda toliblardan 20dan ziyod va hukumat kuchlaridan uch kishi halok bo‘lgan.

O‘zbekistonlik jangarilar boshliq toliblar hujumi boshlanishidan bir kun o‘tib O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi prezident Islom Karimov raisligida Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlardagi vaziyatni muhokama qilgan edi.

Termiziy guruhi

Jauzjon viloyati hokimi Rahmatulloh Aziziyning Ozodlikka aytishicha, 500ga yaqin Tolibon jangarilari viloyat markazidan 100 kilometr janubda joylashgan Qo‘sh Tepa tumaniga 26 iyul oqshomida uch tarafdan hamla qilganlar.

U jangarilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi janglar shiddati pasaymaganini aytdi.

Rahmatulloh Aziziy so‘zlariga ko‘ra, hukumat kuchlariga AQSh boshchiligidagi ittifoqchi kuchlar havodan dastak bermoqda.

Biroq, uning e’tirof etishicha, jangarilarni qishloqlardan tozalash amaliyoti sekin bormoqda zero hukumat qo‘shinlari tinch aholi orasida talafotlar bo‘lishini istamaydi.

Rahmatulloh Aziziyga ko‘ra, jangarilarga "o‘n nafar atrofida" o‘zbekistonlik yetakchilik qilmoqda.

U shuningdek jangarilar safida pokistonlik va mahalliy toliblar borligini bildirdi.

Ammo, Qo‘sh Tepa tumanidagi arbakiylar (Ozodlik izohi: hukumat saflarida jang qilayotgan ko‘ngilli yarim harbiylar) qo‘mondoni Hoji Ubaydulloh Ozodlik bilan suhbatda tolibon saflaridagi o‘zbekistonlik jangchilar adadi 50 nafar atrofida ekanini aytdi.

Uning aytishicha, mahalliy aholi orasida o‘zbek jangarilari "Termiziy guruhi" nomi bilan tanilgan.

Afg‘onistonlik kuzatuvchilarga ko‘ra, "Termiziy guruhi" jangarilari "O‘zbekiston Islomiy Harakati" qoldiqlari bo‘lishi mumkin.

Afg‘on rasmiylari Qo‘sh Tepa Jaujzon viloyatidagi ovloq tuman hisoblansa-da, strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega ekanini aytadilar.

Ushbu tuman Jauzjon, Faryob va Sari Pul viloyatlari tutashgan hududda joylashgan.

O‘zbekiston janubiy sarhadlari

Afg‘oniston shimolida jangarilarning faollashuvi O‘zbekiston hukumati mamlakat janubiy sarhadlarida "xavfsizlikni ta’minlash, tahdid va xavf -xatarlarni bartaraf etish"ga jiddiy e’tibor qaratayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi mamlakat rahbari Islom Karimov raisligida 27 iyul kuni janubiy chegaralardagi vaziyatni muhokama qilgandi.

Bu haqda xabar qilgan O‘zA axborot agentligiga ko‘ra, Xavfsizlik kengashi majlisida “mamlakatning janubiy sarhadlarida xavfsizlikni ta’minlash, tahdid va xavf-xatarlarni bartaraf etish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etilgan”.

Aytilishicha, majlisda hukumat va tegishli idoralar rahbarlari ishtirok etgan.

O‘zbekistonning janubdagi qo‘shnisi Afg‘oniston bo‘lib, 137 kilometrga cho‘zilgan chegara Amudaryo bo‘ylab o‘tadi.

XS
SM
MD
LG