Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:40

Toshkent sirki asoschisi Toshkentboevning yubileyini o‘tkazishga pul topilmadi


O‘zbek sirki asoschisi Toshkentboy Egamberdiev sulolasi
O‘zbek sirki asoschisi Toshkentboy Egamberdiev sulolasi

O‘zbek sirki asoschisi Toshkentboy Egamberdievning 150 yilligi va Toshkent sirkining 100 yillik to‘yi pul ajratilmagani bois nishonlanmaydigan bo‘ldi. 3 mart o‘zbek tsirki asoschilaridan biri 1963 yil olamdan o‘tgan Toshkentboy hoji Egamberdievning tavallud kuni va ayni paytda Toshkent sirkiga asos solingan kundir.

Toshkent sirki rahbarlaridan biri Rustam Xametovning Ozodlikka aytishicha, bu tarixiy ikki sana nishonlanmaydi:

- Pul ajratilmadi¸ bo‘lmasa rejada bor edi. Hozir sirkda Toshkenboevlardan hech kim yo‘q. Bu sulolaning so‘nggi vakillari ham bizdan bo‘shab ketdi. Hozir faqat Zaripovlar sulolasi ishlayapti, - deydi suhbatdosh.

Shu kunlarda Toshkentdagi sirk binosida muntazam o‘zbek sirki artistlarining dasturi namoyish qilinmayapti.

Sirk binosi Yoqutistondan kelgan truppaga vaqtincha ijraga berilgan. Sirk artistlari sharoit yo‘qligi va oyliklar ozligidan shikoyat qilishadi.

Toshkent sirkidagi nochor ahvol bois, o‘tgan yili Rossiyaning afsonaviy "Yuriy Nikulin” nomidagi sirki Toshkent shahriga gastrol safarini bekor qilgan edi.

Toshkent sirkida 11 yil ishlagan chavandoz Mixail Kalislomovning aytishicha¸ sirkdagi holat to‘qsoninchi yillardagidan yaxshiroq:

- To‘qsoninchi yillarda otlarga yem topa olmaganmiz¸ hayvonlar ochlikdan ingragan. Hozir endi sirk o‘z binosini ijaraga berib bo‘lsa ham muammolarni yechyapti. Lekin davlat ham ko‘mak berishi kerak. Toshkentboev kabi afsonaviy ustozning yubileyiga pul topilmagani meni achintirdi¸ - deydi ayni sirkda 11 yil ishlagan va hozirda Germaniyada yashayotgan Mixail Kalislomov.

Chavandoz Mixail Kalislomov
Chavandoz Mixail Kalislomov

​Suhbatdoshga ko‘ra¸ o‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida Toshkent davlat sirki binosi qad rostlagan. Bu yerda hozirgi kungacha nafaqat mahalliy, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlar sirklari ham o‘z tomoshalarini namoyish etib kelyapti.

Mixail Kalislomovning ta’kidlashicha, “O‘zbekdavlatsirk” birlashmasi tashkil etilgandan so‘ng asosiy e’tibor o‘zbek sirki milliyligini ta’minlashga qaratilgan:

- Biroq bu borada bir qancha muammolar bor. Milliy kadrlar yetishmasligi o‘zbek xalqi an’analarini sirk orqali kengroq targ‘ib etishga to‘sqinlik qilmoqda. Sirk artistligi tor mutaxassislik bo‘lgani uchun mahalliy millat vakillari orasida sohaga qiziquvchilar kam. Borlari ham iqtisodiy ahvolni ro‘kach qilib, sirkni tashlab ketish holatlari uchrab turadi¸ - deydi suhbatdosh.

Kalislomovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda sirk chiptalari bahosi boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha arzon:

- Hayvonlar ishtirokidagi sirklar tomosha ko‘rsatganda chiptalar biroz qimmatlashadi. Chunki hayvonlarni boqish katta xarajat talab etadi. Bugungi qiyinchiliklarga qaramasdan men o‘zbek sirkining ertasi bor, bu ijodiy jamoaning istiqboli porloq deb bilaman, - deydi suhbatdosh.

Hoji dorboz boshlagan yuz yillik tomosha

Ilk sirk tomoshalari 1914 yilda Samarqand va Toshkentda ko‘rsatilgani aytilsada, turg‘un sirk tomoshasining ilk taqdimoti 1916 yilda bo‘lgani aytiladi.

1942 yilda Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan bir paytda sobiq SSSRda birinchi bo‘lib Toshkentda milliy sirk jamoasi tuzilgan.

Bu sirk tomoshalari Toshkentboy Egamberdiev truppasi asosida tuzilgan.

1866 yilning 3 martida Andijonning Asaka tumanida tug‘ilgan Toshkentboy Egamberdiev o‘spirin paytida otasiga ergashib, Hajga borgan va Madina shahrida dorbozlarga shogird tushgan.

Shu bois, u xalq orasida Hoji dorboz deb nom chiqargan. Hoji dorboz arqon o‘rniga sim tortgani uchun simboz, degan ismga ham noyil bo‘lgan.

Toshkentboy Egamberdiev 1908 yilda Turkiston o‘lkasining eng mashhur dorboziga aylanib oltin medal bilan taqdirlandi.

1909 yilda Buxoro amirining o‘zi unga zarbof chopon yopib oltin tangalar bilan siylagani aytiladi.

1916 yilda Toshkentboy Egamberdiev o‘zining Qodirjon¸ Shokirjon va Obidjon ismli o‘g‘illari bilan O‘zbekiston bo‘ylab muntazam tomoshalar bera boshlaydi.

1935 yilda san’atkor Leningrad sirkiga taklif qilinadi.

1937 yilda Toshkentboy Egamberdievga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni beriladi.

To sakson yoshga kirgunicha Toshkentboy Egamberdiev dordan tushmaydi. 1956 yilgacha Toshkent sirkiga rahbarlik qiladi.

Hoji dorboz sifatida tanilgan san’atkor 1963 yili 97 yoshida olamdan o‘tadi.

Asakadagi istirohat bog‘iga Toshkentboy Egamberdiev nomi berilgan.

XS
SM
MD
LG