Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:49

Pastdarg‘omda 8-sinf o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ydi


Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 82-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Rustam Qosimov 22 yanvar kuni o‘z hayotiga nuqta qo‘ydi. Taxminlarga ko‘ra, 15 yashar bolaning o‘z joniga qasd qilishiga oiladagi nosog‘lom muhit sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bundan bir yil avval ayni maktabning yana bir o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ygan edi.

Shu yilning 22 yanvar kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi 82-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Rustam Qosimov o‘zini osib o‘ldirdi. Bu haqda Ozodlikka Pastdarg‘om tumani Xalq ta’limi bo‘limi mutasaddisi xabar qildi.

“Bolaning nobud bo‘lishida maktab ma’muriyatining ham qisman aybi bor. Yuqoridan kelgan tekshiruvchining og‘zini moylash maqsadida maktab direktori Zamira Usmonova o‘qituvchilardan pul yiqqan. Rustamning onasi ham o‘qituvchi sifatida “o‘lpon”ga o‘z hissasini qo‘shgan. Shu kun Qosimovlarning uyida pul tufayli janjal chiqib, Rustamning otasi xotinini o‘lasi qilib urgan. O‘quvchi esa onasini qutqarish maqsadida qo‘shninikiga o‘g‘irlikka tushgan. O‘g‘irlik fosh bo‘lgach, bola o‘z joniga qasd qilgan”, deydi Ozodlik manbasi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rustam Qosimov astma xastaligi bilan og‘rigan, maktabdagi reyting ko‘rsatkichlari birmuncha past bo‘lgan. Onasi o‘qituvchi bo‘lishiga qaramay oiladagi nosog‘lom muhit tufayli o‘quvchi e’tiborsiz qoldirilgan.

Samarqand viloyati prokuraturasi qoshidagi voyaga yetmaganlar bo‘yicha komissiya mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda viloyatda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlikning kamaygani asnosida suiqasdlar ko‘lami pasaymayotganini ta’kidladi.

Pastdarg‘om tumanidagi 82-maktabda o‘quvchining o‘z joniga qasd qilishi hodisasi ilk bor ro‘y berayotgani yo‘q. 2014 yilning 21 oktyabrida ayni maktabning 7-sinf o‘quvchisi Sohiba Turimova ham mahalliy dala shiyponlaridan birida o‘zini osib qo‘ygan edi.

Maktab o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari keyingi paytlarda O‘zbekiston bo‘ylab ko‘payayotgani e’tiborlidir.

Bir oy avval, 2015 yilning 21 dekabr kuni Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi Tibbiyot kollejining 3-kurs o‘quvchisi Sevara Obloqulova o‘z hovlisining ikkinchi qavatidagi zinapoya panjarasiga osilgan holda topilgan edi.

Oktyabr o‘rtalarida Qoraqalpog‘istondagi Ellikqa’la akademik litseyining 3-kurs o‘quvchisi Mansur Matyoqubov paxta dalasida o‘zini jiyda daraxtiga osib qo‘ygan edi.

31 iyul kuni Samarqandning Payariq tumani Burxut fuqarolar yig‘ini Ayuvcha qishlog‘ida yashovchi 17 yashar o‘quvchi qiz 63 yashar hamqishlog‘i tomonidan jinsiy zo‘rlanganidan so‘ng molxona ayvonining to‘siniga o‘zini osgan edi.

May oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 93-maktabning 7- sinfida o‘qigan o‘quvchi qiz ham o‘z joniga qasd qildi.

11 aprel kuni esa Jizzax shahridagi 5-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi.

XS
SM
MD
LG