Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:06

O‘zbekiston hukumati nima uchun o‘z mamlakatdoshlarini bu qadar yomon ko‘radi? (Blog)


“Juma kuni o‘g‘lim haydovchilik guvohnomasiga imtihon topshirdi. Yakshanba kuni mashinada Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqdik. Seshanba kuni Shvetsiyaning Vengriyadagi elchixonasiga kirib, 10 daqiqada haydovchilik guvohnomasini olib chiqdi o‘g‘lim”, deb hikoya qilgan edi Shvetsiyada yashayotgan siyosiy muhojir, O‘zbekistondagi bir qator nashrlarda muharrirlik qilgan Muqimjon Mahmudov 2015 yilning 8 avgustida OzodNazarga suhbat berarkan.

Albatta, Shvetsiyaning “GAIsi” bu mamlakatning Vengriyadagi elchixonasida joylashgan emas.

Elchixona xodimlari o‘zlarining xizmat vazifalarini bajardi - mamlakatdoshining masalasini hal qildi xolos: ular Muqimjon Mahmudovning o‘g‘li imtihon topshirgan muassasa bilan bog‘landi, imtihondan o‘tganini, uning haydovchilik guvohnomasi olishi mumkinligini bildi va guvohnoma nusxasini qochqinning o‘g‘liga tutqazdi.

Endi tasavvur qiling: Muqimjon Mahmudov oilasi bilan Shvetsiyada emas, Rossiyada. Qo‘llarida O‘zbekiston pasporti. Pasport nobiometrik...

Kecha Ozodlikka Telegramdan kelgan savollardan biri yana pasport bilan bog‘liq edi.

O‘zbekistonlik ayol bir necha yildan beri bitta bolasi bilan Sankt-Peterburgda tirikchilik o‘tkazayotgani, qo‘lidagi 2028 yilgacha berilgan pasporti nobiometrik ekanini yozibdi.

Ayol biometrik pasport olishi zarurligini, buning uchun avval “O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma” olishi zarurligini, buning uchun 6 yashar o‘g‘li bilan Moskvaga borishi zarurligini yozibdi.

Prinsipda ayol Ozodlikka yozar ekan, so‘raydigan savoli ham yo‘q edi. Hamma narsani o‘zi bilib turibdi.

Ayol Ozodlikka yozib, ichini bo‘shatib oldi, xolos: osmon uzoq, yer qattiq.

Ayolning Moskvaning sovug‘ida izillab elchixona oldida navbatda turishini, betini yuvib-yuvmaganlarga yalinishini, 6 yashar o‘g‘lining izg‘irindan ko‘karganini, farroshlik qilib topgan-tutganini Moskvada kamida bir oy yurib sovurishini, keyin Toshkentga borishini, yangi pasport olish uchun betini yuvib-yuvmaganlarga yalinishini va hokazolarni, va hokazolarni, va hokazolarni tasavvur qildim.

I vsyo eto radi chego?!

Hammasi bo‘lib 25 yildan beri jurnalistlik qilaman.

25 ning 20 yilida Ozodlikda jurnalistman.

Har kuni 6 ta savolga javob izlayman: Kim? Nima? Qachon? Qaerda? Nima uchun? Qanday?

Ko‘pincha topaman javoblarni – topa bilganim uchun ishlab yuribman bu kasbda.

Lekin 20 yildan beri oldimda tez-tez ko‘ndalang bo‘ladigan bitta savolga javob topolganim yo‘q. Savolki, sarlavhaga chiqarilgan savoldir:

O‘zbekiston hukumati nima uchun o‘z mamlakatdoshlarini bu qadar yomon ko‘radi?

XS
SM
MD
LG