Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:30

IShID tashkil qilgan qul bozori, qonunbuzar “Bilayn” va yo‘l noziridan domangir haydovchi


Namangandagi “zapravka”da yonilg‘idan juda katta miqdorda urib qolingan. “Bilayn” kompaniyasi mansabdorlari ma’muriy jazoga tortildi. Surxondaryolik fuqaro yo‘l-patrul xodimini tuhmatda aybladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

IShID tashkil qilgan qul bozorida bokira va norasida qizlarning bozori chaqqon

IShID nazorat qilayotgan hududda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi (“Darakchi”, 14 yanvar). Ismi oshkor etilmagan ayol orzusidagi erkakni ijtimoiy tarmoq orqali Turkiyadan topgan. Shu tariqa u Turkiyaga borib, IShIDga odam yollash bilan shug‘ullanadigan shaxsga turmushga chiqqan. Ayolning aytishicha, jangarilar ayollarga qo‘ldan qo‘lga o‘tadigan xizmatkor sifatida qaragan.

“Ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra, IShID hududlarida tashkil etilgan qul bozorlarida ayollar yoshi, tashqi ko‘rinishi va salomatligiga qarab baholanadi. Xususan, turmush qurmagan, bokira hamda balog‘at yoshiga yetmagan qizlar uchun juda qimmat narx belgilanadi. Har bir sotib olinayotgan ayol bozorning o‘zida tibbiy xodimlar tekshiruvidan o‘tadi... Mazkur “davlat” hududida bo‘lib qaytganlarning hikoya qilishicha, aksariyat ayollar va yosh bolalarning tana a’zolari ularning roziligisiz donorlik uchun olinar, o‘zlarini esa duch kelgan joyga ko‘mib ketisharkan”, deb yozadi Toshkent islom universiteti katta ilmiy xodimi D. Turdieva. Maqolada ayollar IShID fitnalaridan ogoh bo‘lish, shirin yolg‘onlarga uchmaslikka da’vat etilgan.

Namangandagi “zapravka”da yonilg‘idan juda katta miqdorda urib qolingan

Namangan viloyatining shu nomli tumanidagi “Paxtaobod” fermerlarga yoqilg‘i tarqatish shaxobchasida (FYoTSh) yonilg‘idan juda katta miqdorda urib qolingan (“Huquq olamida”, 14 yanvar). Mazkur holat viloyat ichki ishlar boshqarmasi o‘tkazgan tekshiruvda aniqlangan. Shaxobcha mansabdorlari o‘zaro til biriktirib, yonilg‘i quyish uskunasini nosoz holatga keltirib qo‘ygan. Oqibatda har 20 litr dizel yonilg‘isidan 1,1 litr miqdorida kam quyilgan. Shu tariqa 27 ta fermer xo‘jaligi, 4 ta tashkilot va korxonalarning 3000 litrga yaqin yonilg‘isi o‘marilgan. Bundan tashqari, shaxobcha mutasaddilari 2400 litrga yaqin avtobenzin va yana “AI-20” moyini naqd pulga sotib, mablag‘ni o‘zlashtirgan. Jinoiy ishning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan.

Sergeli tumanidan Chilonzor tumani g‘aznasi boyroq

Toshkent shahri Chilonzor tumanining 2016 yildagi daromadi 111 milliard so‘m atrofida bo‘ladi (“Toshkent oqshomi”, 13 yanvar). Tuman hokimi T. Mirhidoyatov imzolagan mahalliy byudjet parametrlari haqidagi qarorda ana shu raqam ko‘rsatilgan. Qarorga ko‘ra, tumanning yillik xarajati ham ayni shu miqdorni tashkil etadi. O‘z navbatida, Sergeli hokimi F. Maqsudxo‘jaev ham tumanning yillik daromad va xarajatlarini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, Sergeli tumanining 2016 yildagi daromadi ham, xarajati ham 81,1 milliard so‘mdan.

Surxondaryolik fuqaro: yo‘l-patrul xodimi soxta guvoh yollab tuhmat qildi

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi Furqat Hotamov yo‘l-patrul xizmati inspektori N. Hamidovni soxta guvohlar yollab, tuhmat qilishda aybladi (“Adolat ko‘zgusi”, 14 yanvar). Fuqaro F. Hotamovga ko‘ra, u Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri hududida ketayotganda inspektor N. Hamidov asossiz to‘xtatgan va hujjatlarini olib qolgan. F. Hotamovning da’vosicha, keyinroq “Stop” belgisida to‘xtamadi degan mazmunda dalolatnoma tuzib, ikki soxta guvohga bu borada qo‘l qo‘ydirgan. Haydovchi soxta guvohlarni qidirib, atayin Qashqadaryoga borgan, “guvohlar” uni tanimasliklari va avval ko‘rmaganliklarini aytishgan. Shunga asoslanib, Hotamov inspektorga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Qashqadaryo viloyat prokurori o‘rinbosari O. Fayziev esa inspektor N. Hamidovning harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli jinoiy ish qo‘zg‘atish rad qilinganini bildirgan.

“Bilayn” kompaniyasi mansabdorlari ma’muriy jazoga tortildi

O‘zbekistonda “Bilayn” savdo belgisi ostida faoliyat yuritib kelayotgan “Unitel” va “Coscom” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari mansabdorlariga ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari A. Fayzullaevning “Darakchi” nashriga ma’lum qilishicha, uyali aloqa operatorlari mansabdorlari xizmat ko‘rsatish sifati ko‘rsatkichlarini buzgani uchun jazolangan. Qayd etilishicha, mobil aloqa operatorlari xizmati Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan monitoring va nazorat qilib boriladi.

Yo‘qolgan pasportni 200 dollarga tiklashga va’da bergan ayol firibgar bo‘lib chiqdi

Namangan viloyatida yo‘qolgan pasportni tiklab beraman, degan yolg‘on va’da bilan fuqaroni 200 dollarga chuv tushirgan firibgar ayol ushlandi (“Diyonat”, 14 yanvarь). Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaga ishlagani borgan namanganlik ayol pasportini yo‘qotib qo‘ygan. Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasidan qaytish guvohnomasi olib, yurtiga qaytib kelgan. So‘ng u “ilgari pasport stolida ishlagan” ayolga pasport qildirib berishi uchun 200 dollar pul bergan. Ismi oshkor etilmagan ayol katta mansabdor bilan gaplashib, pasport to‘g‘irlab berishini aytgan. Ammo pirovardida u firibgar bo‘lib chiqqan. Unga tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

Mutaxassislar: it va mushuklardan gijja yuqishi ehtimoli katta

Odam organizmini zaharlovchi gijja xastaligi – gelьmintoz holatlari qayd etilmoqda, shu bois undan ehtiyot bo‘lish lozim. Bir qator matbuot nashrlarida bu borada mutaxassislar maqolasi chop etilgan. Gijjadan saqlanish uchun yosh bolalarning it va mushuklar bilan o‘ynashiga yo‘l qo‘ymaslik, hayvonlarni o‘rin-ko‘rpaga qo‘ymaslik va oshxonaga kiritmaslik uqtirilgan. Shuningdek, uydagi palos va gilamlarni changyutgich yordamida tozalash, sabzavot va mevalarni eyishdan avval yaxshilab yuvish maslahat berilgan.

XS
SM
MD
LG