Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:05

Politsiya Redingdagi o‘zbek o‘limi yuzasidan dastlabki xulosani bildirdi


Britaniyaning Reding shahrida 27 dekabr kuni jasadi topilgan o‘zbekning o‘limini surishtirayotgan politsiya qotillik nafrat asosida sodir etilmagan, degan dastlabki xulosaga keldi. 36 yashar o‘zbekistonlik Bobur Esonov o‘limidan so‘ng uni tanigan-bilgan bir necha o‘zbekistonlik qo‘lga olingan. Marhum bilan bir uyda yashagan yana bir shaxs esa qidiruvda.

Politsiya bir yildan buyon Londondan 50 kilometr g‘arbda joylashgan Reding shahrining London ko‘chasida istiqomat qilgan 36 yashar O‘zbekiston fuqarosi Bobur Esonov o‘limiga irqiy, jinsiy yoki diniy nafrat sabab bo‘lmagan, degan dastlabki xulosani e’lon qildi.

Shaharchada Bob ismi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Esonovning jasadi 27 dekabrь kuni ertalab soat 4:20da o‘zi yashab kelgan ijara uydan topilgan edi.

Avvaliga uning o‘limi sabablari qorong‘u qolayotgan edi. 31 dekabr kuni marhumning jasadi ochilgach, marhum bo‘g‘ib o‘ldirilgan, degan dastlabki taxmin ilgari surildi.

Hozircha, o‘limning asl sabablari hanuz noma’lum qolmoqda. Politsiya bergan ma’lumotga ko‘ra, yana bir necha tahlillar o‘tkazilmoqda va ularning natijasi bir necha haftalar ichida ma’lum bo‘ladi.

Bobur Esonovning o‘limidan so‘ng uni tanigan-bilgan va u bilan aloqada bo‘lgan bir necha shaxs, asosan, o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi.

Bulardan biri - ismi oshkor etilmayotgan 36 yashar o‘zbekistonlik 31 dekabr kuni hibsga olingan va kafolat puli evaziga, shaharni 2 fevralga qadar tark etmaslik sharti bilan ozod qilingan. Bobur Esonov bilan bir uyda yashagan 24 yoshli yana bir o‘zbekistonlik esa hanuz qidirilmoqda.

Politsiya tergovchisi Saymon Still tergov hali boshlang‘ich bosqichda ekanini aytib, O‘zbekiston fuqarosining o‘limi borasida biror ma’lumotga ega bo‘lgan kishilarni politsiyaga murojaat etishga chiqirgan.

Reding shahrida chop etiladigan “Getreading” gazetasi tergovchi Saymon Stillning "Bob deya tanilgan Bobur Esonovning O‘zbekistondagi oilasi unga nima bo‘lganini bilishni juda istaydi va har qanday ma’lumot tergov uchun muhim", degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi mulozimlari Bobur Esonov o‘limidan xabardor ekanini aytgan, ammo Ozodlik muxbirining boshqa savollarini javobsiz qoldirgan.

Yaqinlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur Esonov Reding shahridagi kafelardan birida ishlagan.

U 1998 yilda O‘zbekiston prezidentining "Umid" jamg‘armasi orqali Britaniyaning Reding shahrida moliya sohasi bo‘yicha ta’lim olgan.

Uch yil Britaniyada o‘qib, O‘zbekistonga qaytgan va "Umid" jamg‘armasi bilan kelishuv doirasida besh yil hukumatga ishlab bergan. So‘ngra yana Britaniyaga qaytgan.

XS
SM
MD
LG